Yangi yil o‘z mo‘’jizalari, kutilmagan sovg‘a-salomlari bilan dillarga xushnudlik baxsh etadi. Respublikamizning har bir hududida yam-yashil bargli archalar ko‘kka bo‘y cho‘zib, barchaning ko‘zini quvontirayotgan bir paytda Andijon shahrining O‘zbekiston ko‘chasida salqin ichimliklardan bunyod bo‘lgan archa qad rostladi.
777.uz savdo majmuasi tomonidan yaratilgan ushbu archaning bo‘yi 9 metr, eni 4 metrdan iborat bo‘lib, salkam 15 ming dona plastik idishlardan tarkib topgan.
Bu kabi archa o‘tgan yili ham qad rostlagan edi. O‘ziga xos ko‘rinishi haqiqatdan ham kayfiyatni ko‘tarib, bayramona ruh baxsh etmoqda , - deydi xaridor Sanobarxon Azimova.
Rang-barang tovlanib turgan bu archa xaridorlarda nafaqat, qiziqish uyg‘otmoqda, balki savdo peshtaxtalarida arzon narxda taqdim etilayotgan mahsulotlarni xarid qilishga ham undamoqda.