O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 8 iyuldagi PF-99-son Farmoni bilan xalqaro hamkorlikni ta’minlash yuzasidan belgilangan vazifalarga asosan Bosh prokuror o‘rinbosari – Departament boshlig‘i SH.Soxibnazarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi joriy yilning 8-10 oktyabr kunlari Ozarbayjon Respublikasi Shusha shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar moliyaviy razvedka bo‘linmalarining Forumida ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro tadbirda 7 ta davlatdan (Vengriya, Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasi) tashrif buyurgan moliyaviy razvedka bo‘linmalari hamda bir qator xalqaro tashkilotlar (FATF, MONEYVEL, Yevrosiyo guruhi, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va boshqalar) vakillari qatnashdi.
Forumda ishtirokchilar tomonidan jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy razvedka bo‘linmalari faoliyatiga ilg‘or texnologiyalar va innovasion yechimlarni tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi hamda o‘zaro tajriba almashinildi.
Bundan tashqari, Forum doirasida O‘zbekiston delegasiyasining Ozarbayjon Respublikasi Moliyaviy monitoring xizmati raisi Zaur Fatizada bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etilib, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida anglashuv Memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston delegasiyasining ushbu Forumdagi ishtiroki ko‘p tomonlama idoralararo hamkorlikning yanada rivojlanishi hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni almashishga xizmat qiladi.