Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Yakkabog‘lik fuqaro: "Shifokor ukolidan keyin chaqalog‘imning ahvoli og‘irlashdi"

Yakkabog‘lik fuqaro: "Shifokor ukolidan keyin chaqalog‘imning ahvoli og‘irlashdi"

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi G‘olib Zoyirov “Nasafnews”ga Tuman tibbiyot birlashmasidagi qoniqarsiz ahvol haqida shikoyat qildi.

Murojaatda fuqaro 2020 yilning 5 yanvarida tug‘ilgan chaqolog‘i Muqaddas Turg‘unovani 20 fevral kuni tibbiyot birlashmaga qarashli bolalar bo‘limiga olib kelgani, ammo uning farzandiga ajratilgan xona qoniqarsiz sharoitda ekani tufayli davolatishga rozi bo‘lmaganini yozadi. Shundan so‘ng, G‘olib Zoyirov shifokorlar tavsiya etgan muolajalar bilan o‘z hududiga yaqin joylashgan oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan. Biroq, poliklinika shifokorlari chaqoloqni davolash bo‘yicha bolalar shifoxonasiga murojaat etishlarini tushuntirgan. Bolalar bo‘limiga qaytib borgan ota-ona chaqolog‘iga ukol olib uyga qaytadi. Ammo shu kuni ukoldan so‘ng chaqoloqning ahvoli yanada og‘irlashadi.
– Men shifokorlarga devorlari nam tortib, qorayib ketgan xonada farzandimni davolashni istamasligimni aytdim. Ular bo‘lsa, bizda boshqa xona yo‘q. Majbursiz shu xonada davolatishga deb tushuntirdi,- deydi G‘olib Zoyirov.
– 20 fevral kuni soat 11 lar atrofida shifokor yozib bergan mualoaja bo‘yicha hamshiralar farzandimga ukol qilishdi. Boshida hammasi yaxshi edi, uyga borganimizdan so‘ng birdan bolamning ahvoli og‘irlashdi. Shundan so‘ng, yana shifoxonaga olib keldik. Ular bizni boshqa xonaga joylashtirishdi. Lekin hech bir shifokor nega ukol qilingandan so‘ng chaqoloqning ahvoli og‘irlashganini aytmadi,- deydi chaqoloqning onasi Dilzoda Boltayeva.

“Nasafnews” holat bo‘yicha bolalar shifokori To‘lg‘anoy Yoqubovaga yuzlandi:

-Bolada yo‘talish, bosh aylanish holati avvalroq kuzatilgan. Ammo ota-ona vaqtida buni bilib shifokorga murojaat qilmagan. Shamollash tufayli bola bir necha kun uxlamagan. Shundan so‘ng, hamshira tomiriga ukol qilgan, oradan vaqt o‘tib kasallik xuruji kuzatilgan. Hozirda chaqoloq nazoratimiz ostida, ahvoli uncha og‘ir emas.
Murojaatchining shikoyatini o‘rganish chog‘ida bolalar bo‘limining sharoiti bilan ham tanishdik. Haqiqatdan ham ayrim xonalar yangi bo‘lsada devorlar nam tortib, ko‘rimsiz holga kelib qolgan.
O‘rganish ishlarimiz uchun hokimiyat buyrug‘ini talab qilgan tibbiyot birlashma rahbarining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Fazliddin Xolboyevning ta’kidlashicha, ayrim xonalarning bunday ko‘rinishiga kelib qolishida quruvchilarning ham aybi bor.
– Har yili yoz oylarida shifoxonada joriy ta’mirlash ishlari olib boriladi. Lekin ayrim xonalarimizda shamollatish (Ventelasiya) moslamasi o‘rnatilmagan. Shu tufayli xonalarda havo aylanmaganligi sababli devorlar nam tortib qolayapti. Har kuni devorlar artilib tozalab chiqilmoqda.

Bolalar bo‘limi shifokorlarining aytishicha, G‘olib Zoyirovning chaqolog‘i ahvoli og‘irlashishida hamshiraning aybi yo‘q. Chunki bolalarda ayrim kasalliklar og‘ir kechadi.

– Chaqoloqni og‘ir pnevmoniya – o‘pkaning yallig‘lanish kasalligi bilan qabul qilganman. Bolalar bo‘limining 2-qavatida joy yo‘qligi uchun o‘sha xonaga joylashtirishga majbur bo‘ldik. Chunki bizda bemorlar juda ko‘p, hammasiga ham bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsatishga ba’zan shifoxonada xonalar yetishmaydi,- deydi
shifokor Kamoliddin Oripov.

Ikki tomonning ham vajlarini to‘liq tingladik, ammo bizni qiynagani Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli bolalar shifoxonasi zamonaviy ko‘rinishga ega. Tibbiy muolaja ishlari olib borish uchun deyarli sharoitlar yaratilgan. Biroq oddiy e’tiborsizlik tufayli muolaja xonalari yuqoridagi suratda ko‘rganingiz kabi qo‘rqinchli holatga kelib qolmoqda.
O‘ylaymizki, mutasaddilar maqolada sanab o‘tilgan holatlardan to‘g‘ri xulosa qilib, kichik ammo ota-onalar noroziligiga sababchi bo‘layotgan muammoga yechim topishadi.

Kiritildi: 12:07 25.02.2020. O'qildi: 2556 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!