Hukumat qarori (75-son, 16.02.2021 y.) bilan O‘zbekiston hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqishda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimidagi akkreditasiyadan o‘tgan ekologik sertifikatlash organi tomonidan beriladigan ekologik sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Ekologik sertifikat olish uchun ariza beruvchi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi ekologik sertifikatlash organiga ariza bilan murojaat qiladi.
Ekologik sertifikatlash organi 1 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va hujjatlar to‘liq bo‘lganda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni sertifikatlashni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ekologik sertifikat:
— olib kirilayotgan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarga (transport vositalaridan tashqari) aniq hajmi (soni) ko‘rsatilgan bitta tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) va yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi o‘rtasida tuzilgan kelishuv(lar) nusxasiga asosan – bir kalendar yildan oshmagan muddatga;
— ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarning har to‘piga – bir yildan oshmagan muddatga;
— mahsulotlarni seriyalab ishlab chiqarish jarayonlariga esa – 3 yil muddatga beriladi.
Mazkur tartib 2021 yil 1 maydan boshlab kuchga kiradi.