Bugun 16 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylari hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazishdi

O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylari hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazishdi

Jizzax viloyatidagi Mudofaa vazirligiga qarashli “Forish” tog‘ poligonida besh kun davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy xizmatchilari hamkorligida tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha amaliy va taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirliklari tog‘ tayyorgarligi o‘quv markazining yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Dastlabki kuni tashkillashtirilgan yig‘ilishda Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi bo‘limi boshlig‘i mayor Zokir Yallakayev hamkorlikda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar dasturi va ularda qo‘llaniladigan yangi anjomlardan foydalanish qoidalari bilan tanishtirdi.

Xalqaro mashg‘ulotlarning navbatdagi jarayonlari Forish tog‘larining tik qoyalari va oddiy sharoitda o‘tish qiyin bo‘lgan daralaridagi amaliy hamda taktik mashqlar ostida kechdi.

Harbiy xizmatchilar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tog‘ sharoitida qutqaruv ishlari, jangovar qurollar bilan qoyaga ko‘tarilish va tushish, tungi sharoitda nishonlarga aniq o‘q otish, shartli dushman guruhini qurshovga olish va yo‘q qilish kabi turli vazifalarni bajarishdi.

Mashg‘ulotlar yakunida qozog‘istonlik harbiylar uchun Samarqand shahri tarixiy obidalari bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Mehmonlar Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Bibixonim va Xoja Doniyor  majmualarini ziyorat qilishdi.

 

Kiritildi: 18:52 18.11.2019. O'qildi: 2177 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!