Eronlik kurashchi Navid Akfari 2018 yilda hukumatga qarshi uyushtirilgan namoyishlarda qatnashgani uchun o‘limga hukm qilindi. Oliy Sudning ma’lum qilishicha, Akfari qilgan jinoyatlari uchun ikkita holatda o‘limga, olti yarim yillik qamoqqa va 74 darra urishga hukm qilindi. Bu haqda Iran International xabar bergan.
Akfarining Vahid va Habib ismli ukalari o‘lim jazosidan qutulib qolishgan. Lekin, ularga 74 darra qamchilash va 27 hamda 54 yillik qamoq jazosi tayinlandi.
Uch aka-uka 2018 yilda bo‘lib o‘tgan namoyishlarda qatnashgandi. Ushbu namoyishlarga Eron iqtisodiyotining tang ahvolga tushib qolishi sabab bo‘lgan. Lekin keyinchalik bu namoyishlar amaldagi hukumatga qarshi harakatlarga aylanib ketdi.
Sud aka-ukalarga noqonuniy yig‘ilishlarda qatnashish, milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi fitnalarni uyushtirish va oliy rahnamoni haqoratlash kabi 20 dan ortiq ayblovlarni qo‘ygan.
“Akfariga tayinlangan jazo barcha uchun haqiqatda qayg‘uli holat bo‘ldi. Akfari milliy qahramon edi. Biz xatto uning namoyishlarda qatnashganini ham bilmaymiz” deydi Iran International muxbiri Saqib Safo.
Saboning aytishicha, Akfari o‘zining ukalariga qarshi ko‘rsatma berishi uchun unga nisbatan jismoniy qiynoqlar ishlatilgan. Ularning advokatlari shuning uchun ushbu ko‘rsatmalar hech qaysi sud majlisida inobatga olinishi kerak emasligini aytgan.
Eron o‘lim jazosini keng miqyosda qo‘llashi orqali dunyoda yomon nom bilan tanilgan mamlakatlardan biridir. Bu yerda oliy jazo asosan namoyishchilar va siyosiy mahkumlarga qo‘llaniladi.
Inson huquqlarini himoya qiluvchi Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, Eron o‘lim jazosini qo‘llash bo‘yicha dunyoda faqatgina Xitoydan ortda qolmoqda, xolos. Birgina 2019 yilning o‘zida Eronda 251 kishi o‘lim jazosiga hukm qilingan. Eronda ko‘plab o‘lim jazolari omma ko‘z o‘ngida amalga oshiriladi.