Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi: 13-moddaga "inson qadri uchun" g‘oyasi kiritilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi: 13-moddaga "inson qadri uchun" g‘oyasi kiritilmoqda

Xabaringiz bor, ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.

Xususan, 13-modda quyidagi tarzda o‘zgaradi:

Hozirgi shakli:

13-modda.

O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitusiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

Yangi holati:

Insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir.

Inson huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning ma’nosini, mazmunini va qo‘llanilishini, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilaydi. (13-modda)

Izoh:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev tomonidan 2022 yil 20 iyundagi Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitusiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak” deb ta’kidlangan edi.

Shuningdek, ushbu uchrashuvda davlat rahbari tomonidan konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha 4 ta asosiy yo‘nalish belgilangan bo‘lib, birinchi yo‘nalish – inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasiga taaluqlidir.

2. Ushbu qo‘shimcha “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida ham inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va izchil davom ettirish talab etilishi belgilangan. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining birinchi ustuvor yo‘nalishi ham

bejizga “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” deb nomlanmagan. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi barcha 100-maqsad ham inson qadrini yuksaltirish g‘oyasi asosida ishlab chiqilgan.

Bu yilning nomlanishi ham aynan inson qadri uchun degan yuksak g‘oyaning zamirida bunyod etilgani bejiz emas. Yurtimizda har bir sohada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar avvalo inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasidir.

Belgilab olingan “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad”ga erishish uchun joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbir amalga oshirilmoqda.

3. Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib bormoqda. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelmoqda.

4. Inson huquqlari – har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qat’i nazar, ajralmas huquqlaridir. Barcha odamlar har qanday turdagi kamsitishlarni istisno qilgan holda, inson huquqlaridan bir xilda foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu huquqlar o‘zaro bog‘liq va ajralmasdir. Insonning umumbashariy huquqlari ko‘pincha shartnomalar, xalqaro odat huquqi, huquqning umumiy prinsiplari va xalqaro huquqning boshqa manbalarida qonun ko‘rinishida mustahkamlangan va kafolatlangan. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq davlatlarga inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rivojlantirish hamda himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarni yuklaydi.

5. Kiritilayotgan qo‘shimchalar orqali davlat demokratiya va inson huquqlarining umume’tirof etilgan g‘oyalari va qadriyatlariga, shuningdek inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini yana bir bor

ta’kidlaydi. Inson huquqlari sohasidagi qonunchiligimiz yanada takomillashadi, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish borasida qo‘shimcha konstitusiyaviy-huquqiy kafolatlar belgilanadi.

6. Mazkur normaga o‘xshash normalar Jinoyat-prosessual kodeksida (17-modda jinoyat prosessida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish masalasiga bag‘ishlangan) keltirilgan. Shuningdek Jinoyat kodeksi Maxsus qismining VI bobi shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlarga bag‘ishlangan.

7. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 1-moddasida “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak” deb belgilangan.

BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2-moddasida “Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘z hududida turgan va o‘z yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslarning ushbu Paktda e’tirof etilgan hukuqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoki o‘zga holatidan qat’i nazar hurmat qilish va ta’minlash majburiyatini oladi” deb belgilangan.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2-moddasida “Ushbu Paktda qatnashuvchi davlatlar mazkur Paktda e’lon qilingan huqukdarni biror-bir kamsitishsiz, ya’ni irqi, tana rangi, jinsi, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, nasl-nasabi yoki boshqa holatlardan qat’i nazar kafolatlash majburiyatini oladilar” deb belgilangan.

8. Bunday qoidalar Germaniya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Belgiya, Yangi Zelandiya, Finlyandiya, bir qator MDH mamlakatlari va boshqa davlatlar konstitusiyalarida keltirib o‘tilgan.

Yangi shakli

Insonga nisbatan huquqiy ta’sir choralari davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak. (13-modda)

Izoh:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev 2022 yil 20 iyunda Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “mantiqsiz holatlarning oldini olish uchun yangi bir normani Konstitusiyaga kiritish taklifini bildiraman. Ya’ni, ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak”, deb ta’kidlab o‘tgan e’di.

2. Afsuski, qonunchiligimizda bajarib bo‘lmaydigan yoki bajarish qiyin bo‘lgan normalar ham uchrab turadi. Aslida, qonunlar insonga hech qachon ortiqcha talab qo‘ymasligi kerak..

Ma’ruzada ko‘rsatilganidek, fuqaroning ipoteka kreditidan 3 million so‘mlik uch oylik qarzi bor. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, bank qarzdorni sudga beradi. Lekin, bu masalada da’vo arizasi 3 million so‘m, ya’ni real qarz bo‘yicha emas, balki kreditning to‘lanmagan qismiga, deylik, 250 million so‘mga nisbatan beriladi.

Sud arizani ko‘rib chiqib, qarzdordan 10 million so‘mdan ortiq davlat boji undirish va shartnomani bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi. O‘zingiz o‘ylang, 3 million so‘mni to‘lay olmagan fuqaro 10 million davlat bojini qanday to‘laydi?

3. Ushbu norma yangi kiritilayotgan qo‘shimcha inson huquqlarini davlat bilan bo‘lgan munosabatlarida to‘laqonli ta’minlashga qaratilgan. Bunday mantiqsiz holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

4. Ushbu kiritilayotgan yangilik fuqarolarning davlat idoralari bilan bo‘layotgan munosabatlarida yuzaga keladigan qator muammo va vazifalarni, inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirish imkoniyatini kengaytiradi.

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Kodeksning 7-moddasi mutanosiblik prinsipiga bag‘ishlangan bo‘lib, bunda ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ta’sir choralari ma’muriy organ tomonidan ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerakli belgilangan.

5. Keng ma’noda mutanosiblik deganda biz har xil narsalarning o‘lchami, soni, turi bo‘yicha to‘g‘ri munosabatini (nisbatini) tushunamiz. Asosan, mutanosiblikning huquqiy konsepsiyasini umumiy huquqiy ma’noda tortish yoki muvozanatlash tushunchasidan, zaruriyat tushunchasidan farqlanishi mumkin. Davlatlarning javobgarligi bo‘yicha xalqaro huquq komissiyasi, BMT Nizomining 51-moddasida va xalqaro gumanitar huquqda) va nihoyat, oqilonalik yoki asoslilik (reasionalness) tamoyilidan kelib chiqadi.

6. Bunday normalar dunyoning ko‘plab davlatlarining konstitusiyalarida normativ tarzda tartibga solingan va ko‘plab mamlakatlarning milliy sud amaliyotida qo‘llaniladi. Bu tamoyil nafaqat barcha Markaziy Yevropa va Sharqiy Yevropa davlatlari, balki Tunis, Janubiy Afrika va Isroil, Lotin Amerikasi, Avstraliya va Yangi Zelandiya, Koreya va Hindiston kabi davlatlarda ham mavjud.

Yangi shakli

Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi. (13-modda)

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan tamoyil ushbu normaning shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, 2022 yil 20 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyev tomonidan Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustunligi tamoyilini yangilanayotgan Konstitusiyada aniq ifoda etish zarurligi taklif etildi.

2. Huquqiy davlatda barcha munosabatlar aniq qoidalar bilan tartibga solingan bo‘lishi kerak. Hech bir munosabat huquqiy yechimsiz qolmasligi shart. Ammo, ijtimoiy munosabatlarning juda keng. Hayotda shunday vaziyatlar yoki holatlar vujudga kelishi mumkinki, davlat va inson o‘rtasidagi ayrim munosabatlarning yechimi qonunchilikda ko‘rsatilmagan yoki noaniqliklarga sabab bo‘lishi aniq. Mana shunday holatlarda muammo kimning foydasiga va qanday tartibda hal etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu tamoyil odatda jinoyat prosessi ishtirokchilarining huquqlarini, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish doirasida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Endilikda ushbu tamoyilning Konstitusiyada mustahkamlanishi

uning qo‘llanilish doirasini kengaytiradi va inson ishtirok etishi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga talqin etish imkonini beradi.

3. Davlat va inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlardagi kelib chiqadigan noaniqliklar tabiiyki, turli tushunmovchilik va shikoyatlarning oshishiga olib keladi. Fuqarolarning sarson sargardon bo‘lib yurishiga sabab bo‘ladi. Masalan, 2021 yilning 12 oyi davomida Prezident virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalariga 1 mln. 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisiga 2021 yilda 18,7 mingdan ko‘proq murojaatlar kelib tushgan. Tabiiyki ushbu murojaatlar orasida biz muhokama qilayotgan muammoli masalalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatga kirishishida qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishining Konstitusiya darajasida belgilanishi eng avvalo inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha ulug‘vor g‘oyaning amalga tatbiq etilishiga, hujjatlarda noaniqlik va qarama-qarshilik paydo bo‘lganda davlat manfaatlari emas, inson manfaatlari ustunligini ta’minlanishiga olib keladi.

4. Inson foydasiga talqin qilish deganda, davlatning o‘zaro tushunmovchiliklar va qarama qarshiliklar vujudga kelganda inson foydasiga “da’vodan” voz kechish tushuniladi.

5. Ushbu prinsipning konstitusiya darajasida mustahkamlanishi, inson qadrini ulug‘lashga, uning huquq va erkinliklarini davlat tomonidan kafolatlashga xizmat qiladi.

Mazkur normaga o‘xshash normalar hozirgi kunga qadar bir qancha sohaviy qonun hujjatlarida, jumladan: Jinoyat-prosessual kodeksi (23-moddasi, 3-qism), “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni (7-modda), Bojxona kodeksi (4-moddasi), “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni (11-moddasi), Soliq kodeksi (13-modda) Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni (11-modda) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan.

Nizomjon Islomov tayyorladi.

Kiritildi: 10:13 28.06.2022. O'qildi: 3816 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!