Bugun 9 may, 2024 yil, payshanba

КИР

30 yoshda badavlat bo‘lish uchun 20 yoshda nima qilish kerak?

30 yoshda badavlat bo‘lish uchun 20 yoshda nima qilish kerak?

Badavlat kishiga aylanishning universal usuli mavjud emas. Muhimi – aniq va puxta o‘ylangan rejaga ega bo‘lish. Yuqori daromad haqidagi xom xayollar o‘rniga quyidagi 15 ta qadamga hozir amal qiling. Ana o‘shanda o‘n yildan keyingi muvaffaqiyatli hayot uchun ishonchli poydevor qurgan bo‘lasiz.

1. Harakatlar rejasini tuzing

Byudjet o‘rnating va unga amal qiling. Mablag‘ingizga mos ravishda yashashga va pulni aql bilan sarflashga yordam beradigan reja tuzing. Ana o‘shanda qarzlarni o‘z vaqtida to‘lab, kutilmagan holatlar uchun pul jamg‘arishga muvaffaq bo‘lasiz.

2. Ko‘proq pul ishlab topish usullarini izlang

Agar badavlat kishiga aylanishni istasangiz, karyerangizdagi ko‘proq pul ishlash mumkin bo‘lgan jihatlarga e’tibor bering. Balki maoshni oshirish masalasini muhokama qilish vaqti yetgandir? Yoki boshqa kompaniyada ko‘proq haq to‘lanadigan ish joyi paydo bo‘lgandir?

Maoshingizni oshirish uchun bajarishingiz mumkin bo‘lgan ishlar haqida o‘ylab ko‘ring. Qat’iylik bilan mehnat qilish va o‘z vaqtingizni ishga sarflashni ham unutmang.

3. Daromadning bir necha manbalariga ega bo‘ling

Maoshning o‘zi bilan boy odamga aylanib qolmaysiz. Bir necha daromad manbalariga ega bo‘ling – qo‘shimcha ish, masalan, frilans bilan shug‘ullaning. Odamlarga o‘z mahsulotingiz yoki xizmat turini sota olasizmi? Balki biznesga asos solish kerakdir? Sizda qiziq biznes g‘oyalar bormi? Ijodiy fikrlang.

4. Passiv daromad manbaiga ega bo‘ling

Passiv daromad – oyda bir marta kichik hajmdagi bir martalik ish uchun olinadigan to‘lov. Bunday daromad – boylik kaliti. Misol tariqasida blog yoki saytda reklamani sotish, elektron kitoblarga o‘xshagan raqamli mahsulot, onlayn-kurs, onlayn-seminar yoki video, xona ijarasi, internetda do‘kon ochish yoki keshbek-servislarda ro‘yxatdan o‘tishni keltirish mumkin.

5. Yashash harajatlarini qisqartiring

Badavlat bo‘lish uchun tejamkorlik bilan hayot kechirish lozim. O‘ziga to‘q kishilarning ko‘pchiligi qimmatbaho avtomobillar haydashmaydi va hashamatli uylarda kun kechirmaydilar. Bu kishilar yanada ko‘proq daromad ko‘rish va yangi loyihalarga sarmoya kiritish uchun xarajatlarini kamaytiradilar.

Qancha ko‘p sarmoya kiritsangiz, shuncha tez boy odamga aylanasiz. Sizga xizmat qilmaydigan narsalarga pul sarflamang. Balki mashinadan voz kechib, ishxonaga jamoat transportida borgan ma’quldir?

 

6. Kompaniyaga asos soling

Uzoq muddatli an’anaviy investisiyalarga qaraganda ko‘proq foyda keltiradigan imkoniyatlarni izlang. Tadbirkorlik o‘yiniga kirishing va kompaniyaga asos soling. Buni amalga oshirishingiz bilan daromad topishning cheksiz salohiyati paydo bo‘ladi. Shu bilan birga tavakkalchiliklarga qo‘l urishga to‘g‘ri keladi.

Sizni qiziqtiradigan sohalarni aniqlang va biznes-imkoniyatlarni izlang.

7. Uzoqni ko‘zlang

Nafaqa uchun ancha oldin pul jamg‘arishni boshlang. O‘zingizni qarz xavfidan himoya qilish uchun kutilmagan holatlar haqida unutmang.

8. Tavakkalga qo‘l uring

Badavlat bo‘lishga jiddiy kirishgan bo‘lsangiz, qulaylik zonasini tark etish va o‘zingizga bo‘lgan ishonchsizlik hissini yengish lozim. Barqaror ish va maosh tavakkalga qo‘l urishdan ko‘ra xavfsiz ko‘rinadi. Qo‘rquvga berilmang. Orzuingiz sari qadam tashlang va turli imkoniyatlarni izlang.

9. Moliyaviy rejani avtoparvozga qo‘ying

Boy bo‘lishning eng oson usuli – doimiy ravishda pul haqida o‘ylashni bas qilish. Mablag‘ingizni avtomatlashtiring. U mana bunday ishlaydi: maosh olganingizdan keyin pulning bir qismi avtomatik tarzda kutilmagan holatlar va nafaqa uchun jamg‘armaga o‘tadi.

To‘lovlar bilan ham aynan shu usulni qo‘llang – kredit kartalar, kommunal to‘lovlar va mashina uchun xarajatlar shular jumlasidandir. Avtomatlashtirilgan rejangizni yiliga kamida bir marta qayta ko‘rib chiqing.

10. Yaxshi ustozlar toping

Qanday tavakkalchiliklarga yo‘l qo‘yish, qandaylariga esa – yo‘qligini oldindan bilishni o‘rganish muhim. Sizning yoningizdagi tajribali ustoz – juda qimmatli. Bu odam sizning o‘rningizda bo‘lgan va qanday yordam berishni biladi. U sizga maslahat berib, murakkab muammolarni hal qilishda yordam qo‘lini cho‘zadi.

11. O‘zingizga ishoning

Sizning pul haqidagi fikrlaringiz pul topish qobiliyatingizga ta’sir qiladi. Gap pul haqida ketganida sizning falsafangiz qanday? Qanday hayot tarziga odatlangansiz? Moliyaviy erkinlikka erishishga intilish bilan birgalikda boyib ketishingizga ham ishoning.

12. O‘z-o‘zingizga sarmoya kiriting

Siz – o‘zingizning eng yaxshi resursingiz hisoblanasiz. Imkoniyatlar sonini oshirish uchun o‘zingizga sarmoya kiriting. Iqtidoringiz, qiziqish va ko‘nikmalaringizni baholab, salohiyatingizni qanday qilib oshirishni aniqlang.

Ta’lim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga ko‘proq pul sarflang. Dunyoqarashingizni kengaytirib, o‘zgalar bilan tanishing. Tajriba orttiring.

13. Kengroq fikrlang

Yoshlikda o‘zgalar uchun ko‘rinmaydigan imkoniyatlarni payqash mumkin. Kengroq fikrlang va kashfiyotchilik qobiliyatiga erkinlik bering. Aqlingiz chegarasiz va moslashuvchan. Boylik sari shaxsiy yo‘lingizni toping. Yodingizda bo‘lsin, muvaffaqiyatsizliklar bilan yuzma-yuz kelasiz. Xatolarni tan olib, g‘oliblikni nishonlang.

14. O‘zingizni muvaffaqiyatli kishilar bilan qurshab oling

Biz o‘rnatgan munosabatlar o‘zimizga katta ta’sir ko‘rsatadi. Agar ko‘proq pul ishlab topishni istasangiz, muvaffaqiyatli va badavlat kishilar bilan muloqotda bo‘ling.

Ana o‘shanda sizda maqsadga erishish uchun ko‘proq imkoniyat va rag‘bat paydo bo‘ladi.

15. Rivojlaning

Badavlat va muvaffaqiyatli kishilar – kitob “qurtlari”. Ular doimiy ravishda biror yangi narsani o‘rganishadi.

Daromadni oshirish uchun harakat, vaqt va sodiqlik talab etiladi. O‘qish va rivojlanishni davom ettirganingizda o‘zgarishlarga moslashish va uzoq muddatli oqil moliyaviy qarorlar qabul qilishni o‘rganasiz. Natijada o‘zingiz uchun ishonchli va farovon kelajak qurishga muvaffaq bo‘lasiz.

Manba: xabardor.uz

Kiritildi: 06:33 11.11.2018. O'qildi: 5534 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!