Bugun 28 yanvar, 2026 yil, chorshanba

КИР

AQSh Parij iqlim kelishuvidan rasman chiqdi

AQSh Parij iqlim kelishuvidan rasman chiqdi

Qaror bugun, 27 yanvar kuni – Donald Tramp ma’muriyati BMTni rasman xabardor qilganidan bir yil o‘tib kuchga kirdi. Endi AQSh o‘zini global isishni cheklash bo‘yicha majburiyatlar bilan bog‘langan deb hisoblamaydi.

AQSh rasman Parij iqlim kelishuvidan chiqdi. Bu qaror prezident Donald Tramp ma’muriyatining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlardan voz kechgan siyosatini mustahkamladi. BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi kotibiyati ma’lum qilishicha, chiqish to‘g‘risidagi qaror bugun, 27 yanvar kuni – AQSh BMTga tegishli xabardornomani taqdim etganidan roppa-rosa bir yil o‘tgach, kuchga kirdi.

Tramp 2025 yil yanvar oyida yangi inaugurasiyasi kuniyoq kelishuvdan chiqish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Parij kelishuvi global isishni cheklash va iqlim o‘zgarishining eng vayronkor oqibatlarini oldini olishga qaratilgan.

Xalqaro iqlim siyosati uchun oqibatlar

AQShning kelishuvdan chiqishi bu davlat endi issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha majburiyatlar bilan o‘zini bog‘liq deb hisoblamasligini anglatadi. Shuningdek, Amerika delegasiyasi xalqaro iqlim konferensiyalarida ishtirok etishni to‘xtatadi. Bundan tashqari, AQShning chiqib ketishi iqlimga moslashuv va global isish oqibatlaridan himoya qilish sohasida eng kambag‘al davlatlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy yordamning keskin qisqarishiga olib keladi.

AQSh dunyoda issiqxona gazlari chiqindilarining Xitoydan keyin ikkinchi yirik manbai hisoblanadi. BMT baholashicha, hozirgi global iqlim siyosati saqlanib qolsa, asr oxiriga kelib Yer sharida o‘rtacha harorat sanoat davrgacha bo‘lgan darajaga nisbatan taxminan 2,8 darajaga oshadi. AQShning kelishuvdan chiqishi bu ko‘rsatkichni taxminan 0,1 darajaga oshiradi.

AQShning kelishuvdan ikkinchi bor chiqishi

Bu AQShning Tramp davrida Parij kelishuvidan ikkinchi bor chiqishidir. Uning birinchi prezidentlik muddati paytida ham Qo‘shma Shtatlar mazkur kelishuvni tark etgan, ammo Jo Bayden ma’muriyati davrida unga yana qo‘shilgan edi.

Joriy yil boshida esa Tramp ma’muriyati BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasidan ham chiqish va Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi faoliyatida ishtirokni to‘xtatish niyati borligini ma’lum qildi.

Kiritildi: 20:37 27.01.2026. O'qildi: 200 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!