Moderna kompaniyasining millionlab dozalardagi COVID-19 vaksinasi yakshanba kunidan boshlab Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab tarqatiladi, deya xabar berdi mamlakatning COVID-19 vaksinasini tarqatish rejasi rahbari.
19 dekabr kuni ertalab o‘tkazilgan matbuot anjumanida Warp Speed Operation bosh direktori Gustav Pernaning aytgan so‘zlariga ko‘ra, katta miqdordagi Moderna vaksinalari tarqatilish uchun tayyor qilib qo‘yilgan. «Amerika, biz ushbu vaksinani tarqatishga tayyormiz. Bugun qutilar qadoqlanib, yuklanmoqda. Ertaga yuk mashinalari yo‘lga chiqadi» dedi Perna jurnalistlarga.
AQShda o‘tgan hafta Pfizer kompaniyasining vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan va ushbu vaksina bilan aholini ommaviy emlash boshlangandi. AQSh oziq-ovqat va farmasevtika idorasi 18 dekabr kuni Moderna vaksinasidan foydalanishga ruxsat berdi. Bu bilan Modernaning vaksinasi AQShda foydalanish uchun tasdiqlangan ikkinchi COVID-19 vaksinasiga aylandi.
AQSh rasmiylarining ma’lum qilishicha, dastlabki bosqichda Modernaning 5. 9 million dozadagi vaksinasini yetkazib berish maqsad qilingan bo‘lib, ular birinchi navbatda tibbiyot sohasi vakillariga beriladi.
«Modernaning vaksinasi standart muzlatgich haroratida tashilishi va saqlanishi mumkin. Bu esa borish qiyin bo‘lgan chekka hududlarga vaksinani yetkazib berishni osonlashtiradi» deydi Perna. Modernaning vaksinasidan farqli o‘laroq, Pfizer vaksinasi juda past haroratda saqlanishi kerak. Bu shtatlar va shaharlarda ushbu vaksinani saqlash uchun zarur infratuzilma bo‘lishini talab qiladi.