Bugun 19 sentyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Andijonda falsafa doktori ishga tiklandi

Andijonda falsafa doktori ishga tiklandi

Bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyoti va kelajagi yoshlarning qo‘lida ekanligini, ta’lim sohasi jamiyat taraqqiyotiga erishishdek asriy orzularimiz uchun zarur makonligini juda yaxshi bilamiz. Biroq ta’lim sohasi namoyandalari bo‘lmish o‘qituvchi va murabbiylar, ularning mehnat va mashaqqatlarini yetarlicha qadrlamaslik hollari ham uchrab turibdi.

K.O. yillar davomida ta’lim sohasida faoliyat yuritib, hamkasblari orasida tirishqoqligi va mehnatsevarligi bois alohida e’tiborga, falsafa doktoridek ilmiy unvonga haqli ravishda ega bo‘ldi. Andijondagi oliy o‘quv yurtlaridan birida kafedra mudiri vazifasida ishlab kelayotgan edi. Mehnat shartnomasining amal qilish muddati bir yil, ya’ni 2021 yilning 1 iyuliga qadar edi. Biroq o‘quv yurti rektori uni iyul, avgust oylarida saylov bo‘yicha tashkilotlar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun xizmat safariga yubordi.

K.O. rektorning topshiriqlarini a’lo darajada uddalab qaytdi. Ammo bir kuni majlisda bildirgan fikri rektorga yoqmadiyu, qilgan mehnatlari havoga uchgandek bo‘ldi. Uni mehnat shartnomasining muddati 2021 yil 31 avgustda tugaganligini ma’lum qilib, 1 sentyabrdan ishdan bo‘shatishdi. Rahbariyatga qilgan murojaatlari esa foyda bermadi. Shunda u haqiqat uchun kurashish kerakligini tushunib yetdi va qonuniy huquqlarini tiklash uchun sudga murojaat qildi.

Sud uning arz va tushuntirishlarini eshitib, ish hujjatlarini o‘rganib, xodim muddatli mehnat shartnomasining muddati tugaganidan so‘ng ish beruvchi tomonidan yana ishga jalb qilinganligi va u avvalgi lavozimida ishni davom ettirganligi sababli mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytirilgan, shunday bo‘lsa-da, u qonunga zid ravishda ishdan bo‘shatilgan, degan xulosaga keldi.

K.O. sudning hal qiluv qarori bilan ishga tiklanib, arizasi qanoatlantirildi. O‘zini haq deb hisoblagan oliy o‘quv yurti ma’muriyati esa apellyasiya shikoyati yozdi, biroq viloyat sudi apellyasiya instansiyasi xodimni haq deb hisoblab, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Akmaljon Alijonov,

Andijon viloyati sudi sudyasi

Kiritildi: 15:19 22.04.2022. O'qildi: 2890 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!