Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Zominda yuziga niqob taqib, qo‘liga pichoq tutgan kelin eridan qasd olmoqchi bo‘ldi

Zominda yuziga niqob taqib, qo‘liga pichoq tutgan kelin eridan qasd olmoqchi bo‘ldi

Xalqimiz bejizga "Jahl kelganda, aql qochar" demagan. Agar Husnora (ism-shariflar o‘zgartirilgan) shu maqolga amal qilganda, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘ining joniga qasd qilmagan, unga pichoq o‘qtalib, tan jarohati yetkazmagan bo‘lardi. Aslida biror inson alamini olish uchun u kim bo‘lishidan qat’i nazar boshqa bir insonga pichoq o‘qtalishga, uning umriga zomin bo‘lishga haqli emas... Husnoraning bunday qaltis jinoyatga qo‘l urishiga nima sabab bo‘ldi? 

Husnora (ayblanuvchi):

- Turmush o‘rtog‘im Mahmud Toshtemirov bilan 2018 yilning 5 oktyabr kuni qonuniy nikohdan o‘tib, turmush qurdik. Erim bilan munosabatimiz yaxshi edi, faqat ilk kunlardanoq qaynona-qaynotam bilan kelisha olmadim. Ular meni ro‘zg‘or yumushlarida no‘noqlikda ayblashardi. Oxirgi paytlarda janjal kuchayib ketdi. Erim ota-onasining gapiga kirib, men bilan urishadigan odat chiqardi. Bir necha marotaba qizlik uyimga arazlab ketdim, ammo kelajakda turmushim yaxshi bo‘lib ketishiga umid qilib, qaytib keldim. Aksiga olib, oradan bir yil o‘tsa-da, homilador bo‘la olmadim. Erim bilan kasalxonaga tekshiruvga borganimizda, shifokorlar Mahmud akada kuchli shamollash borligini, bu narsa menga ham o‘tganini aytishdi. Uyga qaytganimdan keyin mazam bo‘lmay, yotib qoldim. Qaynonam "Menga kasal kelin kerak emas, uyingga borib, davolanib kel", deb ota-onamning uyiga jo‘natib yubordi. Ayni shu kunlari singlimning to‘yi bo‘layotgani uchun u yerda bir oycha qolib ketdim. Shu bir oy mobaynida mendan na erim, na qaynona-qaynotam xabar oldi. Erim hatto qo‘ng‘iroq ham qilmadi. Bundan juda ruhan siqildim va nima qilishni bilmay, alam bilan kelinlik uyimga yo‘l oldim. Vaqt allamahal bo‘lgani uchun hovlida hech kim yo‘q, hamma uxlab yotardi. Sekingina yotoqxonaga kirdim, u yerda turmush o‘rtog‘im hech nima bo‘lmagandek xotirjam uxlab yotardi.Uning bemalol uxlab yotishini ko‘rib, g‘azabdan ko‘zimga qon quyuldi... 

Mahmud Toshtemirov (jabrlanuvchi):

– Aslida Husnoraning o‘zi "Meni davolatishni istamasanglar, ota-onam davolatadi", deb hech kimdan ruxsat so‘ramay, achchiq qilib, ketib qoldi. Uning bu qilig‘idan mening ham, ota-onamning ham jahli chiqdi. Shuning uchun undan hech kim xabar olmadi. 2019 yilning 4 dekabr kuni kechasi yotoqxonada uxlab yotgan edim. Endi ko‘zim ilinganda, ustimga birov chiqqandek og‘irlashib ketdim. Avvaliga "Bosinqirayapman, shekilli", deb kalima qaytardim. Lekin shunda ham ustimdagi sharpa yo‘qolmaganini ko‘rib, o‘rnimdan turishga harakat qildim. Ko‘zlarimni katta ochganimda, ustimda yuziga niqob taqqan, qo‘liga pichoq ushlab olgan ayol o‘tirardi. U qo‘lidagi pichoqni bir necha marotaba tanamga sanchdi. Qo‘rqib ketganimdan og‘riqni ham his qilmay, ayolni itarib tashladim. Sakrab turib, chiroqni yoqmoqchi bo‘ldim. Aksiga olib, chiroq ham yonmadi. Keyin ortimga qaytdim-da, uning qo‘lini qayirib, yerga yotqizdim, pichoqni olishga harakat qildim. So‘ng "dada", deb baqirdim. Shu orada dadam yugurib kirdi, men undan chiroqni yoqishni so‘radim. Chiroq yongach, ayolning yuzidagi niqobni yulib oldim... Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u rafiqam Husnora ekan. O‘sha paytda yaralanganimni sezmadim, dadamga "Negadir yelkam muzlayapti", dedim. Dadam yelkamdan qon oqayotganini ko‘rib, baqirib yubordi. Uning ovoziga katta akam ham yugurib keldi. Ular ikki kishilashib, Husnoraning qo‘lini bog‘lashdi. Mazam qochganligi uchun meni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishdi.

Hayot uchun xavfli, og‘ir shikast yetkazilgan

O‘tkazilgan qo‘shimcha sudga oid tibbiyot ekspertizasining bergan xulosasiga ko‘ra, M.Toshtemirovning tanasidagi tan jarohatlari, ya’ni – o‘ng ko‘krak qafasi orqa yuzasi sanchib kesilgan jarohati,7-qovurg‘a birikkan joyidan o‘ngdan kesilib ketishi,plevra bo‘shlig‘iga o‘tish jarohati o‘tkir kesuvchi sanchuvchi predmetlar bilan yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi va og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikastlar toifasiga kirishligi ko‘rsatilgan. 

Hukm o‘qildi...

Sud jarayonida Husnora Toshtemirova erini o‘ldirish niyati bo‘lmaganligini aytib, yengillik so‘radi. Aslida uning niyati jiddiy bo‘lmaganda yuziga niqob tutib, pichoq bilan qurollanib, yarim kechasi yashirincha kirib kelarmidi?

Sud barcha holatlarni hisobga olib, Toshtemirova Husnoraga O‘z.R.JKning 104-moddasi, 2- qismi "v" bandi bilan 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Ammo Husnoraning ayol ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, yoshligi va tuman xotin qizlar qo‘mitasining kafolatlari inobatga olinib, unga tayinlangan jazo O‘z.R.JKning 72-moddasini qo‘llagan holda shartli hisoblanib, 3 (uch) yilga sinov muddati belgilandi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining raisi Shavkat SHAMSHIYEV,

 Jurnalist Lola SHOIMOVA. 

Manba: darakchi.uz

Kiritildi: 15:50 07.07.2020. O'qildi: 6211 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!