Telekanal manbalariga ko‘ra, Vashington va Tehron o‘rtasida juma kuni imzolanishi mumkin bo‘lgan anglashuv memorandumining taxminiy matni quyidagi bandlardan iborat:
1. Eron va AQSH, joriy urushdagi o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda, ushbu anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin zudlik bilan va doimiy ravishda barcha frontlarda, shu jumladan Livanda urush tugaganini e’lon qiladilar hamda bundan buyon bir-birlariga qarshi hech qanday dushmanlik harakatlarini amalga oshirmaslik, shuningdek, bir-birlariga nisbatan kuch ishlatmaslik yoki tahdid qilishdan tiyilish majburiyatini oladi;
2. Eron va AQSh bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish hamda ichki ishlariga aralashishdan tiyilish majburiyatini oladi;
3. Tehron va Vashington muzokaralar olib borish va maksimal 60 kunlik muddat ichida yakuniy kelishuvga erishish majburiyatini oladi, bu muddat o‘zaro rozilik bilan uzaytirilishi mumkin;
4. Memorandum imzolanganidan so‘ng zudlik bilan AQSh dengiz blokadasini bekor qiladi va Eronga nisbatan har qanday aralashuv yoki to‘sqinliklarning oldini oladi, shuningdek, maksimal 30 kun ichida kemalar harakatini to‘liq quvvat bilan tiklaydi. Yuk tashish hajmi Tehron tomonidan urushdan oldingi tashish hajmiga mutanosib bo‘lishi kerak. Vashington, shuningdek, yakuniy kelishuv tuzilganidan keyin 30 kun ichida o‘z kuchlarini atrofdagi hududlardan olib chiqib ketishi shart;
5. Anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin Eron Fors ko‘rfazidan O‘mon ko‘rfaziga va orqaga tijorat kemalari harakatini 30 kun ichida urushdan oldingi hajmda qayta tiklanishini ta’minlashi zarur;
6. Vashington o‘z mintaqaviy hamkorlari bilan birga Eronni qayta tiklash va iqtisodiy rivojlantirish uchun reja tuzish majburiyatini oladi va bunda kamida 300 milliard dollar miqdorida moliyalashtirishni ta’minlaydi. Ushbu rejani amalga oshirish mexanizmi, yakuniy kelishuvning bir qismi sifatida, 60 kun ichida ishlab chiqiladi;
7. Vashington yakuniy kelishuv doirasida kelishiladigan jadvalga muvofiq, Eronga nisbatan barcha sanksiyalarni, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyalari va Xalqaro atom energiyasi bo‘yicha agentlik qarorlarini, shuningdek, AQShning barcha bir tomonlama, birlamchi va ikkilamchi sanksiyalarini tugatish majburiyatini oladi;
8. Tehron hech qachon yadroviy qurol ishlab chiqarmasligini yana bir bor bayon qiladi. Eron va AQSh boyitilgan materiallar taqdiri va yadroviy sohaga oid boshqa barcha o‘zaro kelishilgan masalalar, jumladan Eronning yadroviy ehtiyojlari yakuniy kelishuvda tegishli tartibda hal etilishiga kelishib oladi;
9. Eron va AQSh yakuniy kelishuvga erishilgunga qadar mavjud status-kvoni saqlab qolishga kelishadi. Eron o‘z yadroviy dasturida mavjud holatni saqlab turadi, Vashington esa Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmaydi va mintaqadagi o‘z kuchlarini ko‘paytirmaydi;
10. Vashington ushbu memorandumi imzolanganidan so‘ng zudlik bilan va sanksiyalar bekor qilinadigan sanaga qadar AQSh Moliya vazirligi Eron xom nefti, neft-kimyo mahsulotlari va ularning hosilalarini eksport qilish, shuningdek, bunga tegishli barcha xizmatlar, jumladan bank operasiyalari, sug‘urta, tashish va shu kabi xizmatlar uchun ruxsatnomalar berishini majburiyatiga oladi;
11. AQSh yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha muzokaralarning borishini hisobga olgan holda, Eronning muzlatilgan yoki cheklangan mablag‘lari va aktivlari blokirovkadan chiqarilishini va to‘liq foydalanish mumkin bo‘lishini ta’minlaydi;
12. Eron va AQSh yakuniy kelishuvning muvaffaqiyatli bajarilishini va kelgusidagi majburiyatlarni nazorat qiluvchi amalga oshirish mexanizmi yaratilishiga kelishib oladi;
13. Anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin va memorandumining 4, 5, 10 va 11-bandlarini amalga oshirish boshlanishi hamda ushbu qadamlar bajarilishining davom ettirilishi bo‘yicha kafolatlar olingandan so‘ng, Eron va AQSh faqat qolgan moddalar bo‘yicha yakuniy kelishuv yuzasidan muzokaralarga kirishadi;
14. Yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy rezolyusiyasi orqali tasdiqlanadi.