Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

“Yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan jurnalistni qanday qilib bog‘chaga kiritaman” Qashqadaryo bosh tarbiyachisi jurnalistga qo‘ygan taqiqini izohladi

“Yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan jurnalistni qanday qilib bog‘chaga kiritaman” Qashqadaryo bosh tarbiyachisi jurnalistga qo‘ygan taqiqini izohladi

“Bong.uz” saytida “Qashqadaryo bosh tarbiyachisi xodimlarini so‘kib tashladi” sarlavhali xabar chop etildi. Unda keltirilgan audioyozuvdagi ovozlarning biri viloyatning bosh tarbiyachisi Asror Alimardonovga tegishli ekanligi aytiladi. Audioyozuvda boshliq suhbatdosh xodimiga axborot olishga kelgan jurnalist bilan gaplashmaslikni aytib, uni “Ket, yo‘qol”, deb haydab yuborishi haqida topshiriq beradi. Eng yomoni, boshqarma boshlig‘ining ovozi ekanligi taxmin qilinayotgan yozuvda janobi boshliq xodimiga jurnalistga axborot berishni taqiqlash barobarida bog‘chalarga kiritmasligini, muxbirning ta’magirligi bo‘lsa, isbot uchun audioyozuv yozish imkoni haqida so‘raydi.

“Qashqadaryo ziyokori” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Asror Alimardonov bilan suhbatlashdi. Boshqarma boshlig‘i jurnalistni bog‘chaga kiritmasligi va “Ket, yo‘qol” deb haydab yuborishlari haqida topshiriq berishining sababini ochiqladi. Uning aytishicha, Qamashidagi bog‘chalarga borgan jurnalist yaqinda Jizzax viloyatidagi shifoxonlardan birining yuqumli kasalliklar bo‘limida davolanib chiqqanini Alimardonovga SMS yozib ma’lum qilgan. Shuning uchun ham janobi boshliq jurnalist sog‘lig‘iga shubha qilib, bolalar oldiga qo‘ymagan.

— Yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan kishini qanday qilib bog‘chaga kiritaman, — deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Asror Alimardonov.  — O‘zim ham bog‘chaga kirish uchun sog‘lig‘imni tekshirtirib, so‘ngra keyin kiraman.

Asror Alimardonovning tan olishicha, audioyozuvdagi ovoz haqiqatdan ham uning ovozi, suhbatdoshi esa Qamashi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirligini vaqtincha bajaruvchi Javohir Xo‘jamberdiyev.

— Xodimimga haqiqatdan ham Kamola ismli jurnalistga axborot bermaslikni tayinladim va bordiyu o‘sha jurnalist yana viloyatga keladigan bo‘lsa yana kiritmaslik xususida topshiriq beraman, — deydi boshqarma boshlig‘i Asror Alimardonov. – Boisi Kamola Shermatova ismli jurnalist yaqinda menga SMS yozib, u bilan kelishib ishlashimni, gaplashib olish uchun u davolanayotgan Jizzaxdagi shifoxonalardan birining virusologiya bo‘limiga borishimni aytdi. Kamola Shermatova avval ham viloyatimizga kelgan va jurnalistga xos bo‘lmagan xatti-harakatlari bilan bizni hayratlantirgan. Qarshi shahridagi “Erkatoy” bog‘chasida bo‘lib, bolalar ko‘z o‘ngida tamaki chekkan. Koson tumanidagi bog‘cha mudiralarini qo‘rqitib, pul talab qilgan. Ko‘pchilik mudiralardan pul ham olgan. Bunga yetarli darajada isbotim bor, albatta. Agar mutasaddi tashkilotlar qiziqsa, taqdim etishim mumkin.

Asror Alimardonov iqrorlariga ko‘ra, o‘zini muxbir sifatida tanishtirayotgan Kamola Shermatova doimiy ravishda uni haqorat qilib kelgan, sha’nini tahqirlovchi SMS xabarlar yozib u bilan kelishishi lozimligini, yo‘qsa unga qarshi ishlashda davom etishini bildirgan.

— Menga boshqa viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘ini misol qilib keltirib, u bilan kelishib ishlayotganini shuning uchun ham har bir ishda unga ko‘maklashayotganligini, qolaversa, viloyatimizdagi hokimlardan biri bilan ham ko‘p yillik qadrdon ekanligini yozib, ular kabi kelishishimni so‘raydi. Har doim ko‘rishib gaplashishni, aytgan manziliga borishim lozimligini yozadi. Yaqinda ham Jizzaxda virusologiyada davolanayotganligini yozib, o‘sha yerga borishimni so‘radi.

Alimardonov so‘zining isboti sifatida taqdim etgan SMS  xabarnomalar skrinshotidan ma’lum bo‘lishicha, 15-02 raqamli telefon egasidan kelgan xabarda “Jizzaxda virusologiyadaman, sho‘tga keling” degan xabar bor. Bundan tashqari, mazkur raqam egasidan kelgan xabarnomalarda “Biror joyga choy tayyorla, o‘zim o‘taman”, “Sanam erkakmisan”, “O‘zingni davolat, osib qo‘y”, “San xoin, ichki dushmansan”, “Chaqaloq hidini hidlaganmisan, sanda otalik baxti bormi”, “Kim uchun yashayapsan, maqsadsiz”, “Chunki sizning bolangiz yo‘q” kabi so‘zlar yozilgan xabarnomalar ham kelgan.

15-02 raqami Kamola Shermatovaga tegishlimi yoki yo‘qmi buni tekshirib ko‘rish maqsadida jurnalist bilan bog‘landik va ushbu SMS xabarlarni u jo‘natgan-jo‘natmagani bilan ham qiziqdik.

“Qashqadaryo ziyokori» muxbiri bilan aynan shu raqam orqali muloqotga kirishgan Kamola Shermatova dastavval muxbirdan bu muammoni o‘rganish uchun rasmiy xat so‘raydi. Muxbir shu raqamdan boshqarma boshlig‘iga yuborilgan SMS xabarnomalarni siz yozganmisiz yoki yo‘qmi shunga oydinlik kiritmoqchiman degach, Shermatova haqiqatdan ham boshqarma boshlig‘iga SMS xabarnomalar yuborganini, ammo haqorat qilmaganini aytdi. Jurnalist Shermatovaning aytishicha, boshqarma boshlig‘i unga muntazam ravishda pul taklif qilib kelgan.

Kamola Shermatova tomonidan taqdim etilgan SMS xabarnomalar skrinshotida Asror Alimardonov haqiqatdan ham Shermatovani Qarshiga taklif qilgan.

Boshqarma boshlig‘i Asror Alimardonov “Qashqadaryo ziyokori” muxbiri bilan suhbati davomida Kamola Shermatova boshqarma tarkibidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga keladigan bo‘lsa, yana shunday topshiriq berishini aytmoqda.

“Qashqadaryo ziyokori” muxbiri boshqarma mas’ullari bilan suhbati davomida “Bong.uz” jurnalisti ko‘targan margarinlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Boshqarmada sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan Zemfira Qurbonovaning ta’kidlashicha, haqiqatdan ham bog‘cha bolalariga tabiiy, sigir sutidan tayyorlangan sariyog‘ berilishi kerak.

Qamashi tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajarib kelayotgan Javohir Xo‘jamberdiyev imzosi bilan boshqarma boshlig‘iga joriy yilning 23 avgust kuni taqdim etilgan ma’lumotnomada keltirilishicha tumandagi bog‘chalarga berilayotgan mahsulot margarin emas, sariyog‘ ekanligi aytilib, tarkibida o‘simlik yog‘i borligi, tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi tomonidan iste’molga yaroqli ekanligi haqida ma’lumot berilgani yoziladi.

Javohir Xo‘jamberdiyevning boshqarmaga ma’lum qilishicha, 2019 yilning iyul oyida tumandagi MTT larda tarbiyalanayotgan bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash maqsadida bo‘lim “TURA URALOVICH INVEST” MCHJ bilan №1-sonli 14 million 801 ming so‘mlik shartnoma imzolangan va shartnomaga asosan 41 000 so‘mdan 361 kilo sariyog‘ mahsuloti yetkazib berilgan. Shartnomaga asosan oldindan shartnoma tuzish uchun asos bo‘ladigan birlamchi hujjatlar, ya’ni tijorat taklifi, guvohnoma, muvofiqlik sertifikatlari taqdim etilgan. Undan tashqari “YOUTH EMPIRE” MCHJ bilan ham №12/19-sonli 6 million 560 ming so‘mlik shartnoma imzolangan va shartnomaga asosan 41 ming so‘mdan 160 kilo sariyog‘ yetkazib berilgan. Mazkur tashkilotdan ham shartnoma tuzish uchun asos bo‘ladigan birlamchi hujjatlar — tijorat taklifi, guvohnoma, muvofiqlik sertifikatlari taqdim etilgan.

Qamashi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Javohir Xo‘jamberdiyevning yozishicha, hammasi qonuniy va rivoladagidek.

Ammo boshqarmaning sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Zemfira Qurbonova boshqacha fikrda. Zemfira Qurbonovaga ko‘ra, har oyning boshida viloyat hokimi o‘rinbosari bog‘cha bolalariga berilishi lozim bo‘lgan mahsulotlar va ularning narxlarini tasdiqlaydi. Mazkur tasdiqqa muvofiq bog‘cha bolalariga tabiiy, sigir sutidan tayyorlangan 82,5 foizli sariyog‘ berilishi kerak. Va o‘sha sariyog‘ narxi 41 ming so‘m qilib tasdiqlangan. Qamashidagi bog‘cha bolalariga berilgan tarkibida o‘simlik yog‘i bo‘lgan sariyog‘ tasdiqlangan ro‘yxatda 30 ming so‘m qilib belgilangan.

Boshqarma mutasaddilarining aytishicha, mazkur holatda shartnoma tuzishda narx borasida g‘irrom qilingan.

Boshqarma bosh hisobchisi Shokir Erolovning tushuntirishicha, bog‘chaga mahsulot bo‘lim tarkibida tuzilgan 5 yoki 7 kishidan iborat tanlov hay’ati xulosasiga ko‘ra olib kiriladi. Tumandagi bog‘chalarga mahsulot olib kirish masalasiga maktabgacha ta’lim boshqarmasi mas’ullari umuman aralashmaydi. Tadbirkor o‘z maxsulotini tavsiya qilgach, tanlov hay’ati buni o‘rganib chiqadi. Tanlov hay’atiga taqdim etilgan tijorat taklifi, guvohnoma, muvofiqlik sertifikatlari shartnoma tuzishga asos bo‘ladi.

Tartib-tamoyilga ko‘ra tanlov komissiyasiga bo‘lim mudiri raislik qilishi kerak ekan. Ammo Qamashida bu tartib buzilgan. “TURA URALOVICH INVEST” MCHJ mahsulotlarini ko‘rib chiquvchi tanlov komissiyasida J.Mahmadaliyev raisligi ko‘rsatiladi.

Boshqarama mas’ullari bu holatni J. Mahmadaliyev o‘sha paytda bo‘limda vaqtincha mudir vazifasini bajarganligi bilan izohlashmoqda.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Feruz Jabborovning ma’lumot berishicha, MTT rahbari va hamshirasi mahsulot talabga javob bermasa bu haqda bo‘limga e’tiroz bildirishga, mahsulotni olishni rad etishga haqli. Qolaversa bo‘lim har oy bog‘cha rahbariyati buyurtmasiga ko‘ra, mahsulot buyurtiradi.

— Qamashi tumanidagi bog‘cha mas’ullaridan shu paytga qadar biror marta ham mahsulot talabga javob bermasligi yoki buyurtma qilingan mahsulot berilmayotgani haqida e’tiroz kelib tushmagan, — deydi Zemfira Qurbonova. – Agar bog‘chalarda shunday holat bo‘lganda, biz xabar topardik.

Biroq Qamashi tumanidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari ushbu masala yuzasidan nafaqat bo‘lim, boshqarmaga ham takror-takror ma’lum qilganligini aytmoqda.

Mazkur holatda boshqarma mas’ullari o‘zlarini oqlashga urinishi tayin, albatta. Ammo tartib-tamoyil ular aytgandek bo‘lishi ham mumkin. Biroq har qanday holatda ham boshqarma boshlig‘ining o‘z xodimiga jurnalistga axborot bermasligi haqida topshiriq berishi, “Ket, yo‘qol” deb haydashga va ta’magirlik qilishga chorlab, ovozini yozib olishga undashini oqlab bo‘lmaydi. Demakki, bu holatga faqatgina mas’ullargina aniqlik kiritishi mumkin.

Kiritildi: 14:29 14.09.2019. O'qildi: 3470 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!