AQSh 4 iyun kuni Kuba prezidenti Migel Dias Kanelga nisbatan sanksiya joriy etdi. Shuningdek, unga aloqador bir qancha shaxslar va tashkilotlar ham cheklovlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligiga taynib Reuters xabar berdi.
Sanksiyalar yana to‘rt nafar jismoniy shaxs va beshta tashkilotni nishonga oldi. Ular orasida Kuba prezidentining rafiqasi Lis Kuesta Peraza, Kastro oilasining ikki a’zosi hamda Inqilobiy qurolli kuchlar vazirligi bor. Kuba hukumati hozircha sanksiyalarga munosabat bildirmadi.
66 yoshli Migel Dias Kanel 2018 yildan beri Karib dengizi davlatini boshqarib kelmoqda. U hokimiyatni Kubaning sobiq rahbari Fidel Kastroning ukasi Raul Kastrodan qabul qilib olgan edi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu sanksiyalarni keskin qoraladi. U cheklovlarni “jirkanch” deb atadi va buni AQSh intervensiyasining (boshqa davlat ishlariga aralashishining) navbatdagi namunasi deb ta’rifladi.
“AQShning ikki davlat o‘rtasida nizo ssenariysini yaratishga qaratilgan har qanday harakati muvaffaqiyatsizlikka mahkumdir”, deb yozdi Rodriges.