2024 yilda soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish holatlari tahlil qilindi.
Davlat Rahbarining 6247-son farmonida Soliq va Bojxona qo‘mitalari, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har chorakda soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan sub’ektlar, ularning yakuniy benefisiar jismoniy shaxslari, to‘lagan soliqlari va moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborotlarni ochiq e’lon qilinishi belgilangan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkilotlarning 2024 yil 1-yarim yillik yakuni bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanganlik holati tahlil qilindi.
Unga ko‘ra, 1-yarim yillik yakuni bo‘yicha foydalanilgan umumiy soliq va bojxona imtiyozlari jami 63,4 trln so‘mni tashkil etgan (2023 yilda 127,1 trln so‘m).
Jumladan:
Bojxona imtiyozlari (bojxoni yig‘imi, boji, aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i)dan 10 454 ta korxona foydalangan bo‘lib, qo‘llanilgan jami imtiyoz summasi 24,4 trln so‘mni tashkil etadi, shundan:
- davlat ahamiyatiga molik loyihalar bo‘yicha qo‘llanilgan bojxona imtiyozlari 4,9 trln so‘mni;
- jismoniy shaxslar tomonidan 91,3 mlrd so‘m;
- chet el vakolatxonalari va personallari tomonidan foydalanilgan imtiyozlar 49,1 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, 63 ta chet el yuridik shaxslarining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari tomonidan 843,6 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozlaridan foydalanilgan.
Soliq imtiyozlaridan 132 059 ta tashkilot foydalangan, qo‘llanilgan jami imtiyoz summasi 39 trln so‘mni, qo‘llanilgan soliq imtiyozlarining 82,2 foizi yoki 32,1 trln so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i (16 trln so‘mi QQSdan nol darajali stavka) hisobiga to‘g‘ri keladi.
Soliq imtiyozlaridan foydalangan tashkilotlar soni imtiyoz summasi kesimida:
- 1 mlrd so‘mgacha – 129 460 ta;
- 1-100 mlrd so‘mgacha – 2 560 ta;
- 100 mlrd–1 trln so‘mgacha - 36 ta;
- 1 trln so‘mdan ortiq - 3 ta.
Agentlik tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ma’lumotlarning belgilangan muddatlarda ochiqlanishi doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda.