2026 yil 2 iyul kuni Turkiy dunyo haftaligi doirasida Ozarbayjon Milliy tarix muzeyida Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Boku. 1926: Til, tafakkur va birlik” nomli ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda Ozarbayjon Milliy tarix muzeyi hamkorligida tashkil etildi. Loyiha keng jamoatchilikka Birinchi Turkologiya qurultoyining tarixiy ahamiyati, turkiy xalqlarning mushtarak ilmiy va madaniy merosi hamda turkologiya fanining shakllanishi va rivojlanishidagi muhim bosqichlarni namoyish etishni maqsad qilgan.
Tadbirni ochib bergan Ozarbayjon Milliy tarix muzeyi direktori, akademik Naila Velixanli Birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy dunyo ilm-fani va madaniyati tarixidagi burilish nuqtasi bo‘lganini, u turkiy xalqlar merosini ilmiy asosda o‘rganishga mustahkam zamin yaratganini ta’kidladi. So‘z yakunida u ko‘rgazmani tashkil etishda ko‘maklashgan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligiga minnatdorlik bildirdi.
Tashkilotchilardan biri sifatida so‘zga chiqqan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulova ko‘rgazma konsepsiyasini taqdim etdi. U bundan roppa-rosa yuz yil avval Birinchi Turkologiya qurultoyida yangragan va o‘sha davrning eng muhim intellektual masalalaridan biriga aylangan: “Turkiy xalqlar kim, ular nimaga intiladi va qayerda birlashadi?” degan savolning javobi aynan ushbu ko‘rgazmada o‘z ifodasini topganini ta’kidladi.
Professor Aktoti Raimqulova qayd etganidek, Jamg‘arma uchun mazkur ko‘rgazma oddiy madaniy loyiha emas, balki Turkiy dunyoning mushtarak tarixiy xotirasi, umumiy ildizlari va boy madaniy merosiga yuksak ehtirom ifodasidir.
“Bu yerda namoyish etilgan har bir hujjat, har bir surat va har bir eksponat o‘z hikoyasiga ega. Ularga sinchkovlik bilan nazar soling, chunki aynan ularda barchamizni birlashtiruvchi ildizlar mujassam”, — dedi Jamg‘arma prezidenti.
Shundan so‘ng Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Saodat Yusifova yig‘ilganlarga murojaat qilib, umumiy tarixiy xotirani asrash va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi bunday loyihalarning alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Rasmiy marosim yakunlangach, ishtirokchilar ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar.
Ko‘rgazmada Turkiy dunyoning mushtarak tarixidagi eng muhim bosqichlar o‘rin olgan. Jumladan, turkiy xalqlarning umumiy madaniy ildizlari, XIX–XX asrlardagi alifbo islohotlari, Ozarbayjon Demokratik Respublikasining til siyosati, Yangi turk alifbosi harakati, 1926 yildagi Birinchi Turkologiya qurultoyi, 1937–1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar hamda mustaqillik davrida Turkiy dunyo integrasiyasining yangi bosqichi ko‘rgazma ekspozisiyasida yoritilgan.