Bugun 17 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Anvar qori Tursunov duosi mustajob inson edi

A A A
Anvar qori Tursunov duosi mustajob inson edi

Tabiatida dinimizga muhabbati  cheksiz bo‘lgan Anvar qori Tursunov 1981 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning Filologiya fakultetini tamomlab. mehnat faoliyatini “Yoshlik” jurnalida muharrir vazifasidan boshladi. Keyin O‘zbekiston fanlar akademiyasi, Abdulla Qahhor uy muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlarda samarali faoliyat yuritdi. 1989-1992 yillarda Qur’oni karimning Shayx Alouddin Mansur tarjima qilgan matniga muharrirlik qildi. Ana shu jarayon Anvar qorining ilmiy-ijodiy faoliyatida diniy mavzular yanada ustuvor bo‘lishiga turtki bo‘ldi.
 
Bevosita diniy sohadagi faoliyatini esa 1994 yil poytaxtning hozirgi Yashnobod tumanidagi “Yangiobod” masjidi imom-xatibi sifatida boshladi. O‘sha yilning o‘zidayoq yurtdoshlarimiz ajoyib bir voizni kashf etdilar.
1999 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi va “Xoja Ahror Valiy” masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlash barobarida 2001 yil Toshkent islom institutini ham tugatdi. 2015 yildan boshlab esa “Minor” masjidi bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritdi.
 
Anvar qori o‘zbek tilini puxta bilgan salohiyatli muharrir bo‘lgani bois O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvolarini tayyorlashda faol qatnashar, diniy nashrlar va mahalliy matbuotga o‘qishli maqolalar yozar, xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etar, diniy va ilmiy mavzulardagi asarlarga muharrirlik qilar, radio va televideniyening ma’naviy va ma’rifiy dasturlarida boshlovchilik va chiqishlar qilar edi. Shuncha ish bilan birga tarjima, ta’lif va tasnifga ham vaqt topar edi. Ayniqsa, olimning “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti” jurnallari, “O‘zbek adabiyoti va san’ati” gazetasida Alisher Navoiy ijodi va faoliyati, navoiyshunoslik va tasavvuf ilmi haqidagi ko‘plab ilmiy, ma’rifiy-ma’naviy maqolalari o‘quvchilar e’tiboriga tushgan edi.
 
Bir so‘z bilan aytganda, Anvar qori Tursunov ommaviy axborot vositalari orqali doimiy chiqishlari, diniy mavzudagi ma’ruzalari bilan xalqimiz qalbidan munosib joy olgan ulamo edi.
 
Uning Ali ibn Ahmad Naysoburiyning “Asbobun nuzul” (“Oyatlarning nozil bo‘lish sabablari”) tarjimasi, “Fazilatlar kitobi”, “Inson mukarram zot” nomli kitoblari nashr etildi. Ularning hammasi o‘ziga xos pishiq-puxta asarlar bo‘lishi barobarida Anvar qori xalqimiz orasida o‘tkir voiz sifatida mashhur edi. Ayniqsa, “Xoja Ahror Valiy” masjidida imom-xatiblik qilgan kezlarida uning hazrat Navoiy, Mirzo Bobur, So‘fi Olloyor, Boborahim Mashrab, Muhammadrizo Ogahiy va mumtoz adabiyotimizning boshqa zabardast vakillarining jo‘shqin baytlaridan misollar keltirib, so‘zlagan amri ma’ruflarini eshitish uchun shahrimizning eng chekka hududlaridan odamlar gurros-gurros bo‘lib juma namozini o‘qishga  shu masjidga kelar edilar. Jumadan keyin esa olgan taassurotlarini o‘zaro gaplashib ketishar, uzoq vaqtlar ana shu amri ma’ruflar ta’sirida yurishar edi.
 
Anvar qori aka “Minor” masjidiga kelganidan so‘ng o‘sha muxlislar oqimi shu yerga kelishni odat qilishdi. Bu odamning ovozida tinglovchiga taskin bo‘ladigan nimadir bor edi. Keyin u kishi tolibi ilmlarga xayrixoh bo‘lgan nihoyatda fazilatli inson edi. 2005 yilgi juma ma’ruzalaridan birida shunday degan edi:
 
“Bir kuni peshindan keyin namozxonlar tarqaldi. Masjiddan endi chiqmoqchi bo‘lib darvoza yoniga kelsam, bir qizgina mung‘ayib turibdi. Qarshimga chiqib iymanibgina salom berdi. So‘ngra ToshMIga (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)  kontraktga o‘qishga kirganini, ammo ota-onasi kontraktga to‘lashga pul topa olmayotganini aytib yordam so‘radi. Fahmladimki, bu dargoh uning so‘nggi ilinji... Menda uncha pul yo‘q. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Keyin “Qizim, siz shu yerda o‘tirib turing, men ichkariga kirib ikki rakat namoz o‘qib chiqaman, Alloh mehribon, biror joydan yetkazib qolar”, dedim-da masjidga qaytib kirib ikki rakat hojat namozini o‘qidim. Rabbimizga shuginani noumid qaytarmaslikni so‘rab duolar qilyapman-u, ko‘zim eshikda. Ammo hech kim kelmadi. Axiyri, o‘rnimdan turib qizginaning oldiga bordim. U mening ahvolimni ko‘rib darrov tushundi, hech narsa demadi. Oldin-keyin bo‘lib. tashqariga yo‘naldik. Shu vaqt orqadan birovning “Qori aka!” deb chaqirgani qulog‘imga chalindi. O‘girilib qarasam, orqa darvoza tarafdan bir odam go‘yoki uchib kelyapti. Bizga yetar-etmas: “Qori aka, kontrakt to‘laydigan talabalar yo‘qmi?” desa bo‘ladimi...”
 
Bu Anvar qori akaning o‘zi so‘zlab bergan voqea. Endi bevosita o‘zimiz guvoh bo‘lgan hodisaga e’tibor qiling. Bu yil qishda yog‘ingarchilik kam bo‘lib kunlar isib ketgani esingizda. Shunday kunlarning birida juma namozini “Minor” masjidida o‘qidik. Namoz so‘nggida Anvar qori aka sovuq havo va qor yog‘dirishini so‘rab duo qildi. Masjidga kirguncha issiq havodan bir oz lohaslanib turgan edik. Chiqqanimizda ikkita janoza bor ekan. Janozani o‘qigunimizcha havo shu qadar sovidiki, hatto sovqotib qoldik. Biror soat o‘tganidan so‘ng qor aralash yomg‘ir quyib berdi.
 
Anvar qori aka dilkash suhbatdosh bo‘lib, ko‘ngilga yoqadigan muloyim mutoyiba ham qilar edi. U kishining suhbatiga to‘ymas edi odam. Keyin Anvar qori aka bunday dedilar, deb to‘lqinlanib gapirib yurar edik.
 
O‘lim oramizdan shunday buyuk insonni olib ketdi. Chunki Alloh taoloning amri shunday bo‘lgan. Ulug‘larimiz aytganidek, bunday zotlar aniq vazifa bilan keladi. O‘sha vazifani o‘rniga qo‘yganidan so‘ng bu dunyo hayotidan haqiqiy dunyo ko‘chadi.
 
Bizningcha, Anvar qori Tursunovning vazifasi ko‘ngillarga Islom nurini yoqish, Islom ma’rifatini tarqatish bo‘lgan va u bu vazifani bir ulamoning imkoniyati darajasida muvaffaqiyatli ravishda bajardi. 60 yosh umr ko‘rgan odamga bundan ortiq sharaf bo‘lishi mumkinmi!..
 
Bu mumtoz olimdan shu vaqtga qadar elimiz manfaat ko‘rib keldi, endi unga manfaat yetkazish gali bizniki, azizlar. Muhtaram ustozni har doim duolarimizda yo‘qlab turaylik. Shoyadki, ruhi shod bo‘lib yotgan joyi jannat bog‘chalaridan biriga aylansa!

O‘MI Matbuot xizmati 

Kiritildi: 16:16 20.06.2018. O'qildi: 2711 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!