Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonga doya «erkaklar» kerakmi?

O‘zbekistonga doya «erkaklar» kerakmi?

Yaqinda bir tanishimni tug‘ruqxonaga olib bordim. Dard bilan olishib, ta’bir joiz bo‘lsa o‘limni bo‘yniga olib borgan ayolni tug‘ruqxonaga  boshlab kirganimda menga omadim borligini, bugun shaxsan Falonchi Falonchiyevichning o‘zlari navbatchi ekanligini aytishlari bilanoq barzangidek erkak doyaning o‘zlari ko‘rinish berib qoldilar. 
— Sizmisiz doya?! , — dedim. U ko‘zimga qattiq tikilib turaverdi.
— Sizga shundan boshqa ish qurib qolganmi? — dedim dard chekayotgan ayolni ham unutib. U indamadi. Qaltirab, menga boshqa ayol vrach topib berishlarini so‘radim. Erkak doya «o‘zing bilasan» , degandek ensasi qotib buruldiyu, oh-voh chekib yuzlari azobdan burushayotgan ayollarga qarata 
— Kimning navbati?  Kirsin, — deya xonasiga kirib ketdi. Yoshgina bir yigit xotinining qo‘lini qo‘yib yubordi. Ayoli ham erkak doyaning ortidan kirib ketdi...
 Ehtimol ,alam bilan xotinini yetaklab kelgan erkaklarga gapira boshladim:
— Nimaga o‘z ayolingizni qizg‘onmayapsiz? Nimaga to‘polon qilmayapsiz? O‘zbek ayolining iffatini saqlash sizning qo‘lingizda emasmi axir?! Ayollarning yomon yo‘lga kirib ketishiga siz erkaklar sababchisiz. 
Bilmadim, yana nimalar dedim? Meni deyarli sudrab olib chiqib ketishdi. Darvoza oldida nafas rostlab turarkanman, bir yigit xotinini urusha-urusha olib chiqib ketayotganini eshitib qoldim.
— Yur, istagan joyingga olib boraman. Faqat bu yerda tug‘maysan. 
Xayriyat, dedim. Bittasida bo‘lsa ham oriyat bor ekanku! 
Mana necha kundan buyon ushbu voqeani xayolimdan ketkaza olmayapman. 
Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani yozilganiga ham yuz yilcha bo‘ldi. Kumush farzand dunyoga keltirganida Otabek otasiga ko‘rinishdan uyaladi. Kumush esa Otabekni ko‘rib qaynonasidan uyaladi. Biz qachon shunchalik o‘zgardik?!
O‘tgan asrning 50-yillarida ilk erkak doyalar kirib kela boshladi O‘zbekistonga. Atoqli adiba Saida Zunnunova o‘zining «So‘qmoqlar» qissasida erkak doyalarni qattiq qoralab asar yozadi va bu qissasi uning boshiga malomat bo‘lib yog‘iladi. Ehtimol, 51 yoshidayoq bu dunyoni tark etishiga olib keladi. O‘sha asarda keltirilishicha, momolarimiz erkak doyalarga ko‘rinmaslik uchun o‘zlarini baland imoratning derazasidan pastga tashlab, bolasi bilan birga halok bo‘ladilar. Qani o‘sha momolarimiz?
Boshimga tashvish tushib Respublika Endokrinologiya shifoxonasiga borgan edim. Ma’lum bo‘lishicha, bizda endokrinolog-jarrohlar yetishmas ekan, lekin doya bo‘la turib ish topa olmayotgan yuzlab ayollar ham bor ekan. O‘sha erkak doyalar shifokor bo‘lgisi kelibdi, nega o‘ziga munosib soha bo‘yicha o‘qimadi?! 
To‘g‘ri, qarindoshimniku ayol vrach tug‘dirdi, lekin boshqalar-chi? Menimcha, bu haqda o‘ylab ko‘rish vaqti yetgandir. Unutmaylik, kim bo‘lsak ham bir kuni Allohning qarshisiga boramiz. O‘shanda gunohu savoblarimiz ham o‘zimiz bilan birga bo‘ladi!

Feruza Salxodjayeva

Kiritildi: 16:39 09.07.2019. O'qildi: 3682 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!