Amerikalik investor Stiven Linch AQSh hukumatiga Shimoliy oqim 2 gaz quvuri kimoshdi savdosiga qo‘yilsa, uni sotib olish bo‘yicha tenderda ishtirok etishini so‘rab murojaat qildi. Bu haqda The Wall Street Journal yozmoqda.
2024 yil fevral oyida Linch AQSh moliya vazirligiga sanksiya qo‘yilgan tashkilotlar bilan muzokaralar olib borishga ruxsat so‘rab so‘rov yubordi. U o‘z maktubida 2025 yil yanvar oyida gaz quvurlari operatori qarzlarini qayta tuzish yoki tugatish zarurati bilan duch kelishini ta’kidlagan.
Linchning fikricha, urush tugaganidan keyin gaz quvuri Rossiya uchun ham, Yevropa mijozlari uchun ham dolzarb bo‘lib qoladi. U «Shimoliy oqim» operatorini minimal miqdorga – taxminan bir necha milliard dollarga sotib olishiga ishonchi komil. Linchning ta’kidlashicha, gaz quvuriga egalik qilish Qo‘shma Shtatlarga Rossiya bilan muzokaralarda strategik ta’sir o‘tkazish va Yevropaga energiya yetkazib berish ustidan nazoratni ta’minlaydi.
The Wall Street Journal ta’kidlashicha, Linch Rossiya aktivlari bilan muvaffaqiyatli ishlashga qodir kam sonli amerikalik investorlardan biri sifatida shuhrat qozongan. 2007 yilda uning kompaniyasi Yukos Financeni - YUKOSning xorijiy aktivlarini sezilarli chegirma bilan sotib oldi.
Bundan tashqari, Linch Donald Trampning saylovoldi tashviqotiga katta hissa qo‘shgan va avvalroq AQSh g‘aznachiligidan Shveytsariyadagi Sber sho‘ba korxonasini sotib olishga ruxsat olgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR va LXR mustaqilligini tan olganidan keyin Germaniya «Shimoliy oqim 2»ni sertifikatlashni to‘xtatgan edi.
Keyinroq AQSh quvur operatoriga qarshi sanksiyalar kiritdi. Uning ishga tushirilishi hech qachon amalga oshirilmagan va kompaniyaning bankrotlik jarayoni bir necha marta, eng so‘nggida 2025 yil yanvarigacha qoldirildi. Shundan so‘ng operator kim oshdi savdosiga qo‘yilishi rejalashtirilgan.