Bugun 7 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

Ayol turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tishi joizmi?

A A A
Ayol turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tishi joizmi?

Universitetdagi odatdagidek kunlardan biri. Dars boshlanishini kutib o‘tirar ekanman, ustoz va bir kursdoshimning suhbati bexosdan qulog‘imga chalinib qoldi. Ular qiz bola turmush qurganidan so‘ng familiyasini o‘zgartirishi haqida bahslashayotgan edilar. Ustozning: “To‘ydan keyin qiz bola turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tishi islomda joiz emas”, degan gapi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Shundan so‘ng bu mavzuni chuqurroq o‘rganishga kirishdim.

Bu odat bizga rus bosqinchilari ta’sirida kirib kelgan va Sobiq Ittifoq davrida majburan ommalashtirilgan, o‘rislar esa bu odatni tabiiyki Yevropadan o‘zlashtirgan. Badiiy adabiyotlarda ham bu haqida ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, «Unesyonnie vetrom»da Skarlet turmush qurgandan keyin ikki familiyali bo‘lib qolgan, deyilgan. Ya’ni u o‘z familiyasidan so‘ng erining ham familiyasini keltirgan holda qo‘llagan. Ammo keyinchalik bu an’anadan butunlay voz kechilgan va «bir oila - bir familiya» degan g‘oyasi ilgari surilgan.

Shuningdek, masalaga diniy tarafdan nazar tashlasak, quyidagilar dalil bo‘la oladi: Qur’oni karimning Tahrim surasi, 10-oyatida «Nuhning xotini va Lutning xotini», deyiladi. Nabaviy Sunnatda kelishicha, Abu Said Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning xotinlari Zaynab Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, kirishga izn so‘raydi. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, bu Zaynab, sizning oldingizga kirishga izn so‘rayapti», deyishdi. U zot: «Zaynablarning qaysi biri», deya so‘radilar. «Ibn Mas’udning xotinlari», deya javob qilshganda, «Ha, unga izn beringlar!», dedilar. Unga kirishga izn berildi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Endi esa meni o‘ylantirgan savolga javob izlaymiz, ya’ni ayolning turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tishi islomda joizmi yoki joiz emasmi?

- Modomiki, urfda bu hol kishini tanitish yo‘llaridan biri hisoblansa, xotin erning familiyasini olishi joiz ishdir. Faqat sharti shuki, bu shariatda qaytarilgan nasabni da’vo qilish yo‘li bilan bo‘lmasin. Masalan, erning bobosi Ibrohim bo‘lsa, shundan oila Ibrohimov familiyali bo‘lsa, xotin ham men Ibrohim otaning avlodidanman, degan da’voni qilmasin. Ammo shunchaki o‘zini tanitish vositasi o‘laroq, er familiyasiga o‘tishning zarari yo‘q, deydi ustozimiz Mubashshir Ahmad.

Endi masalaga qonuniy jihatdan yondashib ko‘ramiz.

Bizning mustaqqil O‘zbekistonimizda har bir soha qonun doirasida himoya qilinadi. Barcha erkin yashash va fikrlash huquqiga ega. Shu bilan bir qatorda «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish to‘g‘risida»gi qonunning 11 bo‘limiga binoan ixtiyoriy ravishda har bir fuqaro familiya, ism, otasining ismini o‘zgartirish huquqiga egadir.

Statistik ma’lumotlarga nazar tashlaymiz.

1994 yilda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, britaniyalik ayollarning 94 foizi turmushga chiqqanlarida erlarining familiyasini olishgan. Yaqinda o‘tkazilgan kichik tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, bu ko‘rsatkich so‘nggi yigirma yil ichida ayniqsa yuqori ma’lumotli va yosh ayollar orasida qisqargan.

2013 yil akademik doktor Reychel Tvay ayollarning 75 foizi o‘z familiyasini o‘zgartirgani aniqladi.

Avstraliyalik ayollarning taxminan 80 foizi to‘ydan keyin turmush o‘rtog‘ining familiyasini olar ekan.

Shu qatori men ham telegram messenjeri orqali xotin-qizlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdim va natijalar quyidagicha tus oldi:  «Qiz bola turmush qurganidan so‘ng familiyasini o‘zgartirishi kerakmi?» mazmunidagi savolga ishtirokchilarning 68 foizi «Ha», 32 foizi esa “Yo‘q” javobini berishdi.

So‘rovnoma jarayonida o‘z fikrini erkin bayon qilgan ayol-qizlarimiz ham uchradi.

«Menimcha, familiyani o‘zgartirishi kerak emas, chunki ayol turmush o‘rtog‘iga singil emas, umr yo‘ldosh bo‘ladi. Inson kimning farzandi ekanligi uning otasining ismi va sharifidan kelib chiqib belgilanadi, ya’ni bu uning qaysi urug‘dan ekanligini belgilaydi. Shajara belgisi hisoblanadi. Insondagi familiya esa otaning otasining ismi, yoki bo‘lmasa bobosi yoki undan oldingi bobosining ismi bo‘ladi. Bundan kelib chiqib, mantiqan fikrlansa, inson qanday qilib o‘z ajdodi ismidan, ya’ni shajarasidan rasman xujjatlashtirilgan holda voz kechishi mumkin?» deydi O‘zDJTU o‘qituvchisi Munisa Abdurahmonova.

Farzona ismli so‘rovnoma ishtirokchisiga ko‘ra, bu masalaning ortiqcha ahamiyati yo‘q, chunki ayol turmush o‘rtog‘ining familiyasidami yoki yo‘qmi, baribir u oilaning teng huquqli a’zosi hisoblanaveradi.

«Ayol kishi ota uyini tark etib, ota izmidan chiqqanidan so‘ng turmush o‘rtog‘iga bir umr eng ishonchli hamroh bo‘ladi. Ayolning o‘z vazifalari bo‘lganidek, turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tish ham oila mustahkamlanishining sabablaridan biri deb bilaman» deydi yana bir ishtirokchi, uy bekasi Nodira Usmonova.

Qisqa qilib aytganda, ayol kishi turmush o‘rtog‘ining familiyasiga o‘tishining (albatta, shariat qoidalariga muvofiq) dinga qarshi jihati yo‘q. Albatta, hammaning o‘z fikri va dunyoqarashi bor. Maqoladan qanday xulosa chiqarishni esa Siz azizlarning ixtiyoringizga qoldiraman.
Nozima Umarali qizi tayyorladi.

Kiritildi: 18:51 07.02.2020. O'qildi: 16736 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!