Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Yunusobod metrosidagi fojia qurbonlari: ularning bir dunyo orzulari bor edi (FOTO)

Yunusobod metrosidagi fojia qurbonlari: ularning bir dunyo orzulari bor edi (FOTO)

Bundan roppa-rosa bir oy avval — 2019 yil 18 dekabr kuni Yunusobod metrosining yangi qurilayotgan qismida tuproq ko‘chishi yuz bergan edi. Bir kundan ortiq davom etgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 6 kishining jasadi tuproq ostidan olib chiqildi. Halok bo‘lganlarning to‘rt nafari Qashqadaryodan, yana ikki nafari Samarqanddan edi. «Daryo»ning Samarqanddagi muxbiri Farhod Norbo‘tayev va Qashqadaryodagi muxbiri Otabek Qo‘ldoshev mazkur voqeaga bir oy to‘lishi munosabati bilan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan quruvchilarning yaqinlari bilan uchrashdi.

Oltinchi qurbon — Zarif Karimov

«Biror kishi qolib ketmadimi deb ichkariga kirganda yer o‘pirilib tushgan»

Zarif Karimov 1981 yil Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. 2019 yilning 14 dekabr kuni xizmat safari bilan Toshkent shahriga Yunusobod yo‘nalishidagi metropoliten qurilishiga yuborilgan. 18 dekabr kuni yer o‘pirilishi natijasida tuproq bosib qolgan. 19 dekabr kuni soat 11:00 da jasadi topilgan.

Zarif Karimov.
Foto: «Daryo»

Marhum Zarif Karimovning onasi Yaxshigul Haydarovaning ta’kidlashicha, farzandi Samarqand temiryo‘llari tashkilotida yo‘l nazorati bilan shug‘ullangan. Temiryo‘l kollejini tugatib, shu yerda 19 yildan buyon ishlab kelgan. Uni metro qurilishiga ishxonasi yuborgan.

Bolam o‘z ishini yaxshi ko‘rardi. Har doim ishim deb yurardi. Hammaga mehribon edi. Qishloqdagi nechta odamni temiryo‘lga ishga olgan edi. O‘z oyog‘i bilan ketgan o‘g‘limni bunday ahvolga tushadi deb o‘ylamagandim. Qochadigan joylari yo‘qmikan, qocholmadimikan bolam! Orzulari ham ko‘p edi. Institutlarga topshirib, boshliq bo‘laman deb yurardi.

Yaxshigul Haydarova, Zarif Karimovning onasi

Zarif Karimovning turmush o‘rtog‘i Maysara Irisovaning aytishicha, eri Samarqand temiryo‘llari tashkilotining «Juma» temiryo‘l stansiyasida master bo‘lib ishlagan. Keyinchalik bosh master lavozimiga o‘tkazilgan. Rahbarlari qo‘ng‘iroq qilib, Toshkentga 15 kunga metro qurilishiga borishini aytgan. Zarif Karimov o‘zidan tashqari yana 37 nafar ishchini olib ketgan.

Ketishidan bir kun avval o‘zi bilan ketadigan ishchilarining hammasiga qo‘ng‘iroq qilib, u yerda sovuq bo‘lishini, shu sababli issiq kiyimlarini olishlarini aytib chiqdi. Bizga yaxshi o‘tiringlar, bolalarga yaxshi qaranglar deb ketdi. Har bir ishini katta mas’uliyat bilan qilardi. Turmush o‘rtog‘imni taniganlar o‘z ishini haqiqiy mutaxassisi deb aytardi. Hatto Toshkentga borib ishlaganida o‘sha yerdagi temiryo‘lchilar ham o‘z ishini puxta biladigan aqlli inson ekanligini aytishgan.

Maysara Irisova, Zarif Karimovning turmush o‘rtog‘i

Yaxshigul Haydarova va Maysara Irisova.
Foto: «Daryo»

Yaxshigul Haydarovaning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni Zarif Karimov qazilayotgan tunnelda o‘rnatilgan temirlarning boltlari mahkam ekanligiga ishonch hosil qilish, ularning birortasi bo‘shab ketmaganligini tekshirish va boshqa biror kamchiligi yo‘qmikan deb ichkariga kirgan.

Avval ishchilarini chiqarib, keyin o‘zi yana biror kishi qolib ketmadimi, deb ichkariga kirgan. Qolganlarni ham chaqirmoqchi bo‘lganida yer o‘pirilib tushgan, qocholmay qolgan. Ichkarida besh kishi qolgan ekan. Shularni ham olib chiqaman, degan ekan o‘g‘lim. Hamma chiqqanda nega meni o‘g‘lim chiqmay qoldi, deb yig‘layman. Hamma ishchilari chiqqan, nahot o‘g‘limning o‘zi chiqolmay qolgan bo‘lsa! Yangi yilga yaqin kelaman deb ketgandi. Men o‘g‘limning o‘lganiga ishonmayman. Xayolimda bolam haliyam ishlayotganday, qaytib keladiganday tuyuladi. O‘lganiga ishonmayapman. O‘zi qiyinchilik bilan katta bo‘lib, o‘qib shu ishga joylashgandi.

Yaxshigul Haydarova

Oilada to‘rt farzandning kattasi bo‘lgan Zarif Karimov yoshlik chog‘idayoq otasidan ayrilgan. Temiryo‘l sohasida ishlab kelgan otasi To‘lqin Karimov avtohalokat sabab 38 yoshida halok bo‘lgan. Shu sababli ham ro‘zg‘orning yumushlari bolalik chog‘idanoq Zarifning yelkasiga tushgan. Taqdirni qarangki, Zarif Karimov xuddi otasi singari 38 yoshida bu olamni tark etdi.

Otasiz katta bo‘lgan bolam otasining yoshida ketadi deb o‘ylamagandim. Ba’zan odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘yib shu yerda ishlatadimi deb xafa bo‘lib qolaman. «Taqdir-da, peshonasida shu kun yozilgan ekan-da», deydi kichik o‘g‘lim. Kimga aytay dodimni? Men o‘lsam bo‘lmaydimi o‘rningga deyman.

Yaxshigul Haydarova

Har yili Yangi yil bayramida navbatchilikda turgan Zarif Karimovga bayramni oila davrasida kutib olish armon bo‘lib qoldi.

To‘rt nafar farzandimiz bor. Uch qizdan so‘ng o‘g‘illi bo‘lgandik. Yaqinda bir yoshga to‘ldi. O‘g‘li tug‘ilganida to‘y qilaman deb juda xursand bo‘lib yurgandi. Uylarni sozlab, to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Qolaversa, Toshkentga Temir yo‘l muhandislari institutiga o‘qishga topshirmoqchi edi. Oliy ma’lumotli bo‘lishni orzu qilardi. O‘tgan yili topshirolmay qolgandi. Topshirganimda men ham imtihonlardan o‘tardim, deb yurardi.

Maysara Irisova

Zarif Karimovning uyi.
Foto: «Daryo»

O‘zim kichik o‘g‘lim bilan yashardim. O‘g‘lim ayajon meni uyimda yashang, deb uyiga olib kelgandi. Sizni sanatoriyalarga yuboraman derdi. Poyezd to‘xtab qoldi, mana bu yo‘l unday bo‘lib qoldi deb, doimo ishxonasidan chaqirib olishardi. Ayniqsa, mana shunday qorli kunlarda rels qisqarib yo kattalashib ketdi derdi. Men tushunmasam. Darrov telefon qilib chaqirardi. Hamisha ishda bo‘lardi.

Bundan ancha yil avval qayerdadir ko‘prik qulab tushgan ekan. Tizzasigacha ho‘l bo‘lib uyga kelib ust-boshini almashtirib, yana borib poyezd yo‘li ko‘prigini qurdi. Unga ancha bo‘ldi. Hozir qayerda bo‘lganligini eslay olmayman, ammo kechasi bilan ishchilari bilan ishladi. Oyoqlari shilinib ketgan ekan. Sizlardan boshqa odam yo‘qmi shuni to‘g‘rilagani deganimda, «Onajon, buni biz qilmasak bo‘lmaydi, bu yerdan poyezd o‘tishi kerak», deb aytgandi. Shunda oyoqlari shamollab, «Oyoqlarim og‘riydigan bo‘lib qoldi», deb aytardi.

Yaxshigul Haydarova

U Pastdarg‘om tumanidagi 14-umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan. Maktabda sinf rahbari bo‘lgan Vazira Yo‘ldoshevaning aytishicha, yaxshi bilimga ega bo‘lgan Zarif Karimov sinfning oldi o‘quvchilaridan edi. Hatto o‘qituvchilar uning turli savollar berishini o‘ylab, alohida tayyorgarlik ko‘rib kelishgan ekan.

Vazira Yo‘ldosheva.
Foto: «Daryo»

Zarifjon hech qachon nohaqlikka chiday olmasdi. Shu sababli ham yoshligida huquqshunos bo‘lishni orzu qilardi. O‘tgan yili may oyida sinfdoshlari 20 yillik yubiley qilishdi. Ishiga bo‘lgan mas’uliyat va sadoqati sabab yubileyga ham kela olmadi. Bu biz uchun armon bo‘lib qoldi. Hozir Zarifjonning qiziga dars o‘taman. Uzoqdan ko‘rsa ham oldimga kelib salom-alik qilib, hol-ahvol so‘rab ketardi. Ustozlarini juda hurmat qilardi.

Vazira Yo‘ldosheva

Zarif Karimov tug‘ilib katta bo‘lgan «Oqmang‘it» mahallasi raisi Bahriddin Bekmamatovning ta’kidlashicha, mahalla uning oilasiga yer olib berish uchun tuman hokimigiga chiqishni maqsad qilgan.

Beshinchi qurbon — Ixtiyor Rahmatov

«Davron ‘Anvar akaning oldiga borib o‘tiramiz’, deb ukamni olib ketdi. Ularning bari tuproq ostida qoldi»

Ixtiyor Rahmatov 1996 yilda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Farmonobod qishlog‘ida tug‘ilgan. 2019 yil 19 dekabrga o‘tar kechasi uning jasadi tuproq ostidan olib chiqilgan.

Ixtiyor Rahmatov.
Foto: «Daryo»

Otasining vafotidan so‘ng Ixtiyor Rahmatov akasi va opasi bilan birga Samarqand tumanidagi «Qorasuv» mahallasida bobosining uyida yashab kelgan.

Ixtiyorjonning biror insonga ziyoni tegmasdi. Shunday sodda, mehnatkash bola edi. Otasi vafot etganida Oqdaryodagi bobosi menga kerak emas deb qaytarib yubordi. Qizimning bolasi, qizimning o‘g‘li deb o‘zim qabul qildim. Oldimga kelib Toshkentga metro qurilishiga borishini aytdi. Rozi bo‘ldim. Borganidan so‘ng mana shu voqeaga duchor bo‘ldi. «Shu yerga borib ishlab sizga uch-to‘rt pul topib kelayin, sizga yordam bo‘ladi, erta uylanishim kerak, uy kerak bo‘ladi», degandi.

Bolli bobo Turobov, Ixtiyor Rahmatovning bobosi

Bolli bobo.
Foto: «Daryo»

Metro qurilishida tuproq ko‘chishi yuz bergan kuni Ixtiyor Rahmatovning akasi Baxtiyor Rahmatov ham o‘sha yerda bo‘lgan.

O‘sha kuni yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Shuning uchun biz «opalubka»ning tagida o‘tirgandik. Hammamiz bitta joyda edik. «Opalubka» yetmadi, ichkaridan chiqardik. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Keyin men ham o‘sha tomonga bordim. Ular chap tarafda, biz o‘ng tomonda o‘tirgandik. Brigadamizdan besh kishi ichkarida o‘tirgan edi. Boshlig‘imiz Anvar aka (Diyorov) edi. Ularning oldidan chiqdim. Sovqotdim, olovni oldiga borib o‘tiraman dedim. Olovning oldida isinib o‘tirganimda ukam kelib, telefonimni so‘radi. Telefonimni berdim. Ozgina telefon o‘ynab o‘tirganda yaqin o‘rtog‘i bo‘lib qolgan, Xudo rahmatli Davron (Abdullayev) kelib: «Ixtiyor aka, ketdik, Anvar akaning oldiga borib o‘tiramiz» dedi.

Biz olovda isinib o‘tirgandik. Voqea sodir bo‘lmasdan sal avval uydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Telefonda gaplashib o‘tirgan vaqtim bir narsa shunaqangi yorilib ketdi. Hamma shokka tushib qoldi. Yorilganidan so‘ng tuproq o‘sha «opalubka»ning ustiga kelib tushdi. Ukam ham shu yerda qolib ketganini bilib, uni qidirishni boshladim. Soat taxminan 22:00 da Anvar aka bilan yana bir kishining jasadini topishdi. Kechqurun soat 12 larda ukamni topishdi.

Baxtiyor Rahmatov, Ixtiyor Rahmatovning akasi

Baxtiyor Rahmatov (o‘ngdan birinchi).
Foto: «Daryo»

Baxtiyor Rahmatovning aytishicha, ishchilar himoyalanadigan joyning orasi 2 metr bo‘lib, beton qo‘yilgan. Suvni yaxshi ko‘tarmaydigan sariq tuproq yomg‘ir ko‘p yog‘ishi natijasida o‘pirilib tushgan.

Bu fojiami, baxtsiz hodisami bilmayman. U yerda ko‘pchilik edik. 5 mingta odam ishlardi. Voqea bo‘lgan joyda qancha odam borligini bilmayman. Ular yomg‘irdan pana bo‘lib o‘tirganini bilaman xolos. Xudo rahmatli Zarif aka (Karimov) bilan ham bir-ikki marta ko‘rishganman. Ular temiryo‘ldan edi. Bizga odam yetishmasa, ular bilan birga ishlaganmiz. Biz u kishi bilan karkas to‘qiganmiz. Biz ishga o‘zimiz borganmiz.

Baxtiyor Rahmatov

Bolli boboning uyi.
Foto: «Daryo»

Bolli bobo Turobovning uyida to‘rt oila yashaydi. Shuning uchun ham Ixtiyor akasi bilan birga uy olib chiqib ketishga harakat qilgan. Bolli bobo ham, Baxtiyor Rahmatov ham uy olish masalasida davlatdan yordam kutayotganini bildirdi.

Uchinchi qurbon — Davronbek Abdullayev

«Sinfdoshlarim darvozamizni gapiryapti, ko‘p pul ishlab ta’mirlataman»

Davronbek Abdullayev 1999 yilda tug‘ilgan. Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan. U fojianing yana bir qurboni — Oybek Abdullayevning amakivachchasi. 2019 yil 11 dekabrda metro qurilishida ishlash uchun Toshkentga kelgan. 2019 yil 18 dekabr kuni kechga yaqin uning jasadi tuproq ostidan chiqarib olingan.

Davron Abdullayev.
Foto: «Daryo»

Davronjonim fojiadan bir hafta oldin Toshkentga ketgandi, «onajon pul ishlab kelib, Yangi yil bayramiga katta bozor-o‘char qilib beraman», degandi. Yurak bag‘rimni kuydirib ketdi. Bo‘zlatib ketdi. «Ketma bolam», deya qaytarishga urindim. Ammo «sinfdoshlarim darvozamizni gapiryapti, uyimizni gapiryapti. Ta’mirlataman. Ko‘p pul ishlab kelaman», deb ketgandi. Qaytib kelmadi...

Saboat Jamolova, Davronbek Abdullayevning onasi

Davronbek Abdullayev yashagan uy darvozasi.
Foto: «Daryo»

Davronbek Abdullayev yashagan uy.
Foto: «Daryo»

Davronbek Abdullayev yashagan uy.
Foto: «Daryo»

Endigina 20 yoshga to‘lgan Davronbek Abdullayev 2019 yil 28 noyabr kuni Rossiyadan kelib, 11 dekabr kuni Toshkentga yo‘l olgan. Akasi Toshpo‘lat Abdullayevning tanishi marhum yakkabog‘lik Anvar Diyorov taklifiga ko‘ra metro qurilishida ish boshlagan.

Men Oloy bozori yonidagi ko‘p qavatli uylarda ishlayotgandim, tanishim yakkabog‘lik marhum Anvar Diyorov telefon qilib, metro qurilishida ishlayotganini, ishchi kerakligini aytdi. Shu sababli ukam Davronbek Yunusoboddagi metro qurilishiga borib qoldi.

Toshpo‘lat Abdullayev, Davronbek Abdullayevning akasi

Toshpo‘lat Abdullayev.
Foto: «Daryo»

Toshpo‘lat Abdullayev fojia sodir bo‘lgan payt o‘sha yerda bo‘lgan. Uning eslashicha, o‘sha kuni yomg‘ir yog‘ib turgan va voqea ertalabki 9:30 atrofida sodir bo‘lgan.

Er ostida ishlayotgandik, to‘satdan chiroq o‘chdi. Shu payt hamma tepaga chiqdi. Qarasam hamma yer ostidan tepaga qarab qochyapti. Bir bolani to‘xtatib, «nima bo‘ldi», deb so‘radim. «Tuproq ag‘anab ketdi», dedi. Ukam va amakivachcham Oybek borligi sabab tuproq ko‘chgan tomonga qarab chopdim.

Toshpo‘lat Abdullayev

Saboat Jamolova.
Foto: «Daryo»

Davronbek o‘g‘limni 9 yil kutib, dunyoga keltirgandim, undan avval ham uch farzandimni tuproqqa qo‘ydim, Davronjonimning o‘limi meni adoyi tamom qildi. Rossiyada tog‘asi bilan yarim yil ishlab qaytgandi. Kelishgan, suqsurdek yigit bo‘lib qaytgandi. Endi o‘g‘limsiz qanday yashayman?

Tog‘asi fevralda yana Rossiyaga olib ketaman degandi, jiyanlarimning ichida eng aqllisi deya maqtagandi. Bir kun Rossiyada tog‘asining mashinasini ruxsatsiz yuvibdi. Shunda tog‘asiga uning ruxsatisiz bir ishga qo‘l urganini aytib, uzr ham so‘rabdi. Tog‘asi esa, «Senga rahmat, yaxshi ish qilding-ku, nega uzr so‘raysan?», deya jiyanining ishidan mamnun bo‘lgan. Shunday xokisor yigit edi-da, o‘g‘lim...

Saboat Jamolova

Ikkinchi qurbon — Oybek Abdullayev

Besh kun oldin qaytishi kerak edi, ammo oyligini ololmagani uchun qolib ketdi

Oybek Abdullayev 1989 yilda tug‘ilgan. Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan. U fojianing yana bir qurboni Davronbek Abdullayevning amakivachchasi. 2019 yilning oktyabr oyidan metro qurilishida ishlagan. Fojiadan so‘ng tuproq ostidan olib chiqilgan jasadlardan ikkinchi bo‘lib uning shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Oybek Abdullayev.
Foto: «Daryo»

O‘g‘lim Oybekjonning o‘lganiga ishongim kelmaydi, nazarimda eshik ochiladi-yu, bolajonim kirib keladi. Yolg‘iz o‘g‘il edi. Ikki nafar qizdan so‘ng Yaratgan bergan bitta-yu bitta o‘g‘lim edi. Farzandlari Behruzjon va Ruhshona bo‘zlab qoldi. «Yangi yilga dadam Qorbobo bo‘lib keladi», deya kutayotgandi.

Halovat Shukurova, Oybek Abdullayevning onasi

Oybek Abdullayev uyini ta’mirlashga pul topish uchun metro qurilishiga kelgan.

2019 yil 21 oktyabr kuni Toshkentga ketgandi, «ishlab kelib, uyni ta’mirlataman degandi. Ammo jonsiz tanasi qaytdi.

To‘ra Abdullayev, Oybek Abdullayevning otasi

To‘ra Abdullayev va Halovat Shukurova.
Foto: «Daryo»

Marhum yaqinlarining aytishicha, Oybek Abdullayev fojiadan besh kun oldin to‘y sabab uyga qaytmoqchi bo‘lgan. Ammo maoshini ololmagani bois kelmagan.

13 dekabr kuni to‘yga kelmoqchi edi, ammo pulini ololmagani, yonida yetarlicha puli bo‘lmagani sabab kelolmadi. «Oyligimizni ololmadik, 28 dekabr kuni ishni tugatamiz, o‘shanda pullarimizni olib, to‘lib-toshib boramiz», degandi. Ammo afsus kelmadi...

Gulshan Namozova, Oybek Abdullayevning turmush o‘rtog‘i

Marhumning muhtojlarga ko‘mak berish niyati bo‘lgan.

O‘g‘lim ko‘p pul ishlab, yordamga muhtojlarga ko‘mak berishni ham niyat qilgan ekan, ammo o‘sha kuni kelgan jurnalist qiz kelinimga 100 dollar beribdi. «Biz muhtojlarga yordam bermoqchi edik-ku, nega endi bizga xayriya qilishyapti», deya xo‘rsinib yig‘ladi, alamidan kuyundi. Lekin taqdir shu ekan.

Halovat Shukurova, Oybek Abdullayevning onasi

Gulshan Namozova.
Foto: «Daryo»

Rahmatli turmush o‘rtog‘im judayam samimiy, xushchaqchaq inson edi, har doim meni ardoqlardi. Hatto hazil qilib «Dadasi, yana tanlash imkoni bo‘lganda meni dermidingiz yoki ko‘r ham hassasini bir marta yo‘qotadi dermidingiz», deya so‘rardim. «Faqat seni deyman, seni dunyoga keltirgan onangga rahmat aytishim kerak», deya ko‘nglimni ko‘tarardi. Bag‘rikeng, samimiy inson edi-da.

Gulshan Namozova, Oybek Abdullayevning turmush o‘rtog‘i

Birinchi qurbon — Jonibek Ravshanov

«O‘g‘limning metro qurilishiga ketishiga men sababchiman»

Jonibek Ravshanov 1989 yilda tug‘ilgan. Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan. Tuproq ostidan uning jasadi birinchi bo‘lib chiqarib olingan.

Jonibek Ravshanov.
Foto: «Daryo»

Uning onasi Risolat Bobomurodova o‘g‘lini tirikchilik uchun ishga yuborgani bois o‘zini koyiydi.

«Dadangning mazasi yo‘q, qizing ‘kasha’ ichishi kerak, ishlab pul topib kelganing ma’qul», deya o‘g‘limning o‘sha yoqlarga ishga ketishiga men sababchiman. Men yubormaganimda ketmas edi. Qo‘li gul yigit edi. Hovlining har bir burchagida qilingan ishda qo‘li bor. Hech tinim bilmasdi. Mehnatkash inson edi.

Risolat Bobomurodova, Jonibek Ravshanovning onasi

Risolat Bobomurodova.
Foto: «Daryo»

Ukam vafot etgach, ketma-ket 3 kun tushimga kirdi. Eng yaqin sirdoshim, maslakdoshim ukam edi. Meni jonidan ham ortiq yaxshi ko‘rardi. Faqat men haqimda qayg‘urardi. Men uning uchun akadek, u esa menga xuddi singildek yaqin edi. Sirlashardik. Mehribonim edi.

Farida Ravshanova, Jonibek Ravshanovning opasi

To‘rtinchi qurbon — Anvar Diyorov

«Bolalarim doim dadasini izlaydi»

Anvar Diyorov 1986 yilda tug‘ilgan. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida istiqomat qilgan. Bir necha yildan beri Toshkent shahridagi turli qurilish ishlarida faoliyat olib borgan.

Anvar Diyorov.
Foto: «Daryo»

O‘g‘lim eng katta farzandimiz edi. Oilada katta farzand bo‘lgani uchunmi juda mas’uliyatli edi. Ukasi va singlisi haqida qayg‘urardi. Afsus, barchamizni bo‘zlatib ketdi.

Normurod Diyorov, Anvar Diyorovning otasi

Anvarning turmush o‘rtog‘i Lobar Rahmonovaning aytishicha, fojiadan toki turmush o‘rtog‘ining jasadi olib kelinguniga qadar xabari bo‘lmagan.

Turmush o‘rtog‘im judayam kamgap edi, hatto tunnelda ishlaganini ham keyin bildik. Qizim Nozima dadasini ko‘p so‘raydi. Dilnura qizim va Xolmurod o‘g‘lim esa doim dadasini izlaydi. Yangi yilda kelishini intizor bo‘lib kutgandik.

Biz alohida yashaymiz, shu boisdan ham o‘sha kuni ota-onam kelib qaynonangning mazasi bo‘lmayapti ekan, deb qaynotamning uyiga olib bordi. Borib, shu voqea haqida eshitdim...

Lobar Rahmonova, Anvar Diyorovning turmush o‘rtog‘i

Dastlabki xabarlarda 250 metr kub tuproq ko‘chgani, ko‘chkiga davomiy yomg‘ir sabab bo‘lgani aytilgan edi. Baxtsiz hodisa munosabati bilan o‘sha kunning o‘zida bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida hukumat komissiyasi tuzilgan, pudratchi-quruvchi tashkilotlar tomonidan marhumlarning oila-a’zolari va yaqinlariga 100 million so‘mlik dastlabki tovon pullari to‘lab berilgan edi.

«Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensasiya pullari to‘lab beriladi», — deyilgandi FVV axborotida. Hodisa yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257- (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 258-moddalari (tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Aynan shu fojiadan so‘ng Yunusoboddagi metroning yangi bekatlari ochilishi 2019 yil oxiridan 2020 yil Navro‘ziga qoldirildi, Prezident Shavkat Mirziyoyev esa 2020 yilda o‘tkazilgan ilk yig‘ilishlarning birida qurilish sohasida mehnat muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Kiritildi: 18:04 18.01.2020. O'qildi: 4904 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!