Bugun 5 iyun, 2026 yil, juma

КИР

“Al-Qoida” yetakchisining boshi uchun 3,5 mln dollar mukofot beriladi

“Al-Qoida” yetakchisining boshi uchun 3,5 mln dollar mukofot beriladi

Malini boshqarayotgan harbiy xunta Iyad Ag Gali haqida ma’lumot berganlarga 3,5 million dollar mukofot puli tikdi. Bu shaxs aprel oyida yirik hujum boshlagan “Al-Qoida” guruhining Sahal tarmog‘iga rahbarlik qiladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Iyad Ag Gali “Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin” (JNIM) guruhining boshlig‘idir. Uni Afrikaning Sahal mintaqasidagi bir qancha davlatlar qidirmoqda. Bu davlatlarning ko‘pini harbiy xuntalar boshqarmoqda.

JNIM Sahaldagi harbiy xuntalarga qarshi kurashayotgan eng yirik islomiy guruh hisoblanadi. Bu mintaqada ko‘plab ekstremistik islomiy va ayirmachi (separatist) guruhlar faoliyat yuritadi.

Mintaqadagi eng ko‘p qidirilayotgan odam — Iyad Ag Gali muqaddam Mali diplomati bo‘lgan. Shuningdek, u tuareg isyonchilari safiga kirgan. Tuareg xalqi asosan Sahroyi Kabir cho‘lidagi davlatlarda yashovchi yarim ko‘chmanchi tub etnik guruhdir.

Iyad Ag Gali nafaqat Afrikada, balki AQSh va Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan ham qidirilmoqda. Mali Xavfsizlik vazirligi Galining qo‘lga olinishi yoki yo‘q qilinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 2 milliard CFA franki (3,5 million dollar) ajratdi.

Mali xavfsizlik va fuqaro muhofazasi vaziri general-mayor Dovud Ali Mohammedin farmon imzoladi. Unga ko‘ra, Galining o‘rinbosarlaridan biri Amadu Kuffa uchun 2,5 million dollar mukofot va’da qilingan. Shuningdek, ikki nafar tuareg isyonchilari yetakchisi, jumladan, ayirmachi Algabass Ag Intalla haqida ma’lumot berganlarga ham naqd pul to‘lanadi.

“Ushbu shaxslar milliy hududda odamlar va ularning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solgan. Ular terrorchilik harakatlarini rejalashtirish, tashkil etish va amalga oshirishda gumon qilinmoqda. Shu sababli hukumat ularni faol qidirmoqda”, deyiladi milliy televideniye orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda.

Kiritildi: Bugun 15:32. O'qildi: 357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!