Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Ta’limda sifat va raqobatni ta’minlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi. O‘tgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard so‘m beriladi.
Ana shu kompyuterlarga elektron ta’lim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil ta’lim olish imkoniyati oshadi. O‘quvchilar murakkab konsepsiyalarni oson o‘zlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda tashkil etiladi.
Shuningdek, maktab tizimida o‘qituvchi o‘z imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini e’lon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratilishi aytildi.