Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Yagona forma joriy qilinishidan kim manfaatdor?

Yagona forma joriy qilinishidan kim manfaatdor?

«Qo‘shni mahalla» telegram kanalida maktab formasi, aniqrog‘i, forma ishlab chiqarish hali boshlanmasidan monopoliyaga aylanib bo‘lgani haqida tanqidiy fikrlar bildirildi. UZ24 ushbu postni to‘lig‘icha e’lon qiladi:

«Xalq ta’limi vazirligi e’lon qilgan yagona maktab forma haqidagi mashmashasi nisbatan tinchib qolgan bir mahalda yana birdan qo‘zib ketdi. Bu tartib ertagayoq joriy qilinmasa, maktab ta’limi rasvoi jahon bo‘lib ketishi haqida dodlab chiqqanlar paydo bo‘ldi. Nimaga ekan?

Shu kelayotgan o‘quv yilidan joriy qilinish kerak bo‘lgan tartib bo‘yicha yagona maktab formasini respublika bo‘ylab 30dan ziyod korxona tikib sotishi kerak edi. Bu juda ham kam emasmi? Bundan chiqdi, yangi tartibdan foydalanib olishga tayyor turgan “forma egalari” ham paydo bo‘lib qolishgan ekan-da? 

Ushbu baxtli monopolistlar qatoriga qo‘shilaman deguvchilarning hafsalasi pir bo‘lgan. Formaning lekalasini sotib olish 10 million so‘m, ammo bu xali holvasi – matoni topish amri mahol ekan. Kerak bo‘lgan materialni faqatgina Namangandagi bir fabrikadan sotib olish mumkin (yana bitta monopoliya! O‘zi kam edi-da), ammo borsangiz, “bir oydan keyin keling” deydi. Negaki 30dan ortiq korxonaning buyurtmasini bajarib berishi kerak ekan. Yana bir variant – buxorolik tadbirkorlar shu matoga o‘xshashini Xitoydan olib kelib, sotayotgan ekan. Ammo metri 2 dollar turadigan materialning sifati qanday bo‘lishiga kim kafolat beradi? Tadbirkorlar Xitoyga borib, o‘zlari olib kelaman deyishsa, yanglishib qolishdan, kuyib qolishdan cho‘chishayapti. Xatto shu materialni ham monopoliyaga aylantirib olishgan ekan! 

Ya’ni, bo‘lajak maktab formasi bozori allaqachon bo‘lib olingan ekanu, tartib 5 yilga surilgach, ularning hafsalasi pir bo‘lgani tabiiy. Axir ular mo‘maygina daromadni hazm qilishga tayyor bo‘lib o‘tirishuvdi-da! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: 5 millionta o‘quvchi o‘rtacha 190 mingdan forma sotib olsa, salkam trillion so‘m pul bo‘ladi! Bundan kechish o‘zi bo‘lmaydi-da.

Shundayam 5 yildan keyin majburiy bo‘larkan-ku, forma o‘lmagur achib-aynib qolmas? Uning ustiga, hozirdan kiysa ham hech kim so‘kmaydi, demak, tikib qo‘yishga ulgurilgan formalarni bemalol erkin bozor sharoitida sotsa bo‘ladi. Ammo raqobatga chidash qiyin-da, to‘g‘rimi, davlat buyurtmasidan qorin to‘ydiradigan monopolistjonlar?

Eng qizig‘i, shu 10 mln to‘lab, “yopiq klubga” a’zolikni sotib olgan tadbirkorlar to‘dalashib bosh vazirning yangi ochilgan qabulxonasiga arz-dodini aytishayogan emish. Shu "tadbirkor"lardan 10 mlndan olgan mutasaddilar, iltimos, pulni xali ishlatib qo‘ymagan bo‘lsangiz, qaytarib beraqoling, shantaj qilib issiq kursilaringizdan ayirib qo‘ymasin tag‘in.

Ammo savol tug‘iladi: shu 30tacha boyvachchaning jig‘ildoni muhimmi yo 33 mln xalqning roziligimi? Xalq ta’limi tizimida shuncha muammo qalashib yotganida forma biroz kechiktirib turilishi adolatdan-ku axir. Bu yerda vazirlikning ham hafsalasi pir bo‘lgani ko‘rinib turibdi, negaki maktablarda sifatli ta’lim berilishini ta’minlashdan ko‘ra yagona forma joriy qilish ancha oson-da. 

Ammo XTVning jahli chiqishiga haqqi yo‘q, nazarimizda. Avval muammolarni to‘g‘irlab olishsin, ta’lim olishga sharoit yaratishsin, forma esa qochib ketmas. Va yana bir masala: pullik ta’lim, maktablar tabaqalari va majburiy forma singari ajabtovur takliflar odamlarni norizo qilmasliklari, vazirlikning rejalari esa amalga oshishi uchun taklif qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar puxta ishlab chiqilishi kerak, qo‘l uchida, xo‘jako‘rsinga emas. Shunda uyalib qolmaysizlar, azizlar.

P.S. Hurmatli birovning haqqi hisobiga pul topmoqchi bo‘lib, o‘z haqqini yaxshi bilgan tekstilchilar! Cho‘chimang, majburiy forma tartibi bekor qilinmadi, shunchaki 5 yilga kechiktirildi, xolos. Bu degani formani sotish taqiqlanadi, degani emas, bemalol sotaveringlar, nima muammo? Yo bozordagi chinakam raqobatdan qo‘rqayapsizlarmi?»

Biroz avval ushbu kanalda berilgan xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi majburiy formani bu yildan emas, balki 2024/25 o‘quv yilidan boshlab joriy qilish, yani 5 yildan keyinga surish bo‘yicha 666-sonli Qarorga o‘zgartirish kiritdi.

Kiritildi: 15:11 19.06.2019. O'qildi: 2301 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!