Evropa davlatlari shu hafta yoki keyingi haftada Rossiya suveren aktivlarini ekspropriasiya qilish bo‘yicha kelishuvni e’lon qiladi.
Bu haqda Britaniyaning The Times gazetasi hukumatdagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Ularga ko‘ra, bu masala 8 dekabr kuni Londonda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan. Gazetaga ko‘ra, "kelishuv juda yaqin".
Gazetaning ta’kidlashicha, kelishuv Kiyevga muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 100 milliard funt sterling (133 milliard dollar) ajratishni nazarda tutadi. Bu mablag‘lar yo harbiy yordamga yoki Ukrainani qayta tiklashga sarflanadi. London 8 milliard funt sterling (10,6 milliard dollar) ekvivalentidagi aktivlarni o‘tkazadi.
Evrokomissiya 18-19 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Rossiyaning 210 milliard yevrolik aktivlarini ekspropriasiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga umid qilmoqda, shundan 185 milliard yevro Belgiyadagi Euroclear platformasida bloklangan.