Nigeriya, Niger va Jazoirni bog‘laydigan ulkan Transsaxara gaz quvuri loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Loyiha Afrika gazini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Shimoliy Afrika va Yevropa bozorlariga yetkazib berishni nazarda tutadi.
Uzunligi 4 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan quvur Nigeriyaning boy gaz zaxiralarini Niger orqali Jazoirga ulaydi. Keyinchalik gaz Jazoirning mavjud eksport infratuzilmasi orqali Yevropa davlatlariga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilsa, Yevropa har yili 30 milliard kubometrgacha tabiiy gaz qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Transsaxara gaz quvuri Yevropa uchun energiya manbalarini diversifikasiya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yevropa davlatlari energiya ta’minotini turli manbalar hisobiga kengaytirishga harakat qilmoqda.
Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish xavfsizlik, moliyalashtirish va infratuzilma bilan bog‘liq qator murakkab masalalarni hal qilishni talab qiladi. Quvurning katta qismi Sahroi Kabir hududlari orqali o‘tadi, bu esa qurilish va ekspluatasiya jarayonini yanada qiyinlashtirishi mumkin.
Agar loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa, Afrika nafaqat mintaqaviy, balki global energetika bozorida ham muhim o‘yinchilardan biriga aylanishi mumkin.