So‘nggi yillarda madaniy meros turizmi jadal rivojlanib, sayohatchilar orasida eng qiziqarli va muhim yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Qadimiy yodgorliklar, muhtasham inshootlar hamda bugungi kungacha yashab kelayotgan an’analar sayyohlarga manzilning asl madaniy ruhini his etish imkonini beradi. Soha tadqiqotlariga ko‘ra, global madaniy meros turizmi bozori 2025 yilda 624,55 milliard dollarga baholanib, 2033 yilga kelib 936,97 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Bu kengayib borayotgan bozorda ko‘plab sivilizasiyalarning “beshigi” bo‘lgan Onado‘li o‘zining nihoyatda boy tarixiy merosi bilan Turkiyani yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirmoqda.
Ko‘plab mashhur sayyohlik yo‘nalishlari orasida Turk Riviyerasining durdonasi — Antaliya o‘tmishga eltuvchi betakror darvoza sifatida e’tiborni tortadi. Antik Likiya, Pamfiliya va Pisidiya hududlari tutashgan nuqtada joylashgan bu shahar quyosh nurlari ostida jilvalanayotgan qadimiy teatrlari va nafis marmar yodgorliklari bilan go‘yo ochiq osmon ostidagi muzeyni eslatadi.
Likiya: G‘arb afsonalari izidan
Antaliyaning boy tarixiy qatlamlari YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimgi Likiya poytaxti — Ksantos (Xanthos) hamda muqaddas madaniy markaz Letoon orqali yorqin namoyon bo‘ladi. Bu hududlarda topilgan yozuvlar Likiya tilini o‘rganish va tushunishda muhim rol o‘ynagan.
Atigi 15 kilometr masofada joylashgan Patara esa Likiya Ittifoqining ma’muriy markazi sifatida tanilgan bo‘lib, Santa Klaus obraziga ilhom bergan Avliyo Nikolayning tug‘ilgan maskani sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Bu yerda miloddan avvalgi II asrga oid vakillik demokratiyasining dastlabki namunalaridan biri — Bouleuterion majlis binosi joylashgan. Shuningdek, yaqinda qayta tiklangan ulkan mayoq hududning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Likiya hududining yana bir muhim shahri — Myra nafis bezaklar bilan ishlangan qoyatosh qabrlari bilan mashhur. Bu yerda Avliyo Nikolay yepiskoplik qilgan bo‘lib, uning nomi bilan bog‘liq cherkov bugungi kunda ham tarixiy va diniy ahamiyatga ega maskan sifatida saqlanib qolgan.
Pamfiliya: Sharq xazinalari sari yo‘l
Sharqqa tomon cho‘zilgan yo‘llar O‘rta yer dengizining eng yaxshi saqlanib qolgan qadimiy shaharlardan biri Pergening betakror qiyofasini ochib beradi. Ustunli ko‘chalar, kuzatuv minoralari, Rim hammomlari, agoralar, ulkan teatr hamda bir paytlar 12 ming tomoshabinni sig‘dira olgan taqa shaklidagi stadion bu maskanning tarixiy salobatini yaqqol namoyon etadi.
Ushbu qadimiy shahar Avliyo Pavlus yo‘li bo‘ylab muhim manzil sifatida ham o‘z ahamiyatini saqlab qolgan. Tarixiy yo‘l esa Pamfiliyaning muhim port shahri Sideda davom etadi. Bu yerda ulkan yodgorliklar orasida sayr qilib, Antaliyaning timsoliga aylangan mashhur Apollon ibodatxonasini quyosh botishi paytida tomosha qilish mumkin.
Antaliyadagi qadimiy shaharlarga xos jihatlardan biri, yoz oylarida ularni shoshilmasdan, bemalol tomosha qilish imkonidir. Yoz mavsumida Aspendos, Patara va Side maskanlari soat 22:00 gacha ochiq bo‘lib, “Tungi muzeylar” tashabbusiga qo‘shilgan. Shuningdek, Perge, Myra va Side arxeologiya muzeyi ham mehmonlar uchun 21:00 gacha faoliyat yuritadi. Ushbu tashabbusni 2026 yil davomida yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.