Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn Sky News Arabia telekanaliga bergan intervyusida AQSh qo‘shinlari Iroqdan butunlay chiqib ketganini ma’lum qildi.
AQSh qo‘shinlarining Iroqqa kirishi 2003 yil 20 martda boshlangan. Shu kuni AQSh boshchiligidagi koalisiya «Iroq ozodligi» (Operation Iraqi Freedom) harbiy operasiyasini boshlagan. Mana shu 23 yillik tarix bugun o‘z yakuniga yetdi.
Videoda 2003 yil 19 mart kuni AQSh prezidenti Jorj Bush amerikaliklarga murojaat qilib, Iroqda harbiy operasiya boshlanishini ma’lum qilgani tasvirlangan.
Bushning ta’kidlashicha, Saddam Husayn rejimi BMT talablarini bajarmagan va ommaviy qirqin qurollarini topshirish talabini rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Iroq rahbariyati AQSh va boshqa davlatlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin edi.
«Saddam Husayn va uning o‘g‘illari Iroqni tark etishi kerak», dedi Bush. Ularga ketish uchun qisqa muddat berilganini, aks holda harbiy harakat boshlanishini bildirdi. Bush AQShning maqsadi Iroq xalqini bosib olish emas, balki Saddam Husayn rejimini ag‘darish va Iroqni ommaviy qirqin qurollaridan xoli qilish ekanini aytdi. U shuningdek, AQSh harbiylari Iroqda qolishni istamasligini, operasiya tugagach, mamlakat nazorati iroqliklarning o‘ziga qaytarilishini ta’kidladi.
Ertasi kuni — 2003 yil 20 martda AQSh boshchiligidagi koalisiya Iroqqa qarshi harbiy operasiyani boshladi. Keyinchalik Saddam Husayn rejimi ag‘darildi. Biroq urushiga asos bo‘lgan Iroqda ommaviy qirqin qurollari mavjudligi haqidagi asosiy da’vo keyinchalik tasdiqlanmadi. Bu masala AQShning Iroq urushiga kirishi haqidagi eng katta bahslardan biri bo‘lib qoldi.