AQSh hukumati ish faoliyati va moliyalashtiruvi to‘xtatilganidan bir hafta o‘tgach, dispetcherlarning ishga chiqmay qolishi tufayli reyslarning kechikishi va bekor qilinishi holatlari ortib bormoqda, deb xabar beradi ABC News.
Seshanba kuni Tennessi shtatidagi Neshvill xalqaro aeroporti ustidagi havo harakatini boshqarish minorasi cheklangan ishchi kuchi bilan ishlagan va ba’zi qo‘nish reyslarini Memfisdagi havo harakatini boshqarish markazi muvofiqlashtirishga majbur bo‘lgan. Parvozlar o‘rtacha ikki soatdan ko‘proq kechiktirilgan.
Fuqarolik aviasiyasi federal boshqarmasi (FAA) ma’lumotlariga ko‘ra, xodimlar yetishmasligi Dallacda (Texas shtati) reyslar o‘rtacha hisobda 30 daqiqaga kechikishiga, Chikagodada (Illinoys shtati) esa 40 daqiqaga kechikishiga sabab bo‘ldi.
FAA hujjatlariga ko‘ra, Kaliforniyadagi Burbank aeroporti havo harakatini nazorat qiluvchilarning yo‘qligi sababli dushanba kuni nazorat minorasini bir necha soatga yopishga majbur bo‘ldi.
Dushanba kuni Kolorado shtatidagi Denver aeroportida 600 dan ortiq reys va Arizona shtatining Feniks aeroportida 200 ga yaqin reys kechiktirildi.
Havo harakatini nazorat qiluvchilar milliy assosiasiyasi (NATCA) ma’lumotlariga ko‘ra, havo harakatini nazorat qiluvchilar maoshlarining bir qismini 14 oktyabrda oladilar, biroq hukumat yopilishi davom etsa, 28 oktyabrda ham mablag‘ kutilmaydi.
Dispetcherlar muhim ishchilar hisoblanadi va hukumat yopilishi paytida ishdan bo‘shatilmaydi. Transport vazirligining to‘xtatish rejasiga ko‘ra, taxminan 13 294 dispetcher maoshsiz ishlashda davom etadi.