Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga nima sabab bo‘layotgani aytildi

O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga nima sabab bo‘layotgani aytildi
Toshkent bozorlaridagi go‘sht savdosida «qassoblar monopoliyasi», ya’ni yopiq tizim bor. Bu haqda 19 iyul kuni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimov. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o‘tgan anjumanda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli go‘sht bilan ta’minlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi

Muhokamalar chog‘ida qo‘mita raisi o‘rinbosari Abror Akbarov Toshkentdagi kushxona egalarining «o‘yinlari», go‘sht narxiga sun’iy ta’sir etayotgan omillar haqida ma’lumot berdi. «Viloyatdan biror kishi moslashtirgan kushxonaga (talabga javob bermaydigan — tahr.) mol olib kelsa, kushxona egasi ‘molning bir kilo go‘shtini 37,5 ming so‘mdan emas, 38,5 ming so‘mdan ‘variantga’ (ma’lum vaqtdan keyin pulini berish — tahr.)ga tashlab keting’, deydi. O‘sha odam keyingi safar yana mol olib kelganda undan avval ‘variantga’ so‘yib olingan molning pulini beradi. Shunday qilib ishlanadi va natijada 30-50 ta mol kushxonaning hisobiga o‘tib qoladi. Mol egasi har safar kelganda yangi molni emas, balki eski molning pulini olib ketadi. Shu holatda 50 tadan mol olib kelish 10 marta bo‘lsa, 500 ta molning o‘zi ham, puli ham yo‘q. Kushxona egalari bugun olib kelingan molning pulini bundan unikini, unisidan bunikini olib berib, ‘moliyaviy piramida’ga o‘xshagan narsani tashkil qilib olgan. Nima uchun ular zamonaviy kushxonalarga o‘tmayapti? Chunki, ular kushxonaning o‘zida turib go‘sht narxini 1,5 ming so‘mgacha sun’iy ko‘tarib yuboradi», — deya ta’kidladi qo‘mita raisi o‘rinbosari. Bunga qo‘mita matbuot kotibi Anvar Suyunov Toshkentdagi monopol qassoblarni «sindirish» uchun arzon narxda go‘sht sotishga mo‘ljallangan yangi rastlar tashkil etilganini qo‘shimcha qildi. «Bundan bir hafta oldin ‘go‘sht narxi 60-65 ming so‘mga chiqib ketdi’, degan gap tarqaldi. To‘g‘risini aytganda, Qashqadaryodan mol olib kelib, so‘yib, Toshkentdagi Chorsu bozorida sotolmaysiz. U yerning o‘z monopoliyasi bor. Shuning uchun, qassoblar monopoliyasini ‘sindirish’ uchun Toshkent shahridagi bozorlarda qo‘shimcha 150 ta go‘sht rastalari tashkil etish bo‘yicha taklif berildi. Bundan maqsad, ushbu rastalarda viloyatlardan mol go‘shti olib kelganlarga emin-erkin savdo qilishni ta’minlash. Bundan tashqari, shu orqali go‘sht narxi ko‘tariladimi, tushadimi yoki bir xil narxda saqlanib qoladimi, degan savolga javob izladik. Bu go‘sht narxini tushirish uchun emas, balki monopoliyani ‘sindirish’ga qaratilgan. To‘g‘ri, yangi tashkil etilgan rastalarda, ya’ni «Elga xizmat» nuqtalarida go‘shtni 37-39 ming so‘mdan sotish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Oddiy rastalarda go‘sht narxi 42-43 ming so‘m bo‘lsa, biz tashkil etgan rastalarda esa 37-39 ming so‘mdan. Chunki ‘Elga xizmat’da tekin rasta va muzlatgichdan istalgancha joy ajratib beriladi, kunlik pattaga ham pul olinmaydi. Bu ishlar bozor, shahar ma’muriyati, prokuratura organlari va qo‘mita nazorati ostida amalga oshirladi. Rastalarda sotuvchilar go‘shtni 37-39 ming so‘mdan pullagan taqdirda ham bir kilo go‘shtdan 2-3 ming so‘mdan foyda oladi. Qassoblar o‘rtasidagi monopoliyani sindirish — viloyatdan kirib kelayotgan go‘sht kimlarningdir ‘stolidan’ aylanib emas, to‘g‘ri bozorga kirib kelishini ta’minlash», — dedi qo‘mita matbuot kotibi. Avvalroq, O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani haqida maqola chop etilgan edi.

 

Kiritildi: 01:10 20.07.2019. O'qildi: 2804 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!