Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni atayin kamaytiriladimi? Bosh infeksionist javob berdi

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni atayin kamaytiriladimi? Bosh infeksionist javob berdi

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori va Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh infeksionisti Erkin Musabayev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida COVID-19 qurbonlari sonining o‘sishi, pandemiyaning bilvosita qurbonlari, asoratlarsiz kechayotgan kasallikni uy sharoitida davolash, antitanachalar uchun olinayotgan testlar va statistikani pasaytirib ko‘rsatish ehtimoli haqida gapirib berdi.

23 iyundan boshlab O‘zbekistonda COVID-19 holatlarining har kunlik ko‘payishi eng kamida 200 tani tashkil etmoqda. O‘tgan hafta davomida koronavirus bilan kasallangan bemorlar orasida o‘lim holatlari sonida ham o‘sish kuzatildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining 25 martdagi buyrug‘iga («Gazeta.uz»da nusxasi bor) binoan, mamlakatdagi bir qator tibbiyot muassasalari koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun qisman qayta jihozlangan.

Toshkent shahrida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni kasalxonaga yotqizish uchun 2833 zaxira yotoq joylari tashkil etildi — Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida (200), Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutida (200), Toshkent tibbiyot akademiyasida (1514), 1-son shahar kasalxonasida (200) 423), 4-son shahar kasalxonasi (396) va 2-son bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi (100).

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni atayin kamaytiriladimi? Bosh infeksionist javob berdi

Qoraqalpog‘istonda va boshqa viloyatlarda qayta jihozlangan tibbiyot muassasalarida 3830 ta yotoq joy ajratilgan.

5 iyuldan boshlab kasallikni asoratlarsiz boshdan kechirayotgan bemorlarni uyda davolanishiga ruxsat beriladi. Kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan insonlar karantinni uyda yoki mehmonxonada o‘tashlari mumkin.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori va Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh infeksionisti Erkin Musabayev «Gazete.uz» bilan suhbatda COVID-19 qurbonlari sonining o‘sishi, shu jumladan, pandemiyaning bilvosita qurbonlari, asoratlarsiz kechayotgan kasallikni uy sharoitida davolash, antitanachalar uchun olinayotgan testlar va statistikani pasaytirib ko‘rsatish ehtimoli haqida aytib o‘tdi.

— Koronavirus qurbonlari ko‘payishining sababi nimada? So‘nggi bir hafta ichida (25 iyun — 1 iyul) 7 ta o‘lim qayd etildi. Bungacha, ikki hafta ichida (10−24 iyun) faqat bitta o‘lim haqida xabar berilgan edi.

— Keling, hisoblaylik. Hozir vafot etganlar soni 27. Bemorlarning soni esa kundan-kunga qanchaga ko‘paymoqda? O‘rtacha 200−250 nafar. Bunga qadar har kuni 40, 50, 100 nafarga ko‘payib borgan. Tuzalib ketganlar soni 5800 nafardan oshgan, o‘lganlar — 27. Bu taxminan 0,5% atrofida. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Biz imkon qadar barchani kasalxonaga yotqizamiz. Keling, kelgusida ham shunday yotqizishda davom ettirsak, nima bo‘lishini va bu nimaga olib kelishini tasavvur qilib ko‘ramiz.

Aytaylik, biz byudjetdan bir tiyin olmaymiz, yangi kasalxonalar ochmaymiz. Misol qilib bizning Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti kasalxonasini olsak. Bizda yiliga 3000 ga yaqin jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlar davolanadi. Sirrozni butunlay davolash mumkin emas. Agar davolanishni har chorakda yoki olti oyda bir marta o‘tkazmasak, unda odam o‘rtacha 5−6 yil yashaydi. Agar biz uni to‘g‘ri yo‘naltirsak, umrini 15 yilga uzaytiramiz. Bu yaxshi natija. Agar u moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lsa, u jigarni qisman transplantasiya qilishi mumkin, butunlay emas.

Bilasizki, to‘rtinchi oy davomida bizning klinikamiz karantinga yopilgan. Bir yilda jigar sirrozi bilan og‘rigan 3000 nafar bemorni qabul qilsak, demak hozirgacha bizning ixtisoslashgan bo‘limimiz butun respublika bo‘ylab deyarli 1000 nafar bemorni qabul qila olmadi. O‘rtacha 1000 nafar bemor shu payt davomida davolana olmadi. Men taxmin qilishimcha, shu vaqt ichida 200 ga yaqin bemor COVID-19 dan emas, balki sirrozdan vafot etdi. Tushunyapsizmi?

Agar biz koronavirus bilan og‘rigan barcha bemorlarni qabul qilishni davom ettirsak, keyingi bosqichda kardiologiya markazini yopish kerak bo‘ladi, bu esa dahshat. Qanchadan-qancha bemorlar COVID-19 dan emas, balki yurak xurujidan vafot etishadi. Keyin biz yana qandaydir boshqa klinikani yopamiz, tug‘ruqxonani yopamiz, sharoitlar keskin yomonlashadi, keyin esa shunchaki tug‘ruq paytida o‘lishni boshlashadi. Aynan shu hodisa Italiyada va boshqa mamlakatlarda sodir bo‘lgan — bu sog‘liqni saqlash tizimining falajlanishi.

30 iyun kuni men koronavirusni davolashda zaif joyni topishga harakat qilayotgan hamkasblaringizga intervyu berdim. Ular nima uchun bemorlarning o‘z vaqtida kasalxonaga yotqizilmaganini so‘radilar. Ha, bemorlar unchalik ko‘p bo‘lmagan davrda, biz klinikalarni yopib bo‘lsa ham davolash ishlarini olib bordik. Yana bizning Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutidagi klinikamizning misolida — mamlakatda 25 kishi koronavirusdan vafot etgan bo‘lsa, sizga aytganimdek, jigar sirrozidan, to‘liq davolana olmaganligi sababli vafot etganlar soni — 10 baravar ko‘proq.

Shifoxona boshqa toifadagi kasallarni qabul qilaversa, shunaqa bo‘ladi. Bular COVID-19 pandemiyasining bilvosita qurbonlari deyiladi. Siz jurnalist sifatida bu haqda aytishingiz kerak.

Albatta, hozir rezonans yuzaga keladi: «Qanaqasiga? Bu kasallik haqida matbuotda juda ko‘p ma’lumotlar tarqaldi va endi to‘satdan uni uyda davolash mumkin ekanligi aytilsa». Birinchidan, dunyoning hech bir joyida bemorlar 100% kasalxonaga yotqizilmagan. Bir qator davlatlar hatto koronavirusning yengil va asoratlarsiz shakllari haqida xabar bermaydilar. Shuning uchun, endi o‘lim holatlarining ma’lum bir darajada o‘sishi kuzatilishi mumkin. Kasallik juda hiylali va ayyor — u asoratlarsiz tarzda kechadi, keyin birdan ikki tomonlama pnevmoniya boshlanadi, bu har doim ham yaxshi yakunlanmaydi.

— 5 iyuldan boshlab koronavirusni asoratlarsiz o‘tkazayotgan bemorlarga uyda davolanishga ruxsat berildi. Bu qanday tartibga solinadi?

— Albatta, bemor shifoxonaning nazorati ostida davolansa bu uning uchun yaxshiroqdir. Lekin hozir bizning mutaxassislarimiz milliy davolanish protokolini ishlab chiqishdi, shifokorlarimizni tayyorlashdi va uyda davolanayotgan koronavirus bemorlariga qo‘ng‘iroq qilish orqali to‘g‘ri tekshiruv algoritmini tuzishdi.

Asosiy asoratlar bor, agar ular paydo bo‘lsa, tez yordam chaqirishingiz va ushbu bemorni kasalxonaga olib borishingiz kerak.

Tizim qachon ishlaydi? Mana hozir endi yuqori darajadagi qaror qabul qilindi.

— O‘zbekistonda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar uchun qancha joy kerak? Kasalxonalarimiz qanchalik to‘lgan?

— Kasalxonalardagi to‘shaklarning aniq sonini Sog‘liqni saqlash vazirligi biladi, ammo hozir hammasi darz ketmoqda (intervyu nashr etilgan paytda koronavirus bilan davolanayotgan bemorlar soni 3030 nafar edi — tahr.).

Shuning uchun endi imkon qadar tezroq bemorni ambulator davolash usulini yo‘lga qo‘yish kerak.

Bizda simptomlarsiz bemorlarning soni umumiy kasallanganlarning taxminan 60 foizini tashkil qiladi. Dastlab jiddiyroq kasallar ko‘p bo‘lgan, keyinchalik taxminan ikki oydan keyin asoratlarsiz bemorlar ko‘payib ketgan.

— Avvalroq, ushbu haftadan boshlab aholini COVID-19ga qarshi antitanachalarga testdan o‘tkazishni boshlashlari haqida xabar berilgan edi. Qancha test o‘tkazilishi rejalashtirilgan? Sinov uchun odamlar qanday tanlanadi?

— Hozirda mening ishchilarim buning ustida ishlamoqda. Bizda avtomatlashtirilgan analiz tahlillari uchun dastur mavjud. Biz buni Toshkentdagi 10 ta klinikada yo‘lga qo‘yamiz.

Biz iyul oyining boshidanoq boshlashga tayyor edik. Bizda antitanachalar uchun 86 mingta bepul testlar mavjud, ulardan 15 mingtasi poytaxtda. Bu birinchi qadam. Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalariga antitanachalar uchun testlar o‘tkazishga ruxsat berildi.

Alohida tanlov mexanizmi bo‘lmaydi. Har kim sinovdan o‘tishi mumkin. Shundan keyin biz namunalarni tekshiramiz hamda kasallangan va kasallikni boshdan o‘tkazganlarning haqiqiy sonini bilib olamiz.

Ushbu sinov nima uchun kerak? Ko‘pgina bemorlar allaqachon koronavirusning asoratsiz shakli bilan kasallanib, tuzalishga ulgurgan va bu haqda hatto bilmasliklari mumkin. Ammo natijalarimiz nimani ko‘rsatishini bilmayman. Biz epidemiyaning umumiy jarayonini qanday o‘tayotganini bilishimiz kerak.

Antitanachalar kasallikning eng baland nuqtasida paydo bo‘lishi mumkin, shuning uchun organizmda virusning bor yoki yo‘qligini bilish tavsiya etiladi. Ammo agar bu insonda viruslar bo‘lmasa, ammo antitanachalar bo‘lsa, demak, u himoyaga ega bo‘lgan insondir.

— Yaqinda antitanachalar ma’lum vaqtdan keyin yo‘qolishi mumkinligi haqidagi tadqiqot haqida xabar berildi. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?

— Ha, ular ikki oydan keyin yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Bunday tadqiqotlar mavjud. Ushbu holat nafaqat COVID-19, balki boshqa nafas olish yo‘llari orqali yuquvchi infeksiyalar bilan ham bog‘liq. Ammo antitanachalar bo‘lmasa, bu immunitet hujayralarida virus bilan duch kelgani haqidagi xotiralar bo‘lmaydi, degani emas. Ya’ni, virus tanaga qaytgach, hujayralar — immunositlar (T- va B-limfositlar) antitanachalarni ishlab chiqqanlarini eslashadi.

Tasavvur qiling, antitanachalar, bu — do‘kon rastalaridagi mahsulotlar. Tovarlar tugadi, xaridor sizdan: menga soqol olish losyonini bering, deb so‘raydi. Va siz rastalarda qolmaganini, lekin omborda (zaxirada) borligini aytasiz. Buyam xuddi shunday narsa. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, koronavirus haqida ma’lumotlar doimiy ravishda o‘zgarib turadi.

— Respublika maxsus komissiyasining yaqinda qabul qilgan qarorida aytilishicha, jamoat joylari va tadbirkorlik ob’ektlari hududlarida fuqarolar 2 metrdan iborat ijtimoiy masofani saqlashlari hamda tibbiy niqoblar va qo‘lqoplarda bo‘lishlari kerak. Ya’ni, garchi JSST qo‘lqoplardan foydalanishni tavsiya etmagan bo‘lsada, qo‘lqop kiyish shart.

— Men ushbu tavsiyalarni ishlab chiqishda qatnashmadim. Bu haqda mendan so‘rashmadi. Agar bu qaror chiqqan bo‘lsa, unda men rasmiy hujjat bilan bahslashmayman.

Men bilan hech kim qo‘lqop borasida maslahatlashmadi. Agar maslahatlashganlarida, qaror biroz boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Nafaqat men bilan, balki jiddiy ilmiy maqolalarni o‘qiydigan boshqa olimlar bilan ham.

— Odamlar shuningdek, nima uchun 23:00 dan 7:00 gacha fuqarolarga ko‘chada va ko‘p qavatli binolar mavjud ko‘chalarda yurish taqiqlanganligini so‘rashmoqda. Ushbu cheklovning sababi nima? Kechasi virus boshqacha harakat qiladimi?

— Bu haqda ham men bilan hech kim maslahatlashmagan. Balki bunga soat 23:00dan 7:00gacha huquqni muhofaza qilish idoralari uchun karantin talablariga rioya qilinishini nazorat qilish qiyinlashishi sababdir.

— O‘zbekistonda xotirjamlik uchun koronavirus statistikasini kamaytirishadimi? Yaxshilik uchun yolg‘onning bir turi sifatida.

 Bilasizmi… Men aniq aytishim mumkinki, hozirda avvalgidek hech qanday talablar qo‘yilayotgani yo‘q. Agar mahalliy darajada yoki beparvolik oqibati yoki boshqa sabablarga ko‘ra bunga yo‘l qo‘yilayotgan bo‘lsa, demak, statistika ancha past bo‘lishi tabiiy.

Ammo har qanday holatda ham, haqiqiy kasallik ko‘rsatkichlari va qayd etilgan kasallik ko‘rsatkichlari mavjud. Biz hamma narsani sinchkovlik bilan olib borsak ham, har qanday holatda ham qayd etilgan kasalliklar ko‘rsatkichi haqiqiy kasalliklar ko‘rsatkichidan nechadir foiz past bo‘ladi. Shuning uchun, ataylab kamaytirish degan narsa yo‘q.

Aytaylik, yaqin vaqtgacha bemorlarda, hatto asoratlarsiz koronavirus holati aniqlangan bo‘lsa ham, avtomatik ravishda kasalxonaga yotqizilgan. Agar kasallik asoratlari bo‘lmasa, kasalxonada yotishni kim istaydi? Siz xohlaysizmi? Istamaysiz, men ham xohlamayman. Keyin buni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun qandaydir yashirish ishlari boshlanadi.

Kiritildi: 10:53 03.07.2020. O'qildi: 6092 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!