Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

«O‘zdavkarantin» O‘zbekistondan Qirg‘izistonga meva-sabzavot eksport qilinishiga taqiq haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi

«O‘zdavkarantin» O‘zbekistondan Qirg‘izistonga meva-sabzavot eksport qilinishiga taqiq haqidagi gap-so‘zlarga izoh berdi

Internetda 14 noyabr kuni O‘zbekistondan Qirg‘izistonga meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirilishiga Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va meliorasiya vazirligi tomonidan taqiq qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, taqiqqa sabab sifatida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga olib kirilayotgan anor mahsulotida Sharq mevaxo‘ri – «Grapholita Molesta» hasharoti aniqlanganligi ta’kidlangan. Ayrim axborot manbalarida mazkur hasharot «virus» sifatida nomlanib, noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirilgan.

Shu bilan birga, «Do‘stlik» chegara nazorat punktida joriy yilning 12 noyabr kuni O‘zbekistondan 35 tonna nok, behi, no‘xat va ziravor mahsulotlar fitosanitar sertifikatsiz va maxsus etiketkalarsiz yuklanganligi bois to‘xtatib qolinganligi ma’lum qilingan.

Avvalambor, “Do‘stlik” chegara nazorati punktidan o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinishi davom ettirilayotganligi va hech qanday yukning orqaga qaytarilish holatlari qayd etilmaganligini alohida ta’kidlaymiz.

Hozirgi kunda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston karantin xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari 2019 yil 1 avgustda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Qirg‘iziston respublikasi hukumati o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik bitimi” asosida amalga oshiriladi.

Xalqaro amaliyotga ko‘ra, mahsulotda zararli karantin organizmlar aniqlanganda, Xalqaro sanitariya va fitosanitariya choralari talablaridan kelib chiqib, import qiluvchi davlatning karantin xizmati fitosanitariya talablari buzilganligi yuzasidan mahsulotni eksport qilgan davlatga notifikasiya (bildirishnoma) yuborishi lozim.

Biroq shu kunga qadar hech bir holat yuzasidan Qirg‘iziston karantin xizmati tomonidan asoslantirilgan rasmiy notifikasiyalar (bildirishnomalar) kelib tushmagan.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning 15 noyabr kuni “O‘zdavkarantin” inspeksiyasiga Qirg‘iziston respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va meliorasiya vazirligidan O‘zbekistondan eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 356 ta holatda fitosanitar sertifikatlarsiz olib kirishga urinish sodir etilganligi, bunday xatti-harakatlarning 10 foizida mahsulotlarda zararli organizmlar aniqlanganligi haqida xat kelib tushgan.

Xatda, shuningdek, bu kabi holatlarga qarshi birgalikda kurashilishiga va ikki davlat karantin xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada kuchaytirilishiga umid bildirilgan.

O‘z navbatida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi mazkur masala yuzasidan javob xati yo‘llagan bo‘lib, unda Inspeksiya yuqoridagi kabi holatlarga qarshi hamkorlikda kurashishga tayyor ekanligi qayd etilgan hamda qirg‘iz tomonidan ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan asoslangan dalillar va ma’lumotlar tezkorlikda yuborilishi so‘ralgan.

Qirg‘iz tomonidan javob xatlari olinishi bilanoq, Inspeksiya bu haqda jamoatchilikni xabardor qiladi.

«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati

 

Kiritildi: 17:49 17.11.2019. O'qildi: 2245 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!