Bugun 10 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

BAA prezidenti 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumdan oldin Netanyaxuni ogohlantirgani aytilmoqda

BAA prezidenti 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumdan oldin Netanyaxuni ogohlantirgani aytilmoqda

Isroilda jurnalistlar Shlomi Eldar va Rut Yuvalning «Garovdagilar: 843 kunlik harakatsizlik» nomli kitobiga oid parchalar e’lon qilinishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Mualliflar kitobda Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon 2023 yil 7 oktyabrdagi ommaviy qotillikdan taxminan o‘n kun oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni ogohlantirganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, HAMAS rahbari Yahyo Sinvar Isroilga qarshi yirik operasiya tayyorlayotgan bo‘lgan. Jurnalistlarning yozishicha, ikki rahbarning telefon orqali suhbati 45 daqiqa davom etgan.

Netanyaxu esa HAMAS operasiyasini G‘arbiy sohilda amalga oshirishini kutgani va Isroil har qanday ssenariyga tayyor ekanini aytgani iddao qilinmoqda.

Kitob mualliflari o‘z ma’lumotlarini Netanyaxuga tanqidiy munosabatda bo‘lgan chap-liberal Haaretz gazetasida qisman e’lon qilingan jurnalistik surishtiruvlarga asoslagan. Ular, jumladan, yuqori lavozimdagi uch nafar xorijlik manba hamda suhbatdan bevosita xabardor bo‘lgan Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning maslahatchisiga tayangan.

HAMAS hujumi haqida ogohlantirish go‘yoki Misr tomonidan ham berilgan. O‘sha paytda Misr razvedkasi rahbari Abbos Kamol Netanyaxu ofisiga HAMAS «g‘ayrioddiy narsa, dahshatli operasiya» tayyorlayotganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, 1 oktyabr kuni Isroil xavfsizlik xizmati — SHABAK rahbari Ronen Bar ham Netanyaxuni HAMAS «ekstremal harakat» tayyorlayotganidan ogohlantirgan va Sinvar hamda HAMASning boshqa rahbarlarini o‘ldirishni tavsiya qilgani aytilmoqda. Eldar va Yuvalning yozishicha, Netanyaxu bu taklifni rad etgan.

Netanyaxu: «Bu mutlaq yolg‘on!»

Mazkur ma’lumotlar bosh vazir saylovoldi kampaniyasi qizg‘in pallaga kirgan bir paytda e’lon qilindi. 27 oktyabr kuni Isroilda yangi parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak.

Muxolifat siyosatchilari Netanyaxuni keskin tanqid qilmoqda. Isroil Bosh shtabi sobiq rahbari Gadi Ayzenkot: «Netanyaxu 7 oktyabrga qadar o‘nlab ogohlantirishlarni olgan va ularning barchasini e’tiborsiz qoldirgan», — dedi.

Parlament saylovlarida «B’YAxad» partiyasidan nomzod bo‘layotgan Yonatan Shalev esa BILD nashriga: «Netanyaxu aniq ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirgani, kuch ishlatar tuzilmalari rahbariyatini ogohlantirmagani va mamlakatni tayyorlamagani uchun shaxsan bevosita javobgar», — dedi.

Biroq Netanyaxu ofisi kitobdagi asosiy ayblovni qat’iyan rad etdi:

«Bu mutlaq yolg‘on! Bosh vazir Netanyaxu ko‘rsatilgan davrda Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti bilan gaplashmagan va undan hech qanday ogohlantirish olmagan».

Quddusdagi Ibroniy universiteti harbiy tarixchisi Denni Orbax esa BILD bilan suhbatda mas’uliyat masalasida nafaqat bosh vazir, balki xavfsizlik tuzilmalari ham javob berishi kerakligini aytdi.

«Xavfsizlik idoralari ham o‘z ogohlantirishlariga qaramay, nega jangovar shaylik darajasini oshirmagani haqida savolga javob berishi kerak. Terroristlarning hujumi ularni ham mutlaqo tayyorgarliksiz holda qoldirdi», — dedi u.

Isroilda 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumgacha bo‘lgan davrda xavfsizlik bo‘yicha berilgan ogohlantirishlar e’tiborsiz qoldirilgani uchun kim mas’ul ekani masalasi endi mamlakatdagi saylovlarning hal qiluvchi mavzularidan biriga aylanishi mumkin.

Kiritildi: 21:52 09.09.2026. O'qildi: 326 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!