Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Yangi qarorlar: endi davlat granti tugatilib, kontrakt miqdori oshadimi?

Yangi qarorlar: endi davlat granti tugatilib, kontrakt miqdori oshadimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida 2020 yil 1 yanvardan boshlab yurtimizdagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tadi.

Yangi tizimni joriy etishdan maqsad nima?

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy boshqaruv tizimini liberallashtirish, ularga byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilishda ko‘proq imkoniyatlar yaratish, professor-o‘qituvchilar va talabalarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratish orqali oliy ta’limdagi islohotlar samaradorligi va ta’lim sifatini oshirishdir.

2020 yil yanvaridan tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan OTMlar:

? Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
? Toshkent davlat yuridik universiteti
? Urganch davlat universiteti
? O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
? Samarqand davlat chet tillar instituti
? Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
? Toshkent moliya instituti
? Toshkent davlat sharqshunoslik instituti
? Toshkent farmasevtika instituti
? Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.

Tizimning afzalligi nimada?

O‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tadigan oliy ta’lim muassasalariga ta’lim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.

Davlat granti tugatiladimi?

Mustaqil moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan oliy ta’lim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.

Xarajatlarni OTMlarning o‘zlari belgilaydi

Hozirda oliy ta’lim muassasalari o‘z mablag‘larini ko‘p hollarda oldindan belgilab berilgan tartibda sarflashga majbur, ya’ni ajratilgan mablag‘ga muvofiq xarajat qilinadi: 46,8% — oylik maoshlar uchun, 33,1% — stipendiyalarga, 11,5% — byudjet uchun ajratmalar va 8,6 % — boshqa xarajatlar uchun. Yangi moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan oliy ta’lim muassasalari esa yuqoridagi maqsadlar uchun qancha mablag‘ sarflashni mustaqil o‘zi belgilaydi, ya’ni maqsadga muvofiq xarajat qilinadi.

Bunda, oliy ta’lim muassasasi yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish va ularga ko‘proq xaq to‘lash, ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlarini mustaqil belgilash, iqtidorli, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash huquqiga ega bo‘ladi.

Qolaversa, oliy ta’lim muassasalariga o‘qitishning innovasion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta’minotlar, zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini, kitoblar, jurnallar, o‘quv adabiyotlarini xarid qilish va chop ettirish uchun mablag‘larni mustaqil sarflash huquqi beriladi.

Kontrakt miqdori oshiriladimi?

Yangi tizimga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt narxlarining keskin oshib ketmasligi, qo‘shimcha mablag‘ topish maqsadida mavjud imkoniyatlarga zid ravishda ortiqcha qabulning amalga oshirilmasligi, eng muhimi sohada korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun mazkur 10 ta oliy ta’lim muassasasidagi o‘quv jarayonlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qat’iy nazorat qilib boriladi.

Kiritildi: 11:59 17.01.2020. O'qildi: 3835 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!