Qirg‘izistonda siyosiy lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining mas’uliyati kuchaytirildi. Bu haqda Prezident Administrasiyasi axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov Facebookdagi sahifasida ma’lum qildi.
Prezident qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, intizomiy jazo (ogohlantirish yoki qattiq ogohlantirish) olgan davlat xizmatchisi xorijga chiqish huquqidan mahrum etiladi. Bundan tashqari, bonuslar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar vaqtincha to‘xtatiladi.
“Mazkur chora siyosiy soha xodimlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan. Endilikda har bir rahbar yoki yuqori lavozimdagi mansabdor shaxs o‘z vazifasini qat’iy bajarishi, qonun-qoidaga rioya qilishi shart”, – dedi Daiyrbek Orunbekov.