AQSh va Janubiy Koreya harbiylari KXDR tahdidlariga qarshi birgalikda mudofaa tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan yillik Ulchi Freedom Shield (UFS) mashg‘ulotlarini boshladi.
Yonhap agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 11 kunlik manyovrlar 28 avgustgacha davom etadi. Vashington va Seul har yili o‘tkazadigan qo‘shma mashg‘ulotlar ikki mamlakatning Pxenyan «tahdidlariga» qarshi mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan.
Bu yil «haqiqiy» tahdid ssenariysiga asoslangan manyovrlarda 18 mingga yaqin Janubiy Koreya harbiylari ishtirok etmoqda. UFS doirasida bir vaqtning o‘zida 580 ming kishi ishtirokida to‘rt kunlik fuqarolik mudofaasi mashg‘ulotlari o‘tkaziladi, shuningdek, dronlar va kiberhujumlarga qarshi harakatlar mashq qilinadi.
Pxenyan bunday mashg‘ulotlarni an’anaviy ravishda «bosqinchilik repetisiyasi» deb ataydi, AQSh va Janubiy Koreya esa ularning faqat mudofaa xususiyatiga ega ekanini ta’kidlaydi.