Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘zbek xalqi to‘ydan to‘ydimi?

O‘zbek xalqi to‘ydan to‘ydimi?

Inson qiziq, uning ko‘nglidagini hech kim tushunib yetolmaydi. 

Bugun bir narsani his qildim, hashamdor, kimo‘zar hayotga intilish, dabdabalardan to‘yibmiz! Ehtimol, menga shunday tuyulayotgandir! Buni bugungi sharoitda o‘tayotgan to‘ylarga bildirilayotgan munosabatlar misolida ko‘rsatib bermoqchiman!

Kecha yaqin qarindoshimiz telefon qilib qoldi. O‘ziga to‘q, to‘g‘rirog‘i, badavlat oila. O‘g‘lini quda qilib, to‘yxonalarni ham gaplashib qo‘ygan edi, to‘yxonalar berkilib, to‘y qoldirilgan edi.

— Mana shu yakshanba to‘y! Qudam 10 kishi bilan keladigan bo‘ldi, — dedi u. Ovozidan xursandchiligi sezilib turar edi. — Qudamiz bebaho odam ekan, siz nima desangiz, shu dedi, baraka topkur! Iqtisod qilingan pullarga yosh oilaga ro‘zg‘or qilib beradigan bo‘ldim!

O‘g‘limga o‘rtog‘i qo‘ng‘iroq qilyapti. 

—O‘rtoq, dadam shu kamxarj kunlarda tezroq to‘yingni o‘tkazaylik, deyaptilar! Yaxshiyam karantin bo‘libdi, o‘rtoq!

Ziyoli, mashhur tanishim ham o‘g‘liga «Tanlaganing bo‘lsa, tezroq ayt, qiynalmay to‘yingni o‘tkazamiz!» deb, to‘y harakatiga tushib ketdi.

To‘y yaxshi, albatta, noshukurlik qilmayapman, ammo o‘g‘illarimning to‘y lavhalarini ko‘rib, osmonlarga, befoyda narsalarga  sovurilgan pullarga achindim! 

Uy oldini, to‘yxonani bezash,  4-5 soatga ijaraga olingan qimmatbaho mashinalar, katta avtobuslar, qudanikiga tog‘ora solish uchun  olingan bezak buyumlar, 300-400 odamni mehmon qilish uchun yugur-yugurlaru, xarajatlar. Shu qadar charchagan edikki, to‘ylardan keyin turmush o‘rtog‘im bilan bir hafta o‘zimizga kela olmaganmiz! 

Farzandlarim baxtli, kelinlarim bebaho, noshukurlik qilmayapman, faqat to‘y kuni charchab, oyog‘ida zo‘rg‘a turgan inson sifatida shuncha isrof nimaga kerak edi, deyman!

Faqat men shunaqa bo‘lsam kerak, odamlar yayrab-yashnab yuribdi-ku desam, hamma to‘yibdi bunday bemaza dabdabalardan! Karantin bizga katta ibrat berdi, saboq bo‘ldi! 

To‘y harakatini boshlaganlar, balli deyman, zora keyin ham shu kamxarjlik saqlanib qolsa!

Buyuk alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy oshga navbatda turgan o‘zbeklarni ko‘rib: «Qani endi shular masjid oldida ham shunday saf tortib tursa, bundan ulug‘ millat bo‘lmas edi», degan ekan! 

Hech qaysi millatda to‘ylarga bizga o‘xshab qonun chiqarilmagan, qonunlarni ham buzib to‘ylar qilaveradigan bizdek millat olamda yo‘q! Hech kim to‘xtata olmaydi deb o‘ylagandim. Yaratganning o‘zi aralashishga majbur bo‘ldi! Demak, endi chindan ham xarajatni qisqartiradigan payt kelibdi!

Feruza Salxodjayeva

Kiritildi: 18:00 30.05.2020. O'qildi: 9300 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!