AQSh va Eron o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Vositachi sifatida ishtirok etayotgan Pokiston rasmiylariga ko‘ra, kelishuv juma kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida imzolanishi mumkin.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari davlat telekanali orqali kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Mamlakatning yuqori harbiy rahbariyati esa buni Tehronning siyosiy va diplomatik g‘alabasi sifatida baholamoqda.
Hozircha kelishuvning to‘liq matni rasman e’lon qilinmagan. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy maqsad 8 aprel kuni erishilgan sulhni yana 60 kunga uzaytirish, harbiy harakatlardan voz kechish va muzokaralarni davom ettirishdan iborat.
Eronning yarim rasmiy Mehr agentligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 14 banddan iborat o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasida quyidagi shartlar mavjud:
— Livanni ham qamrab olgan holda barcha frontlarda doimiy sulh o‘rnatish;
— AQShning Eron ichki ishlariga aralashmaslik majburiyati;
— 30 kun ichida AQShning dengiz blokadasini bekor qilish;
— AQSh qo‘shinlarini Eron atrofidagi hududlardan chiqarish;
— Hurmuz bo‘g‘ozini «Eron shartlari asosida» 30 kun ichida qayta ochish;
— AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Eronni tiklash uchun kamida 300 milliard dollarlik dastur taqdim etilishi;
— Eron neft va energetika sohasiga qarshi sanksiyalarni bekor qilish;
— Eronning yadroviy qurol yaratmaslik bo‘yicha majburiyatini tasdiqlashi;
— AQShning mintaqadagi harbiy kuchlarini ko‘paytirmaslik va yangi sanksiyalar joriy etmaslik majburiyati.
Shuningdek, agentlik ma’lumotiga ko‘ra, muzlatilgan Eron aktivlarining bir qismi ozod etilmaguncha, neft sanksiyalari to‘xtatilmaguncha va dengiz blokadasi bekor qilinmaguncha yakuniy muzokaralar boshlanmaydi.
Hurmuz bo‘g‘ozi dunyo neft savdosining eng muhim yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Agar kelishuv amalga oshsa, bo‘g‘oz orqali xalqaro dengiz qatnovi qayta tiklanishi va jahon energetika bozorlaridagi bosim kamayishi mumkin.
Ayni paytda kelishuv shartlarining aksar qismi rasman tasdiqlanmagan bo‘lib, Vashington va Tehron tomonidan qo‘shimcha bayonotlar kutilayapti. Yakuniy kelishuv esa, ma’lumotlarga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyasi bilan mustahkamlanishi mumkin.