Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda 27 yillik jarayon o‘zgartiriladi

O‘zbekistonda 27 yillik jarayon o‘zgartiriladi

Bugun ko‘plab sohalar qatori mamlakat mudofaa tizimida ham islohotlarning yangi bosqichi samaralari ko‘zga tashlana boshladi. Milliy armiyani isloh qilishga qaratilgan yondashuvlar ham tubdan o‘zgardi. Bunda yoshlarni harbiy vatanparlik ruhida tarbiyalash masalasiga balandparvoz shiorlar emas balki, amaliy harakatlar bilan yondoshilmoqda. Xususan, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019 yil 12 martda o‘tkazilgan videoselektorda mazmun va mohiyat nuqtai nazaridan milliy ruhimiz, shonli tariximiz va vatanparvar ajdodlarimizga munosib bo‘lgan qasamyod matnini tayyorlash maqsadida bundan 27 yil avval qabul qilingan “Harbiy qasamyod” matnini qayta ko‘rib chiqish, bunda harbiy xizmatchilar ongiga Vatanga, harbiy burchga sodiqlik hissini yanada chuqurroq singdirish, shuningdek amaldagi “Harbiy qasamyod” o‘rniga “Vatanga qasamyod”ni joriy qilish uchun huquqiy asoslar yaratish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan edi.

Ushbu takliflarning amaldagi ro‘yobini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tayyorlandi.

Qonun loyihasi bilan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3- va 39-moddalariga harbiy qasamyod o‘rniga Vatanga qasamyod matnini mustahkamlovchi normalarni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakillari ishtirokida yangidan ishlab chiqilgan “Vatanga qasamyod” matni asos qilib olindi. Yangi Vatanga qasamyod matni deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, xalq va armiya birligini ta’minlashda, Vatanga sadoqat degan muqaddas g‘oya atrofida xalqimizni jipslashtirishda aynan Ona yurtga – Vatanga qasamyod keltirishning beqiyos ahamiyati to‘g‘risida ijobiy xulosalar berildi.

Shuningdek, qonun loyihasini tayyorlash jarayonida ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganib chiqildi va milliy ruhimiz, shonli tariximiz va vatanparvar ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishga undaydigan qasamyod matnini bayon etishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Vatanga qasamyod matnida Davlatimiz timsoli bo‘lmish bayrog‘imizning muqaddasligini ulug‘lash, buyuk ajdodlarimizni qadrlash, Qurolli Kuchlar safiga kirayotgan yoshlarimizning Vatan oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘layotgani, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga, Prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, Vatanimiz mustaqilligini, uning sarhadlari daxlsizligini, xalqining tinchligi va osoyishtaligini, milliy manfaatlarini so‘nggi nafasigacha himoya qilishga, O‘zbekiston Respublikasiga qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli harakatlarga qarshi ayovsiz kurashishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, qonunlari va umumharbiy nizomlariga qat’iy amal qilishga, davlat va harbiy sirlarni saqlashga, quruqlikda, suvda, havoda – har qanday sharoitda ham o‘z burchini vijdonan bajarishga, el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga tantanali ravishda qasamyod qilishi kabi ezgu niyatlar mujassam etilgan.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tez kunlarda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Yangi Vatanga qasamyod matnining tasdiqlanishi ushbu qasamyodni qabul qilgan harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatdan so‘ng ham qanday soha va jabhalarda faoliyat yuritishidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga, Prezidentiga umrbod sodiq bo‘lishiga zamin yaratadi. Zero, Vatanga qasamyod bu Ona yurtga, xalqqa sadoqat qasamyodidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati 
To‘lqin KARIMOV

Manba: qalampir.uz

Kiritildi: 10:45 20.07.2019. O'qildi: 3710 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!