Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistondagi saylovlarda «ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar» kuzatilgani qayd etildi

O‘zbekistondagi saylovlarda «ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar» kuzatilgani qayd etildi

EXHT va Yevropa parlamentining hamkorlikdagi missiyasi «ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar» kuzatilganini qayd etdi: ko‘plab saylovchilar tegishli tartiblar qo‘llanilmagan tarzda saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan, hujjatlarsiz saylov byulletenlari topshirilgan, boshqalar nomidan ovoz berish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bir qator saylov uchastkalarida kuzatuvchilar bir nechta byulletenlar tashlangan vaziyatlarga ham guvoh bo‘lishgan. Bu haqda gazeta.uz yozmoqda.

(Rasmda Reynxold Lopatka (o‘ng tomonda).

Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (EXHT DIIHB), YEXHT Parlament Assambleyasi (EXHT PA) va Yevropa Parlamenti kuzatuvchilarning qo‘shma missiyasi O‘zbekiston prezidentligiga saylovlarni kuzatish davridagi faoliyati to‘g‘risida bayonot berdi.

Xalqaro kuzatuvchilarning e’tiroficha, yaqinda o‘tkazilgan samarali islohotlarga qaramay, bugun O‘zbekistonda haqiqiy plyuralizm va prezidentlikka nomzodlar yoki fuqarolar o‘rtasida ahamiyatga molik o‘zaro uyg‘unlik sezilmagan saylovlarga haqiqiy raqobat muhiti yetishmadi. Qolaversa, saylov kuni ba’zi prosessual qoidabuzarliklarga ham yo‘l qo‘yildi.

«Shunga qaramay, kuzatuvchilar saylov qonunchiligida hali qator kamchiliklar mavjudligi va u hamon demokratik saylovlarning xalqaro standartlariga to‘liq javob bermasligini ta’kidlab o‘tdilar. Mamlakat Konstitusiyasida insonning asosiy huquq va erkinliklari kafolatlanganiga qaramay, ular boshqa qonunchilik hujjatlari bilan cheklangan va amaliyotda ulardan yetarlicha qo‘llanilayotgani yo‘q», — deyiladi xabarda.

«Bu saylov, hozirgacha erishilgan yutuqlarning tasdig‘i sifatida so‘nggi yillardagi demokratik islohotlar davom ettirilishi zarurligini ko‘rsatib berdi», — dedi maxsus koordinator va YEXHTning qisqa muddatli kuzatuvchilar missiyasi rahbari Raynxold Lopatka.

«Saylovda biroz yetishmagan asosiy erkinliklarga bo‘lgan to‘laqonli hurmat va siyosiy kuchlar o‘rtasidagi haqiqiy raqobat kishilarning demokratik orzu-umidlari ro‘yobga chiqishi uchun o‘ta muhim omildir», — deya qo‘shimcha qildi u.

Saylov kuni 21 mlnga yaqin saylovchilar ro‘yxatga olingan, saylovga tayyorgarlik juda sinchkovlik bilan va samarali olib borilgani e’tirof etilgan.

«Biroq, ko‘plab saylov uchastkalarida saylov kunidagi ovoz berish jarayoninini ijobiy baholab bo‘lmaydi. Saylovda saylovchilarning ishtiroki salmog‘i 80 foizdan yuqori bo‘ldi, ammo unda ko‘plab jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilgan. Xususan, ko‘p sonli saylovchilar tegishli tartiblar qo‘llanilmagan tarzda saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shilgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz o‘z saylov byulletenlarini topshirishi yoki boshqalar nomidan ovoz berish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. shuningdek, bir qancha saylov uchastkalarida saylov qutilariga bir kishi tomonidan bir nechta byulletenlar tashlangan vaziyatlar ham qayd etilgan. Ko‘p hollarda ovozlarni sanash tartib-qoidalariga rioya qilinmadi, saylov uchastkalarida esa, natijalarni qayd qilishda nomuvofiqliklar sababli, ba’zi qiyinchiliklarga duch kelindi.», — deya qayd etishdi kuzatuvchilar.

«Mamlakatda yaqinda o‘tkazilgan va hozirda olib borilayotgan islohotlar istiqboldagi o‘z mevasini berishi aniq, — deya ta’kidladi Yevropa Parlamenti delegasiyasi rahbari Xaydi Xautala, — biroq muxolifat partiyaning yo‘qligi va haqiqiy raqobatning sezilmaganligi hamda saylov kuni ko‘zga tashlangan qator qoidabuzarliklar demokratiya jarayoni yo‘lidagi jiddiy to‘siq sifatida baholanishi mumkin».

«Kecha hamkasblarim bilan butun mamlakat bo‘ylab saylov uchastkalarida bo‘lgan samimiy munosabatdan juda xursand bo‘ldik. Saylov jarayonlarida saylovchilar tili va jismoniy imkoniyatlaridan qat’i nazar, ular uchun yaratilgan ochiq ovoz berish sharoiti yaratilganligini ham yuqori baholagan bo‘lsak-da, ba’zi tartiblarda ko‘zga tashlanmaydigan eski kamchiliklar haliyam saqlanib qolganligini kuzatdik. Xususan, ovozlarni sanash jarayonida bunday holatlarga ko‘proq yo‘l qo‘yildi, — deydi YEXHT PA delegasiyasi rahbari Daniela de Ridder. Umid qilamanki, biz qayd etgan yuqori darajadagi huquqiy islohotlar davom ettirilib, jamiyatning barcha sohalarida o‘zining ijobiy natijasini beradi, demokratik siyosiy madaniyat mustahkamlanib, nihoyat bu kabi salbiy holatlarga barham beriladi».

O‘tkazilgan saylovlarda amaldagi prezidentni hisobga olgan holda jami 5 nafar nomzod ishtirok etdi. Saylanish huquqini qo‘lga kiritishdagi haddan ortiq qat’iy tartiblari va partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi murakkab talablar saylanish huquqini jiddiy ravishda cheklabgina qolmay, saylovchilar uchun siyosiy tanlovlarning ham kamayishiga sabab bo‘ladi.

«Prezidentlikka nomzodlarning biri ayol kishi bo‘ldi va Konstitusiyada erkak va ayollarning tengligi kafolatlanganiga hamda parlamentdagi deputat xotin-qizlar soni yaqinda sezilarli darajada oshganligiga qaramay, ayollar mamlakatning jamoat va siyosiy hayotida yetarlicha ishtirok eta olganicha yo‘q», — deyiladi bayonotda.

«Amaldagi prezident va uning hozirgi nomzod sifatidagi rollari, umuman olganda, chalkashtirib yuborilgan va bu unga asossiz darajada ustunlik bergan. Bundan tashqari, aksariyat xususiy OAV amaldagi prezidentning faoliyatini boshqa to‘rt nomzod haqidagi xabar va lavhalarni qo‘shib hisoblagandan ham ko‘proq darajada yoritib yuborishdi. Qolaversa, monitoring qilingan OAV ham hozirgi prezident olib borayotgan ishlarga ancha keng urg‘u berib yuborishdi», — deyiladi xabarda.

Mahalliy hokimiyat va ijtimoiy masalalarni yoritish, ayniqsa, internetda ancha keskin tus olgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar ommaviy axborot vositalarida yuqori mansabdor shaxslar va nomzodlar haqida deyarli hech qanday tanqid bo‘lmagani qayd etildi. «OAV uchun qonunchilik bazasining cheklanganligi, shuningdek, jurnalistlar va blogerlarni vaqtincha hibsda saqlash, qo‘rqitish va tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘plab jurnalistlarning o‘zini o‘zi senzuralashga olib keldi hamda keng jamoatchilikka ochiq bo‘lgan ma’lumotlar va qilinadigan tahlil hajmini yanada kamaytirdi», — degan fikrda kuzatuvchilar.

«Uzoq muddatli kuzatuvlarimiz davomida biz o‘tkazilayotgan islohotlar kelgusida ancha yaxshi natijalar berishi mumkinligiga ishonch hosil qildik, lekin hali oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar bor, — dedi DIIHBning Saylovni kuzatish missiyasi rahbari Ouen Merfi. — So‘nggi paytlarda OAVlar va Internet muhitida ancha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilganiga qaramay, fuqarolar o‘z fikrlarini erkin va to‘liq ifoda etishlari nazorat ostida qolmoqda».

Ma’lumot o‘rnida, saylovni kuzatuvchilar xalqaro missiyasida DIIHB eksperti, uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilardan jami 255 nafar, YEXHT Parlament Assambleyasidan 99 nafar parlamentariy va xodim, Yevropa Parlamentidan 12 nafar vakil — jami 44 mamlakatdan 366 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi.

Kiritildi: 18:50 25.10.2021. O'qildi: 8909 marta. Fikrlar soni: 9 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!