Bugun 5 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Afsonaviy Santa Klausning vatani Antalya ekanligini bilarmidingiz?!

Afsonaviy Santa Klausning vatani Antalya ekanligini bilarmidingiz?!

Turkiyaning “turizm poytaxti” Antalya yozgi ta’til uchun eng mashhur dam olish maskanlaridan biri. Ammo qish ham unutulmas tajribalar uchun ideal mavsumdir. Afsonaga aylangan Santa Klausning (Qor bobo) Antalyada tug‘ilib o‘sganini bilarmidingiz? Keling, Santaning vatani Antalyaning Demre tumani bo‘ylab sayohat qilsak.

Ezgulikka yo‘g‘rilgan yurak

Avliyo Nikolay (Santa Klaus) 4 asrda Likiyaning mashhur Patara shahrida boy savdogar oilasida dunyoga kelgan. Nikolaos yoki Santa Klaus nomi bilan mashhur bo‘lgan Avliyo Nikolay ko‘p yillar davomida Likiya davlatining poytaxti Mira (Myra) yepiskopi bo‘lib xizmat qildi, hayotini yaxshilik qilishga va bor-budini kambag‘allar bilan baham ko‘rishga bag‘ishlagan. U ko‘p odamlarga yordam berar va yashirincha deraza yoki mo‘rilarda sovg‘alar qoldirardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u bolalar, savdogar va dengizchilarning aziz homiysi sifatida tanildi.

Ajoyib poytaxt

Mira antik shahri hozirgi Antalyaning Demre tumanida joylashgan va hududi o‘sha paytda Onado‘lidagi ikkinchi yirik yeparxiya (xristian cherkovida yepiskop boshchiligidagi ma’muriy-hududiy bo‘linma) hisoblanardi. Uning yepiskopi mo‘’jizakor avliyo Nikolay bo‘lib, o‘zining rahm-shafqati va xayriya ishlari bilan Mira aholisining sevgisini qozondi. U 365 yil 6 dekabrda o‘zi xizmat qilgan cherkovda vafot etganida butun tuman aholisi motam tutgandi.

Bu aziz insonning sharafiga qadimiy shaharda maqbara va bazilika qurilgan. Devorlarida avliyo Nikolayga oid mo‘’jizalar tasvirlangan ushbu bazilika shahardagi zilzila va bosqinlar natijasida jiddiy zarar ko‘rgan, ammo 9 asrda gumbazli cherkov sifatida qayta qurilgan.

Avliyo Nikolay cherkovi – yangi qiyofada!

Cherkov arxitektura uslubi va bezaklari tufayli Yaqin Sharq Rim davri imoratlarining eng yorqin namunalaridan biri sanaladi. Cherkov O‘rta asrlarda O‘rta yer dengizi orqali Quddusga sayohat qilgan xristianlar uchun muhim ziyoratgoh bo‘lgan va u 2000 yildan beri YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Avliyo Nikolay cherkovi xristian olamining eng muqaddas maskanlaridan biri bo‘lib, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan o‘tgan yili amalga oshirilgan qayta tiklash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tufayli bugungi kunda o‘z ziyoratchilarini yangi qiyofa bilan kutib olmoqda.

Cherkovda baliq tangachalari va akant barglari bilan bezatilgan hamda avliyo Nikolayga tegishli deb taxmin qilingan Rim davri sarkofagi joylashgan. Avliyo Nikolayga oid deb hisoblanilgan ba’zi suyaklar Antalya muzeyida namoyish etilmoqda.

Demre kashfiyot safari davomida iliq va quyoshli O‘rta yer dengizi qishidan bahramand bo‘lish bilan birga, Mira antik shahridagi ko‘plab xazinalarni ham ziyorat qilishingiz mumkin. Qadimgi shaharga kelganingizda, tosh qabrlarni va shaharning tarixiy boyliklarini ochib beradigan qadimgi Rim teatrini ko‘rishni unutmang.

Andriake Miraning qadimiy portidir. Adriake - har bir burchagida sarkofaklar, qabr va shahar devori xarobalari bilan tarixni eslatadigan noyob shahardir. Ko‘plab Andriake artefaktlari Likiya sivilizasiyalari muzeyida ham namoyish etiladi.

Kiritildi: 10:50 04.12.2024. O'qildi: 687 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!