Shota Rustaveli ko‘chasida harakat tartibida o‘zgarishlar e’lon qilindi. Ushbu hududda avtobuslarga ustuvorlik qoidasi mavjud.
2025 yil 7 oktyabrdan boshlab Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy avtobus yo‘lagi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Birinchi bosqichda ushbu yo‘lak orqali 37, 57 va 58-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatlanadi.
Loyiha maqsadi — jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratishdir.
Quyida ushbu hududda harakatlanish bo‘yicha qisqa qo‘llanma:
Yo‘lovchilar uchun:
-Avtobuslar endi yo‘lning o‘rta qismidagi maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanadi.
- Yo‘lovchilar avtobusga chiqish va tushishni yo‘l o‘rtasida joylashgan maxsus platformalardagi bekatlarda amalga oshiradilar.
-Platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqing, belgilanmagan joydan o‘tish qat’iyan man etiladi.
-Avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘ting. Yo‘lovchilar yo‘lni faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali kesib o‘tishlari mumkin.
-Platformada sariq xavfsizlik chizig‘i ortida turing, avtobus to‘liq to‘xtagachgina eshikka yaqinlashing.
- Avval keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali yo‘lovchilarga yo‘l bering.
- Bekat atrofida to‘xtab, suratga olish yoki telefondan foydalanishda ehtiyot bo‘ling – xavfsizlikni unutmang.
Haydovchilar uchun:
- Shota Rustaveli ko‘chasining o‘rta yo‘lagi faqat avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan.
- Bu yo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat’iyan taqiqlanadi.
- Markaziy yo‘lakda avtobuslarga ustuvorlik beriladi. Ruxsat etilgan kesishmalarda avtobus harakatiga yo‘l bering.
- Ikki yo‘nalishda ham chapga burilish va ortga qayrilib olish taqiqlangan.
- Chapga burilish yoki qayrilish zarur bo‘lgan haydovchilar belgilangan chorrahalar orqali harakatlanishlari lozim.