Bugun 10 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Balo qo‘shaloq keldi: Luvrda yana noxush hodisa

Balo qo‘shaloq keldi: Luvrda yana noxush hodisa

Fransiya ramzlaridan sanalgan Luvr muzeyida yana noxush hodisa ro‘y berdi. Parijdagi mashhur muzey ma’muriyati shov-shuv o‘g‘rilikdan hali o‘zi kelmay turib yana bir ko‘ngilsizlikka ro‘para bo‘ldi. Quvurlardagi nosozlik sabab muzey kutubxonasidagi javonlarni suv bosgan. Oqibatda 400 ga yaqin kitob ziyon ko‘rgan.

Muzey ma’muri o‘rinbosari Frensis Steynbok suv bosishi oqibatida misrshunoslik bo‘limidagi manbalar zarar ko‘rganini ma’lum qilar ekan, kitob va hujjatlar quritilib, qayta muqovalanishini aytgan.

Suv oqishiga sabab bo‘lgan muammo bir necha yildan buyon ma’lum bo‘lib, ta’mir ishi kelgusi yilga rejalashtirilgan edi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 19 oktyabr kuni Luvr muzeyida ro‘y bergan o‘g‘rilik ham shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Parij prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan imperatorlik davriga oid zeb-ziyonat buyumlarining qiymati kamida 88 million yevroga teng. Bu summa faqat bozor bahosi bo‘lib, ularning tarixiy qiymati hisobga olinmagan.

O‘g‘rilikdan so‘ng Luvr muzeyi rahbariyati qolgan noyob asarlar va zargarlik buyumlarini xavfsiz joyga — Fransiya bankining yer ostidagi omborlariga ko‘chirishga qaror qilgan.

Balo kelsa qo‘shaloq keladi deganlaridek, kuppa-kunduzi muzeyni g‘orat qilib ketgan o‘g‘rilar topilmay, kommunal nosozlik bartaraf etilmay turib, yana bir daxmaza chiqib qoldi.

Euronews xabar berishicha, Luvr ishchi-xodimlari 15 dekabrdan e’tiboran noma’lum muddatga ish tashlash e’lon qilmoqda.

Kasaba uyushmasi muzeyda xodimlar yetishmasligi, jihozlar eskirgani va texnik qusurlardan norozi.

Ishchi-xodimlarga ko‘ra, o‘g‘rilik aysbergning uchi, xolos, aslida muzeyda muammolar to‘planib qolgan.

Kasaba uyushmalari binoni modernizasiya qilish, xavfsizlik tizimini takomillashtirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni talab etmoqda.

1793 yilda ochilgan Luvr muzeyi dunyodagi eng yirik va mashhur muzeylardan biri hisoblanadi. Parij markazida, Sena daryosining o‘ng sohilida qad rostlagan moddiy-ma’naviy xazinada G‘arbiy Yevropadan to Eronu Misrga qadar, antik davrdan 1848 yilga qadar — turli davr, turfa jug‘rofiy mintaqalarga oid eksponatlar saqlanadi.

2018 yilda Luvrga rekord darajada — 10 million kishi tashrif buyurgan. 2024 yilda esa ushbu san’at va madaniyat maskanini 8,7 million kishi ziyorat qilgan.

Kiritildi: Bugun 13:08. O'qildi: 168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!