Bugun 27 dekabr, 2025 yil, shanba

КИР

BBC History Extra: «Butun dunyo uchun mayoq»

BBC History Extra: «Butun dunyo uchun mayoq»

Britaniyaning mashhur tarixiy jurnali – "History Extra"da chop etilgan “Meros posbonlari” maqolasida O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi aynan shunday ta’riflanadi.

Materialda Markaz ta’lim va mamlakat tarixiy merosini asrash sohasida yangi davrni boshlab berishi, bugunning o‘zidayoq Yangi O‘zbekistonning eng ulug‘vor madaniy loyihalaridan biri sifatida qaralayotgani ta’kidlanadi. Mualliflar poytaxtning alohida o‘rniga e’tibor qaratgan holda, Toshkentni davrlar muloqoti makoni deb atashadi:

“Qadimiy tarix va zamonaviylik chorrahasida O‘zbekiston poytaxti — Toshkent Yangi O‘zbekistonning eng ulkan madaniy tashabbuslari qatoriga kirgan loyihani amalga oshirishni yakunladi”.

BBC History Extra: «Butun dunyo uchun mayoq»

Maqolada milliy madaniy merosni qaytarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan faoliyatga alohida urg‘u beriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor ta’kidlaganidek, millatning haqiqiy qudrati uning xotirasi va madaniy ildizlarida mujassam bo‘ladi. Shu bois noyob artefaktlarni Vatanga qaytarish va muzey to‘plamlarini haqiqiy milliy meros bilan boyitish ishlari boshlangani qayd etiladi.

Islom sivilizasiyasi markazi oddiy muzey majmuasi emas, balki islom merosining jahon tarixidagi o‘rnini anglash va uni kelajakka integrasiya qilishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli ta’limiy va madaniy megaloyiha sifatida taqdim etiladi.

Shuningdek, Markazni barpo etish g‘oyasi ilk bor 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u nafaqat mamlakat, balki Markaziy Osiyodan tashqari hududlar uchun ham yangi madaniy va ta’limiy kodni shakllantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlangan.

Majmua me’morchiligiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Maqolada 65 metrli gumbazning ramziy ma’nosi va mamlakat hududlarining birdamligini ifodalovchi to‘rt ulkan portal alohida qayd etiladi. Markaziy makon sifatida muqaddas Qur’oni karim zali tilga olinadi, unda YUNESKOning “Jahon merosi” reestriga kiritilgan VII asrga oid Usmon mushafi saqlanadi.

Mualliflar Markaz ekspozisiyasi konsepsiyasini batafsil yoritib, quyidagilarni ta’kidlaydilar:

“Arxeologiya, san’at va texnologiyalar raqamli proyeksiyalar, yorug‘lik, ovoz va interaktiv yechimlar orqali yagona oqimga uyg‘unlashadi”.

Loyihaning ta’limiy ko‘lami ham alohida qayd etilgan: 200 ming kitobga mo‘ljallangan kutubxona, xattotlik maktabi, restavrasiya laboratoriyalari hamda bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan “1001 ixtiro» muzey-laboratoriyasi.

Markazning xalqaro ahamiyati YUNESKO Bosh direktori Xolid al-Anoniyning quyidagi so‘zlari bilan e’tirof etiladi:

“Men ushbu yorug‘ Markaz butun dunyo uchun mayoqqa aylanishini tilayman. U madaniy xilma-xillik, bag‘rikenglik, ochiqlik va O‘zbekistonning insoniyat taraqqiyotidagi o‘rnining haqiqiy guvohi — sivilizasiyalar haqiqiy chorrahasidir!”

History Extra jurnali — BBC History Magazine jamoasining Britaniyaning yetakchi tarixiy jurnali va raqamli platformasi bo‘lib, u jahonning yetakchi tarixchilari tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallar va tadqiqotlarni akademik aniqlik hamda keng xalqaro auditoriya uchun tushunarli uslubda taqdim etadi.

Kiritildi: Bugun 15:26. O'qildi: 320 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!