Vashington orolda harbiy ishtirokini kengaytirish bo‘yicha Daniya bilan yopiq muzokaralar olib bormoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika mintaqasida Rossiya va Xitoy faolligini kuzatish uchun Grenlandiyaning janubiy qismida yangi bazalarni joylashtirish rejalashtirilgan.
Muhokamalar jarayonidan xabardor bo‘lgan bir necha rasmiy shaxsning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati prezident Donald Trampning Grenlandiyani kuch bilan tortib olish tahdidi tufayli yuzaga kelgan diplomatik inqirozni hal qilish harakatlari doirasida ushbu hududning janubida uchta yangi baza ochishga intilmoqda.
Daniya Tashqi ishlar vazirligi ham AQSh bilan muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan. "Qo‘shma Shtatlar bilan doimiy diplomatik muloqot mavjud. Tashqi ishlar vazirligi hozircha tafsilotlarga to‘xtalmaydi", deyiladi vazirlik bayonotida.
Bundan tashqari, Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen AQSh bilan muzokaralarda “to‘g‘ri yo‘nalishda bir necha qadam tashlanganini” aytgan.
BBC'ning muzokaralar jarayoni bilan tanish manbasini aytishicha, Tramp ma’muriyati Kopengagenga uchta yangi harbiy bazani rasman “Qo‘shma Shtatlarning suveren hududi” deb tan olinishi variantini taklif qilgan.