Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir beva ayol bilan tanishib qoldim, hijob o‘raganiga uch oy bo‘libdi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan. U ayol tez-tez bir marshrut taksisiga chiqarkan. Uni bir haydovchi uchinchi xotin qilib nikohiga olishini aytibdi. Meni hayron qoldirgan narsa nikoh maxfiy bo‘larkan, ya’ni ayolning qarindoshlari va bo‘lajak kundoshlari bu haqda bilmasliklari kerak ekan. Ayol o‘lgan erining uyida qaynonasi va ikki bolasi bilan yashayverar ekan. Ular yashirincha uchrashib turishar ekan. Haydovchi odamning aytishi bo‘yicha, u beva ayolni zinodan saqlamoqchi ekan. Shu ish mumkinmi? Bu holatda u hamma xotinlariga teng muomala qila olmaydi-ku!
Javob: Bismillahir rohmanir rohim.
O‘sha ayolga mazkur haydovchidan boshqa er topilmas ekanmi? Bunaqa ishlarda shoshilmay, maslahat bilan ish ko‘rish kerak. Ayol kishi umri bo‘yi birovga bildirmay, uchinchi xotin bo‘lib, berkinib uchrashib yurishi shartmi?!
Afsuski, ba’zi ayollar diniy gaplarni aytgan odamlarning aldoviga uchishadi. Menga ham bunga o‘xshash xabarlar ko‘p kelgan. Bir odam bir ayolni aldab, hajga olib boraman, u qilaman, bu qilaman deb nikohiga olib, bir kechadan keyin g‘oyib bo‘lgan. Ayol bechora uni topa olmagan. Boshqa er qilay desa, birovning nikohida. Mazkur noinsof hech bo‘lmasa boshini ochib qo‘ymagan.
Bunday holatlarda kengash bilan, surishtirib, bilib ish ko‘rish kerak. Namozni, hajni, qiroatni o‘rtaga qo‘shsagina ishonib ketaverish to‘g‘ri kelmaydi. Vallohu a’lam.
Manba: islom.uz