Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

“O‘zbekchilikda endi, o‘zbekchilik...” (davomi)

“O‘zbekchilikda endi, o‘zbekchilik...” (davomi)

Millatimiz nomiga qiyosan aytiluvchi “O‘zbekchilik” degan tagdor mazmunli so‘z mavjud. Bu so‘zning zamirida faqatgina millatimizga xos bo‘lgan juda ko‘plab fazilatlar va xususiyatlar yotadi.

O‘ZBEKCHILIK – millatimizning ulug‘ligi, bag‘rikengligi, donishmandligi, iymon-e’tiqodi, beg‘arazligi, beqiyos mardligi kabi fazilatlarini mushtarak qilib ifodalagan so‘z.

“O‘zbekchilik” – go‘yoki hammamizga tanish tushuncha, hatto qadrdon so‘zga o‘xshaydi. Ayniqsa, bergan va’damizning ustidan chiqolmasak, yoshinimi, mansabi, yoki “akalari”nimi “hurmat” qilib nohaq kishini oqlasak va yana boshqa ko‘plab uyalishimiz lozim bo‘lgan ishlarni qilsak, aynan shu so‘z yordamida o‘zimizni oqlaymiz. O‘zbekchilik atamasining hammaga yaxshi ma’lum yana bir ma’nosi borki, uning qatlariga millat sifatida g‘ururlanadigan qanday xususiyatlarimiz bo‘lsa, barisi singgan. Shu sababli bu so‘zni adolat, insoniylik, mehr-oqibat kabi ko‘plab xususiyatlarning o‘rniga bemalol qo‘llayveramiz.

Lekin yolg‘on va aldov, zo‘rma-zo‘rakilik, g‘irromlik kabi holatlarga... “o‘zbekchilik-da”, deb  “izoh” berilishi – mutlaqo o‘rinsiz.

Axir qachon, qayerdan chiqqan bunday “o‘zbekchilik”?

Millatdoshlar, do‘stlar davrasida kinoyali ohangda aytilgan “o‘zbekchilik” so‘zi balki bir-birlariga og‘ir botmas. Lekin o‘zga millatlar lafzida aynan salbiy illatlarga qiyosan (sinonim sifatida!) aytilgan “o‘zbekchilik” (yoki tojikcha “uzbak”, ruscha kinoyali ohangdagi “uzbeki”) so‘zi kishida alamli his-tuyg‘u uyg‘otadi: nahotki shunday go‘zal, ulug‘ nom salbiy mazmun kasb etsa? (“O‘zbekchilik” so‘zi, ayniqsa, bir-birini chuv tushirish, zug‘um o‘tkazish, sotqinlik, jaholat, o‘z yurtida o‘zini g‘arib his etish, o‘zgalarga haddan ziyod qulluq qilish kabilarga mengzaladi).

Yuqorida ta’kidlanganidek, millat nomiga nisbat beriluvchi “o‘zbekchilik” sifati – faqat bizga xos. Yoki “o‘rischilik”, “armanichilik”, “nemischilik” kabi sifatlar haqida eshitganmisiz? 

Bizning millatimizda ham boshqalarda uchramaydigan, yoki boshqalarga qaraganda yanada yorqinroq namoyon bo‘luvchi bir qator fazilatlar mavjud:

  • Xonadoniga eshik qoqib kelgan insonning kimligi va nima maqsadda qadam ranjida qilganini surishtirib o‘tirmay, oldiga dasturxon yozadi, taom qo‘yadi. “Avval – taom, so‘ngra kalom”, – deydi. Bu – o‘zbekchilik.
  • Og‘ir ocharchilik yillarida tevarak-atrof yurtlardan yuz minglab odamlar: “Toshkent – non shahri”, – deya umid bilan kelishganida, ularni bag‘riga olgan, bir burda nonini baham ko‘rgan va mehr bergan. Bu – o‘zbekchilik.
  • O‘zbek “borini oshirib, yo‘g‘ini yashirib” yashaydi. O‘zi jo‘jabirday jon bo‘lsa-da, mehmonga muruvvatining qiyosi yo‘q. Hatto, uning saxovat-muruvvatini tushunmagan ba’zi nonko‘rlar, “bu – pora”, deya nomlamoqchi bo‘lganlar. Yo‘q, bu – o‘zbekchilik.
  • Birovning aybini ko‘rib, ko‘rmaganga, eshitib, eshitmaganga oladi. Insonlarning aybini ochish va izza qilish – gunoh, deb hisoblaydi. Bu – o‘zbekchilik.
  • Garchi, ko‘pincha o‘ziga zarar keltirsa-da, O‘zbekda “andisha” degan noyob insoniy tuyg‘u mavjud. Mahtumquli – haq: “Ba’zilar andishaning otini qo‘rqoq qo‘ydilar”. Aslida, andisha – ba’zilar xato o‘ylaganidek, aslo qo‘rqoqlik  emas. Bu – o‘zbekchilik.
  • O‘zbek qancha qiyinchilik bilan bo‘lmasin, boylik topsa-da, hatto, shuning ostida ham ezgu orzu-niyatlari yotadi. U dabdabali to‘ylar qiladi va topgan boyligini yana o‘sha xalqqa sochadi. Bu ham – o‘zbekchilik.
  • “Mahallada duv-duv gap” kinosini nega yaxshi ko‘ramiz? Chunki unda “o‘zbekona” qiyofamiz, fe’l-atvorimiz, o‘zbekchiligimiz ko‘rinishlari juda yaqqol aks etgan, nazarimda. To‘y qilsa “ovozasi yetti iqlimga yetsin”, “hofizlar to‘rt tomondan biri olib, biri qo‘yib kuylasin”, to‘yga atab bitta qo‘y olgan erining ovozini o‘chirib: “O‘nta qo‘y nima bo‘ladi? Boring, oldiga yana o‘nta qo‘chqorni yetaklab keling” deyish ham o‘zbek ayollarining o‘zbekchilikka yo‘yadigan odatlaridan.

 

Bolasiga makka, mosh bergan,

Doshqozonda yurtga osh bergan,

Bormi shunday yukka dosh bergan?

O‘zbek bo‘lish oson emasdir...   

                                                 (O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov)

 

– Hamma narsaga ko‘nikib, “xo‘p” deyish, “sendan nima ketadi, “xo‘p” desang – qutilasan, keyin o‘z bilganingni qilaver”, degan “najotbaxsh” mulohaza – o‘zbekning o‘zbekchiligiga xos.

– Qo‘lidan yordam berish kelmasa ham, “akajon, bizdan nima yordam?”,  “bizga nima xizmat?” deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turish – o‘zbekchilik.

– Uyini qo‘shnisining uyidan balandroq va hashamatliroq qilib qurish istagi ham – o‘zbekchilik.

– Nima bo‘lsa “bolamga”, deb beshikdagi bolasiga ham imorat tiklab, sandiq-sandiq sarpo yig‘ish – o‘zbekchilik.

– Bozorda sotuvchining tarozidan urayotganini bilib turib, indamaslik ham o‘zbekchilikka mansub.

– Ikkita odam urushayotganda “to‘xta-chi, oxiri nima bilan tugarkan” deb panada turib tomosha qilish – o‘zbekchilik.

– Biror qonun buzilishi yo jinoyatning shohidi bo‘lib qolsa-yu, huquq-tartibot xodimlari guvohlik berishini so‘rasa, “Bildim dedim tutildim, bilmadim dedim, qutildim” qabilida guvohlikdan qochish ham – o‘zbekchilik.

– O‘ziga nisbatan nohaqlik qilinsa, haq-huquqini himoya qilish, jinoyatni oldini olish o‘rniga “yugur-yugur qilib idorama idora izg‘iymanmi, e, mayli-da” deb, ayrim nokaslarning omma ko‘z oldida har turli qilmishlarni qilib yurishlariga sharoit yaratish ham – o‘zbekchilik.

  • Rost gapni, haqiqatni gapirsayu, hali biroz yosh bo‘lsa “sen jim o‘tir tirrancha” deyish ham – o‘zbekchilik.
  • Shiddat bilan rivojlanayotgan va o‘zgarayotgan jamiyatni, odamlar ongidagi yangilanishlarni hazm qila olmay jig‘i biyron bo‘lib, yoshlarni yoppasiga savodsiz va nodonlikda ayblab, ularga yo‘l bermaslik ham – o‘zbekchilik.
  • Faqat o‘zimizga xos bo‘lgan o‘zbekchilik fazilatlari ro‘yxatini yana uzundan-uzoq davom ettirish mumkin…

 

Ha, biz o‘zbekligimiz bilan, aslzoda, temuriyzodalar ekanligimiz, termiziylar, xorazmiylar va buxoriylar avlodi ekanimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz! G‘ururlanish borasida bizga teng keladigani yo‘q. Ammo, amalda ham ajdodlar qilgan ishlarning mingdan birini qila olsakgina davoyimiz asosli bo‘ladi.

“Insonnoma” kitobi asosida

Saidabror Umarov tayyorladi

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 22:50 20.02.2020. O'qildi: 6873 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!