Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘zbek boksining "otasi"

O‘zbek boksining "otasi"

Ushbu hikoya shunchalik ajoyibki, uning voqeligiga ishonish qiyin. Millatning umidi deb atalgan va eng iste’dodli va istiqbolli bokschilardan biri bo‘lgan Amerikaning yengil vaznli chempioni SSSRga ko‘chib o‘tdi, murabbiylikni boshladi va o‘nlab chempionlarni tarbiyaladi. Amerikalik yahudiy Sovet fuqarosi va dunyodagi eng kuchli maktablardan biri hisoblangan o‘zbek boks maktabining asoschisi bo‘ldi.

Sidney Jekson 1886 yilda Nyu-Yorkda, kambag‘al yahudiy oilasida tug‘ilgan. Uning otasi, mahalliy kimyoviy zavodda ishlagan. Sidney 6 yoshligida otasi sil kasalidan vafot etgan. Jekson boksni 12 yoshida mahalliy Bronx Ridgeon klubida boshlagan. U 18 yoshida professionalga aylandi. Sidney boks uning oilasini boqish uchun pul topishning yagona yo‘li deb bilardi va o‘z ustida tinimsiz ishlardi. U AQShda professional bokschi edi. ko‘p o‘tmay u AQShda yengil vazn toifasida chempionga aylandi. Gazetalarda unga atab «Amerikaning kelajakdagi yulduzi» nomli maqola chop etilgan.  Murabbiylari Jeksonni millatning umidli vakili, yangi porlayotgan yulduz sifatida qarashardi. U yengil vazn toifasida jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Uning uchun hammasi yaxshi ketayotgan edi. faqat bir voqea uning hayotini izdan chiqarmaguncha…

1914 yil Jekson jamoadoshlari bilan Angliyaga namoyish janglariga tashrif buyuradi. Janglarning birida Sidney barmog‘idan qattiq jarohat oldi. Jahon chempionatidan umidini uzmagan yigit do‘sti bilan davolanish uchun Rossiya imperiyasiga jo‘nab ketdi.  Orqaga qaytish vaqti kelganda, Birinchi Jahon urushi boshlandi va g‘arbiy yo‘nalish yopildi. Faqat Afg‘oniston orqali o‘tish mumkin edi. Toshkentda Sidney va uning do‘sti Frank o‘z vatanlariga jo‘nab ketish uchun oilasining pul o‘tkazmalarini kutishgan, ammo faqat Frank chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Jeksonning oilasi qashshoqlikda bo‘lganligi sababli unga yordam bera olmagan. Uzoq vaqt davomida u har kuni pochta bo‘limiga kelgan,  ammo unga hech narsa jo‘natilmagan edi. Natijada, U O‘zbekistonga qolishdan boshqa iloj topa olmadi.

Avvaliga Sidney kiyim-kechak fabrikasida ishlagan, rus tilidan saboq olgan. Bundan tashqari, boks va kurash bilan shug‘ullangan. Shu orada fuqarolar urushi boshlandi va bokschi toshkentlik harbiy komendant Yakimenkoga murojaat qilib, unga yangi hujjatlarni berish va uni armiyaga ko‘ngilli sifatida jalb etishni iltimos qildi. Shunday qilib, Amerikalik sportchi Transkaspiy frontidagi xalqaro otryadning jangchisi bo‘ldi.

SSSR tuzilgandan keyin ham u hech qayerga ketmadi. Toshkentda boks bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlay boshladi. Jekson Qop va qo‘lqoplarni uy sharoitida tayyorlab, O‘zbekistonda birinchi boks to‘garagini tashkil etdi va  U o‘z salohiyati bilan u O‘rta Osiyoda boksni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Jekson murabbiylar bilan katta o‘quv va uslubiy ishlarni, shuningdek, O‘zbekiston SSR Boks federasiyasida ijtimoiy ishlarni olib bordi.

Sidney Jeksonning taqdiri va hayoti to‘g‘risida buyuk rus yozuvchisi Georgiy Ivanovich Sviridov «Djekson ostayotsya v Rossii» («Jekson Rossiyada qoldi») romanini yozgan. 1921 yil Sidney o‘z jamoasini Olimpiadaga tayyorlayotgan paytda AQSh elchisi unga chiqish hujjatlarini topshirdi. Murabbiy elchining qo‘lidagi hujjatlariga qarab ma’yus kulib: “Bir necha yil oldin bu lahzani orzu qilar edim, ammo hozir kech bo‘ldi. Uyga qaytish uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan paytlarim bo‘lgan, ammo AQSh meni unutib qo‘ygan. AQSh fuqarosi bo‘lish men uchun katta sharaf bo‘lgan bo‘lsa, endi bu yerda xizmat qilish men uchun ulkan sharafdir ”.

1922 yilda Toshkentdagi «FORTUNA» sport majmuasida ilk boks musobaqasi o‘tkazildi. Uni Sidney Jekson uyushtirdi. U Respublika terma jamoasining doimiy murabbiyci sifatida boks bo‘yicha yuzlab sport ustalarini tayyorladi. 1938-1942 yillarda Toshkent pedagogika institutida o‘qidi, so‘ngra shu yerda ingliz tilidan dars berdi.

Keyinchalik uning ko‘plab shogirdlari mashhur bokschilar va murabbiylar bo‘lishdi: Vladimir Agaronov (SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi), Jozef Budman (SSSR chempionatining kumush medal sovrindori),  SSSR chempionlari Boris Granatkin va Yuriy Buxman, O‘zbekiston, SSSR va O‘rta Osiyo chempioni Vladimir Karpov shular jumlasidandir. Bundan tashqari, shogirdlari nafaqat sport sohasida, balki, boshqa jabhalarda ham yuqorilarga ko‘tarilishdi ( to‘rttasi Sovet Ittifoqi Qahramonlari, beshtasi fan doktorlari). Buyuk qahramon, yurtimiz boksining otasi  Sidney Jekson 1966 yil vafot etadi. U Toshkentdagi Botkin qabristoniga dafn qilingan.

O‘zbek boksi tirik ekan, Jekson ham qalblarda mangu qoladi…

Suxrobjon SADRIY

manba: fikrat.uz

Kiritildi: 06:00 29.10.2020. O'qildi: 4700 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!