Bugun 9 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

AQSH–Eron kelishuvi Livan masalasida to‘siqqa uchradi

AQSH–Eron kelishuvi Livan masalasida to‘siqqa uchradi

AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Livandagi vaziyat tufayli izdan chiqishi mumkin. Tehron kelishuv shartlari buzilayotganini bildirmoqda, Vashington esa bu iddaolarni rad etmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 9 aprel kuni Eronga nisbatan yangi tahdid bilan chiqdi. Uning aytishicha, agar kelishuv to‘liq bajarilmasa, harbiy harakatlar yanada kuchliroq ko‘lamda qayta boshlanishi mumkin.

Tramp, shuningdek, Erondan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va yadroviy dasturdan voz kechishni talab qildi. U AQShning harbiy kuchlari mintaqada kelishuv to‘liq amalga oshirilmaguncha saqlanishini ta’kidladi.

Livan — asosiy bahs nuqtasi

Tehronning asosiy e’tirozi Isroilning Livandagi harakatlari bilan bog‘liq. Eron tomoni Isroil armiyasining «Hizbulloh»ga qarshi hujumlari kelishuv shartlarini buzishini ta’kidlamoqda.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibofga ko‘ra, kelishuv «barcha frontlarda, jumladan Livanda ham darhol o‘t ochishni to‘xtatish»ni nazarda tutgan. Shu bilan birga, u 8 aprel kuni Eron hududiga qilingan zarbalarni ham kelishuv buzilishi sifatida baholadi.

Bunga javoban AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Vashington bunday majburiyat olmaganini bildirdi. Unga ko‘ra, kelishuv faqat Eron va uning atrofidagi hududlarga taalluqli bo‘lib, Livanni qamrab olmaydi.

Muzokaralar xavf ostida

Manbalarga ko‘ra, Eron 10 aprel kuni Pokistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Tehron Isroil hujumlari to‘xtatilmasa, uchrashuvni bekor qilish huquqini saqlab qolmoqda.

Ayni paytda, The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQSh rasmiylari Trampni sulh uzoqqa cho‘zilmasligi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Eronning harbiy salohiyati hali ham sezilarli darajada saqlanib qolgani qayd etilmoqda.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va xavfsizlik masalasi

Kelishuvga qaramay, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakat cheklangan holda qolmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Eron sutkasiga cheklangan miqdordagi kemalar o‘tishiga ruxsat bermoqda. Natijada Fors ko‘rfazi hududida yuzlab savdo kemalari to‘planib qolgan.

Mintaqada nisbiy tinchlik, ammo…

9 aprel holatiga ko‘ra, mintaqada nisbiy tinchlik kuzatilgan bo‘lsa-da, Livan yo‘nalishida janglar davom etmoqda. Isroil aviasiyasi «Hizbulloh» pozisiyalariga zarbalar berishni to‘xtatmagan.

Shu bilan birga, Eronda 40 kunlik motam yakunlanishi munosabati bilan ommaviy tadbirlar o‘tkazildi, Isroil esa ichki cheklovlarni qisman yumshatdi.

Mutaxassislar fikricha, AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv taqdiri hozircha noaniqligicha qolmoqda. Livan masalasi hal etilmasa, muzokaralar to‘xtab qolishi va kengroq harbiy mojaro xavfi yanada ortishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 20:23. O'qildi: 328 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!